Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyevning yangi kitobi

Bugun prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning sa’y-harakatlari natijasida jamiyatimizning ko’plab sohalarida yana-da ko’proq yuksalishlar, o’zgarishlar bo’lmoqda. Sir emaski, ushbu rivojlanishlarning asosida xalq manfaati, el-u yurt ravnaqi yotadi. Ma’lumki, jamiyatimizning rivojlanish strategiyalarining  amalda keng ko’lamli bajarilishini ta’minlovchi shaxslar – bu rahbarlardir. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning  ilk «Tanqidiy tahlil, qat`iy tartib-intizom va shaxsiy javobgarlik – har bir rahbar faoliyatining kundalik qoidasi bo’lishi kerak» nomidagi kitobi ham  aynan shunday rahbarlar haqidadir.  Kitob «O’zbekiston» nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan nashr etildi.  Bu haqida UzA.uz xabar bermoqda.

Ushbu risola Shavkat Mirziyoyevning prezidentlik faoliyatidagi ilk kitobi bo’lib, unda davlat rahbarining shu yil 14-yanvar kuni bo’lib o’tgan, mamlakatimizning 2016-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yakunlari va 2017-yilga mo’ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo’nalishlariga bag’ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma`ruzasi o’rin olgan.

O’zbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo’yicha 2017-yilga mo’ljallangan ustuvor yo’nalishlar, jahon bozorida raqobat kuchayib borayotgan hozirgi murakkab vaziyatda iqtisodiyotga xorijiy investitsiyalar, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bilan bog’liq muhim vazifalar ma`ruzada batafsil ko’rsatib berilgan. Ayniqsa, «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili» Davlat dasturini amalga oshirish, aholining turmush darajasi va sifatini yaxshilash, jumladan, shahar va qishloqlarimizda arzon va qulay uy-joylar qurish, yo’l-transport, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmalarni, maktabgacha ta`lim muassasalari tarmoqlarini rivojlantirish va modernizatsiya qilish bo’yicha keng ko’lamli vazifalar ham kitobdan alohida o’rin egallagan.