Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmoyishi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yilning 12 yanvar kuni «Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targʻibot qilish boʻyicha komissiya tuzish toʻgʻrisida» farmoyish berdi.

Bu mavzu prezident tomonidan tasodifan koʻtarilgani yoʻq. Bugungi kunda mamlakatda badiiy, maʼrifiy, ilmiy-ommabop, tarbiyaviy, yoshlarning intellektual salohiyatini oshirishga qaratilgan adabiyotlarni chop etish, ular bilan taʼlim muassasalarini taʼminlash, milliy va jahon adabiyoti namoyandalarining yetuk asarlarini saralash, tarjima qilish ishlari puxta oʻylangan tizim asosida tashkil etilmagan. Chop etiladigan kitoblarni nashriyotlardan hududlarga arzon narxlarda yetkazish, onlayn buyurtma berish va manzilga yetkazish tizimi sust rivojlangan, shuningdek, aholiga xizmat koʻrsatishda elektron kitob shakllaridan keng foydalanish yaxshi yoʻlga qoʻyilmagan.

Ushbu sohadagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, aholining kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish boʻyicha tegishli takliflarni tayyorlash maqsadida:

1. Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targʻibot qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish boʻyicha ishchi guruh va kichik ishchi guruhlar tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Ishchi guruh (A.Aripov)ga bir oy muddatda soha mutaxassislari va ekspertlarini keng jalb qilgan holda, ilgʻor xorijiy tajribalarni inobatga olib, quyidagi masalalarni atroflicha oʻrganish va chuqur tahlil qilish asosida tegishli takliflarni ishlab chiqish topshirilsin: aholi, ayniqsa, yoshlar orasida badiiy jihatdan yuksak, intellektual saviyani oʻstirishga xizmat qiladigan kitoblarga boʻlgan talabni oʻrganish, shu jumladan, ijtimoiy soʻrovlar orqali aniqlash, nashriyotlar tomonidan chiqariladigan badiiy, maʼrifiy, yoshlarning dunyoqarashini kengaytirishga doir adabiyotlarning (shu jumladan, elektron shaklda) umumiy buyurtma roʻyxatini shakllantirish tizimining holati; kitoblarni chop etish hamda aholiga yetkazib berishni oʻz ichiga olgan boshqaruv tizimining, shuningdek, jahon adabiyotining eng sara namunalarini oʻzbek tiliga va oʻzbek adabiyotining eng yaxshi asarlarini chet tillariga tarjima qilish ishlarining tanqidiy tahlili; noshirlar va adiblarni moliyaviy ragʻbatlantirish, bolalar adabiyotiga ixtisoslashgan nashriyotlarga moliyaviy imtiyozlar berish va moddiy qoʻllab-quvvatlash tizimini shakllantirish, matbaa korxonalari va nashriyotlarga kitob ishlab chiqarish uchun sifatli qogʻoz va matbaa xomashyolarini chetdan xarid qilish tartibini takomillashtirish;kitob tarqatish tizimini yanada rivojlantirish va aholining keng qatlamini qamrab olish, kitob mahsulotlarining narxini shakllantirish va sotish boʻyicha aniq mexanizmlarni ishlab chiqish; ixtisoslashgan kitob doʻkonlari uchun viloyat, tuman markazlari va shaharlarda hamda qishloqlarda aholi gavjum va qulay hududlardan joy ajratish yoki ijaraga berish masalalarini qayta koʻrib chiqish, sotuv aylanmasida kitob ulushining hajmi 70 foizdan koʻp boʻlgan tadbirkorlik subʼyektlarini alohida statistik hisobga olish va ularga tegishli soliq imtiyozlari qoʻllash; mavjud axborot-kutubxona muassasalari aholining keng qatlamlariga xizmat koʻrsatishi zarurligidan kelib chiqib, ularning viloyatlar, shaharlar va tumanlar boʻyicha joylashish va boʻysunish tartibini qayta koʻrib chiqish, faoliyati hamda oʻzaro hamkorligini takomillashtirish; axborot-kutubxona muassasalarining, ayniqsa, taʼlim sohasidagi axborot-resurs markazlari fondlarini shakllantirishda oʻquv adabiyotlari bilan bir qatorda badiiy, maʼrifiy, ilmiy-ommabop adabiyotlar roʻyxatini hamda ularni xarid qilish boʻyicha xarajatlar smetasini qayta koʻrib chiqish; chop etilayotgan kitoblarni aholi oʻrtasida ommaviy axborot vositalari, jumladan, «Madaniyat va maʼrifat» telekanali orqali targʻib qilish, taʼlim muassasalari, kutubxonalar, mahallalarda kitob mualliflari bilan ijodiy uchrashuvlarni tizimli ravishda tashkil etish hamda taʼlim muassasalari, ayniqsa, maktabgacha va boshlangʻich taʼlimda oʻqish madaniyati va mutolaa koʻnikmalarini shakllantirish; taʼlim muassasalarida sinfdan tashqari oʻqish uchun tavsiya etilgan oʻzbek va chet el adiblarining mumtoz va zamonaviy asarlarini tanlab, xrestomatiya adabiyotlari roʻyxatlarini qayta koʻrib chiqish va oʻquv jarayoniga mutolaa etilgan asarlar asosida insho yozish tizimini joriy etish, adabiyot toʻgaraklari faoliyatini moddiy qoʻllab-quvvatlash tizimini qayta qoʻrib chiqish; hududlarda yozuvchi-shoirlar ishtirokida kitob bayrami va yarmarkalarini tashkil etish, aholi oʻrtasida badiiy jihatdan yuksak milliy va jahon mumtoz adabiyotlari namunalarini targʻib qilish, kitobxonlar, bosma va elektron kitob ishlab chiqaruvchilar, kitob sotuvchilar hamda kutubxonachi va targʻibotchilar orasida tanlovlar («Yilning eng yaxshi kitobi», «Eng yaxshi kitobxon oila», «Yilning eng yaxshi bolalar kitobi», «Yilning eng yaxshi audio kitobi», «Yilning eng yaxshi elektron kitobi» kabi) oʻtkazish tizimini takomillashtirish.

3. Ishchi guruh (A.Aripov) ikki oy muddatda mutasaddi vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini takomillashtirish, matbuot va axborot hamda axborot-kutubxona faoliyati sohasidagi yagona davlat siyosatini yurituvchi vakolatli davlat organini belgilash, moliyaviy qoʻllab-quvvatlash mexanizmini rivojlantirishni inobatga olgan holda tegishli kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun kiritsin.

4. Mazkur farmoyishning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.