bill

Bill Geytsning kitob mutolaasi uchun 4 qoidasi

Bill Geyts bilimi va tirishqoqligi bilan nafaqat o‘zining, balki insoniyatning ham hayotini yaxshilagan biznesmen, jamoat arbobi. U jahonning eng ko‘p kitob mutolaa qiladigan kishilaridan biri sifatida ham nom qozongan. Janob Geyts har yili o‘rtacha 50 ta kitob o‘qiydi. Ya’ni, har haftada bitta kitob! Bill Geyts uchrashuvlarda ham sayyoramizning eng muvaffaqiyatli kompaniyasini yaratishda unga o‘qish va o‘rganishga bo‘lgan qiziqishi yordam berganini ko‘p takrorlaydi. Uning fikrcha, yaxshi kitob — hayotidagi muhim hodisa. Kitob o‘qishda Bill Geytsning o‘z qoidalari mavjud. Zero, o‘qish bilan uqishning farqi borligini biz ham yaxshi bilamiz. Milliarder yaqinda Quartz nashri bilan suhbatda o‘zining kitob o‘qishda e’tibor qiladigan odatlarini ma’lum qildi. Quyida ularni bayon qilamiz.

1. Kitob hoshiyasiga qaydlar qoldirish.
«O‘qish insondan diqqatni jamlashni talab qiladi. Ayniqsa, ilmiy yoki badiiy bo‘lmagan kitoblarni o‘qish jarayonida sen yangi bilim olasan. Ularni o‘zingdagi qarashlar bilan chog‘ishtirish uchun qayd yozish foydali odat. Qolaversa, yaxshi kitob o‘z sir-asrorini bir o‘qishda fosh qilmaydi. Uni takror o‘qiganing sayin tushunib borasan. Qayd yozish odati keyinchalik ham kitobni varaqlaganingda sahifalardan o‘zing uchun muhim fikrlarni tez va oson topishga yordam beradi. Shuningdek, bu odat o‘quvchida tanqidiy fikrlash qobiliyatini ham rivojlantiradi».

2. Boshlagan kitobingni tashlab qo‘yma.
Bill Geyts oxiriga qadar o‘qishga ko‘zi yetmagan kitobni qo‘liga olishdan qochadi. Buning yaxshi tomoni bor — kitobni esga tushganida o‘qish vaqtni behuda sarflashdan farq qilmaydi.
«Ma’nan va ilmiy jihatdan yetuk kitoblarni tanlab o‘qing. Aks holda, bir dasta qog‘oz hayotingizni zaharlashi yoki o‘g‘irlashi mumkin», deydi u.
Milliarderning fikricha. ming yil avval yozilgan kitob uni o‘qimagan odam uchun hali yangi hisoblanadi.

3. Bosma yoki raqamli? Qaysi qulay bo‘lsa, shuni o‘qing. 

«Hozircha bosma kitoblar mutolaasi men uchun qulay. Biroq, sekin-asta gadjetlarda ham kitob o‘qishni odat qilmoqchiman», deydi Bill Geyts. Agar sizga mobil qurilmalarda kitob o‘qish qulay bo‘lsa, bu — sizning tanlovingiz. Muhimi — eski po‘stin kiysangiz ham, yangi kitob o‘qishga odatlaning.

4. Bir soatni mutolaa uchun ajrating.
Bill Geyts kitob o‘qishni dam olishning eng soz yo‘li, deb biladi. Uning maslahatiga ko‘ra, kitobni qo‘lga olishdan avval siz kamida keyingi bir soatni faqat shu ishga bag‘ishlashga qat’iy qaror qilishingiz kerak.
«Kitob o‘qish 5 yoki 10 daqiqalik ish emas. Ehtimol, gazeta yoki jurnal o‘qish uchun bu yetarlidir».
Janob Geyts kitob o‘qishdan huzurlanish kerakligini aytadi. Bu esa kitobga kirishib ketishni talab qiladi. Milliarderning fikricha, yaxshi kitob o‘qib lazzatlanmagan insonni sog‘lom deyish xato.

FOYDALI:  Nima uchun kunimizning 7-8 daqiqasini samarali otkazishni organishimiz kerak?

Manba: http://www.rdasia.com/true-stories-lifestyle/thought-provoking/four-rules-reading-according-bill-gates

TAYYORLADI: Abduqahhorova Muazzam

Fikr qoldirish

Email manzilingiz sir tutiladi. * Barcha maydonlarni to‘ldiring.