Maqolada jahonning turli ta’lim muassasalarida talabalarning bilimini baholashda qo`llaniladigan interaktiv vositalar tahlil qilingan. Ularning xususiyatlari va imkoniyatlari, qo`llanish tartiblari ko’rib chiqilgan.
Bolon deklaratsiyasi amalda bo`lgan chet el mamlakatlari tajribasi asosida zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanib ta’lim tizimiga yangi usullar kirib kelmoqda. Bu holat nafaqat o`qitishning yangi usullari shakllanishi, balki bilimni baholash jarayonlariga ham ta’sir etmoqda. Ma’lumki, talabalar bilimini nazorat qilish va baholash ta’lim berish jarayonining muhim qismi hisoblanadi. Bunda asosan har bir talabaning individual ko`rsatkichlari aniqlanadi. Ya’ni baholash jarayoni turli talabalarning ko`rsatgan natijalarini taqqoslashni ko`zda tutmaydi. Bilimni baholashning asosiy maqsadlaridan biri ta’lim oluvchining o`zlashtirish ko`rsatkichlariga asoslanib, o`qituvchining ta’lim berish natijalarini tahlil qilgan holda, unga keyingi o`qitish jarayonini qanday tashkil qilish bo`yicha to`g`ri qaror qabul qilishga qaratilgan.
Hozirda baholashni shakllantiruvchi turli interaktiv vositalardan foydalanilmoqda. Shunday vositalardan biri:
Quizalize
Bu talabalar o`rtasida test va viktorinalar o`tkazishga mo`ljallangan ajoyib vosita. Uning yordamida o`qituvchi dars jarayoni yoki uyga vazifani qiziqarli topshiriqlar ko`rinishida tashkil etishi mumkin. O`qituvchi baholash natijalarini tezda ko`rishi va har bir talabaning kuchli va kuchsiz jihatlarini osongina aniqlashi mumkin. Viktorinani yaratish jarayoni juda sodda. Bunda saytdan ro`yxatdan o`tgandan so`ng, “Mening viktorinalarim” bo`limida “Yangi viktorina tuzish” tugmasini bosish bilan amalga oshiriladi. Viktorina savol va javoblarini tegishli maydonlarga to`ldirib bo`lgach, uni guruhga sinov tariqasida taqdim etiladi. Har bir savoldan keyin talabaning belgilagan to`g`ri javobi uchun ballar beriladi va u talabaga ko`rsatiladi. Talabalar uni tahlil qilishi yoki yo`l qo`ygan xatolarini ko`rishlari mumkin.
Kahoot
Kahoot dasturi turli multimedia elementlari – matn, surat va videolardan foydalanib, talabalar o`rtasida onlayn test, debat va so`rovnomalar o`tkazish imkoniyatiga ega. Bunda talabalar istalgan ko`rinishdagi qurilmalardan foydalanishlari mumkin.
Har bir savolga rasm yoki videoni biriktirish hamda bajarish vaqtini belgilash mumkin. Bu o`yin ko`rinishidagi test jarayonini o`tkazishda proyektordan foydalaniladi. O`qituvchi umumiy ekranga savol va javob variantlarini chiqaradi.
Talaba esa kompyuter, planshet yoki o`z mobil telefoni ekranida faqat variantlarni belgilaydi.
Savollarga qanchalik to`g`ri va tez javob berilsa, shuncha ko`p ball beriladi. Bu orqali qaysi talaba mustaqil va qaysi biri yonidagi kursdoshidan ko`chirayotganini aniqlash oson. Test so`ngida umumiy natijalar ekranga chiqariladi. Har bir talabaning u yoki bu savolga bergan javobi doimiy saqlanadi va istalgan vaqtda har bir testing natijalarini Excel jadvali shaklida yuklab olish mumkin. Kahoot’ning yana bir jihati shundaki, undagi tayyor test topshiriqlaridan foydalanib, o`z testlaringiz sonini ko`paytirishingiz mumkin.
Flipquiz
Bu onlayn vosita “Mening o`yinim” («Своя игра») ga o`xshash tartibdagi interaktiv savollar o`yinini tuzishga mo`ljallangan.
Undan ham individual topshiriqlar, ham guruhli o`yinlarni tashkil qilishda foydalanish mumkin.
Socrative
Talabalar bilan qiziqarli o`quv mashg`ulotlari va didaktik o`yinlar tashkil qilishga mo`ljallangan. Bu dastur ham juda sodda va foydalanish qulay. Internet yordamida istalgan qurilmadan kirish imkoniyati mavjud. Savollarni uch xil ko`rinishda tuzish mumkin: bir necha javob variantlarini tanlash, to`g`ri/noto`g`ri variant va qisqa yozma javob kiritish. O`qituvchi savollar va javoblarni kiritadi. Savollarga rasmni biriktirish mumkin. Umumiy natijalarni Excel jadvallari ko`rinishida kompyuterga yuklash mumkin. Socrative’dan foydalanish sharti 2 xil: erkin va pulli. Erkin foydalanishda talabalar soni 50 nafarga cheklangan.
TodaysMeet
Talabalar bilan chatlar tashkil etish uchun qulay vosita. Undan foydalanish juda qulay. Uning yordamida u yoki bu mavzuda talabalar bilan muhokamalar tashkil etish mumkin. Foydalanish uchun dastlab ro`yxatdan o`tgach, virtual auditoriya yaratiladi va vaqt chegarasi belgilanadi. Bu auditoriyaning URL havolasini talabalarga uzatib, debatni boshlash mumkin bo`ladi.
Plickers
Onlayn dastur o`qituvchilarga real vaqt rejimida talabalardan javob olish imkonini beradi. Ularga maxsus QR-kod tushirilgan qog`ozlar tarqatiladi. Bu kodlarning har bir tomoniga javob variantlari harflari yozilgan.
Talabalar ekran yordamida savol bilan tanishtirilgach, ulardan tegishli javob variantni yuqoriga tutib, QR-kodni ko`rsatish talab etiladi.
O`qituvchi Plickers tizimi bilan sinxron ishlaydigan telefon yordamida kodlarni skaner qiladi va talabalardan qay biri to`g`ri javob berishini o`z ekranida kuzatib turadi.
Hozirda bunday tizimlarning amalda qo`llanilishi talabalarni dars mashg`ulotlariga yanada chuqurroq tayyorlanishga undamoqda. Professor-o`qituvchilar ham o`z navbatida, olingan nazorat tahlili natijasida har bir talabaga o`zlashtirishi sust bo`lgan mavzular bo`yicha tushuntirish va individual topshiriqlar berishi yaxshi natijalar bermoqda.
Yuqorida sanab o`tilgan interaktiv dasturlar qatorida yana bir nechta onlayn tizimlar mavjud. Bular: Formative, Quizziz, GoSoapBox, Triventy, Poll Everywhere, The Answer Pad.
Bu tizimlarning qiyosiy jadvalini ko‘rib chiqamiz
Interaktiv uskuna | Turi | Bilimni rivojlantiriash maqsadi | Vazifasi | Platforma | Foydalanish turi | Afzalliklari | Kamchiliklari |
Quizalize | Web sayt | O`zaro muloqot,
Taqdimot o`tkazish, Texnologiyani qo`llash |
Maqsadli praktika,
Baholash |
Telefon, Planshet, ShK | Bepul, qisman pulli | Real vaqtdagi natijalar,
Baholashning qog`ozsiz shakli
|
Internet tarmog`i,
Cheklangan savol turlari |
Kahoot | Web sayt | Kritik qaror qabul qilish,
Axborotni qayta ishlash Xotirani mustahkamlash |
Maqsadli praktika,
Baholash, Baxslar o`tkazish, So`rovnomalar |
Telefon, Planshet, ShK | Bepul | Real vaqtdagi natijalar,
Grafika va videodan foydalanish, Juda sodda interfeys Tayyor testlardan foydalanish |
Internet tarmog`i,
Ayni talabani doimiy kuzatib borish imkoniyati yo`qligi, Savol va javoblar matni chegarasi |
Socrative | Web sayt | Guruhda ishlash,
Mustaqil tahlil, Qaror qabul qilish |
Baholash,
Auditoriyani boshqarish |
Telefon, Planshet, ShK | Bepul | Turli savol turlari,
Qiziqarli viktorinalar yaratish |
Talaba haqida uzoq muddatli tahlil olish uchun o`qituvchi har bir testni qo`lda umumlashtiradi |
TodaysMeet | Web sayt | Hamkorlikda ishlash,
Ijtimoiy tarmoqda ishlash |
Unumdorlik,
Auditoriyani boshqarish |
Telefon, Planshet, ShK | Bepul | Bahslarni o`tkazish,
Ko`pfunksiyali |
Chatda ba’zi belgilarni ishlatish taqiqlangan |
Plickers | Web sayt | Mustaqil tahlil,
Xotirani charxlash, Qaror qabul qilish |
Maqsadli praktika,
Baholash |
Android, iPhone, iPad | Bepul | Mobil texnologiyaga bog`langan kodlangan javob varaqalari talabalarni qiziqishini orttiradi | Savollar faqat ko`pvariantli va ha/yo`q ko`rinishda,
Qog`oz kartochkalarni chop etish, Javoblarni skanerlashda vaqt yo`qotish |
Formative | Web sayt | Mustaqil tahlil | Baholash,
Auditoriyani boshqarish |
Telefon, Planshet, ShK | Bepul | Zamonaviy dizayn,
Sodda va mukammal savollar |
Topshiriqlar faqat individual foydalanish uchun |
GoSoapBox | Web sayt | Zamonaviy texnologiyalarni qo`llash,
To`g`ri savol tuzish |
Taqdimot,
Baholash, Auditoriyani boshqarish |
Telefon, Planshet, ShK | Bepul, qisman pulli | Talabalar bilimini tezkor aniqlash va ularga izoh berish,
Sodda va tushunarli |
Tizimdan foydalanish yo`riqnomasini yanada mazmunliroq tuzish lozim |
Poll Everywhere | Web sayt | Mustaqil tahlil,
Qaror qabul qilish |
Taqdimot,
Baholash |
Telefon, Planshet, ShK | Bepul, qisman pulli | Istalgan platformada ishlaydi,
So`rovnomalar yodamida bahslar o`tkazish |
Hisobotlarni ko`rish va baho qo`yish pulli hisoblanadi |
The Answer Pad | Web sayt | Xulosa qilish,
Kritik fikrlash |
Baholash | Telefon, Planshet, ShK | Bepul, qisman pulli | Joriy va yakuniy baholash | Taqdimot va topshiriqlarga fikr qoldirish imkonsizligi |
O`qituvchining bunday onlayn servislardan foydalanishi berilgan nazariy bilimlarni talabalar tomonidan o`zlashtirilishini va ularning materialni tushunish darajasini qisqa vaqt ichida aniqlashga yordam beradi. Agarda shu kabi texnologiyalarning baholash tizimini tahlil qilib, uni baholashning reyting tizimiga kiritilsa, talabalarning o`quv mashg`ulotlaridagi ishtirokini yanada faollashtiradi. Bunday vositalar yordamida dars mashg`ulotlarini qiziqarli va quvnoq ravishda olib borish hamda talabalarni baholashni interaktiv usulda tashkil qilish mumkin. Shu bilan birga mobil telefon va planshetlar dars jarayoniga to`sqinlik qiluvchi emas, balki yordamchi qurilmalar vazifasini bajaradi.