https://www.google.com/url?sa=i&source=images&cd=&cad=rja&uact=8&ved=0ahUKEwi886nUurThAhVCcZoKHbGGC8wQMwg-KAEwAQ&url=https%3A%2F%2Fwww.asymptotejournal.com%2Fblog%2F2018%2F07%2F12%2Fin-conversation-hamid-ismailov%2F&psig=AOvVaw0AQ1pRTf-HXcv9_07iJLS6&ust=1554399271247078&ictx=3&uact=3

Abdulla Qodiriy haqidagi roman muallifi nufuzli adabiy mukofotini qo‘lga kiritdi

O‘zbek yozuvchisi Hamid Ismoilning “Jinlar bazmi” romani (tarjimon Donald Reyfild) 2019-yilgi Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot Banki adabiy mukofoti g‘olibi bo‘ldi.
Oʻzbek romanchiligi asoschisi Abdulla Qodiriy hayoti va uning asarlarida tasvirlagan xonlar davri qalamga olingan roman oʻzbek tilidan ingliz tiliga oʻgirilgan birinchi yirik asardir. Londondagi Mustaqil hakamlar hayʼati Hamid Ismoilning “Jinlar bazmi” romanini “o‘zbek taxtlar o‘yini” deb taʼrifladi.
Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot Bankining 20 ming funt sterling miqdoridagi pul mukofoti (26 ming AQSH dollari) roman muallifi va tarjimon oʻrtasida boʻlinadi. Xalqaro mukofot 7 mart kuni YETTBning Londondagi qarorgohida oʻtgan tantanali marosimda topshirildi.

2017-yilda Britaniya Kengashi bilan birgalikda taʼsis etilgan mukofot Yevropa banki faoliyat olib boradigan Marokashdan Moʻgʻilistongacha va Estoniyadan Misrga qadar boʻlgan boʻlgan ulkan va boy mintaqaning adabiy anʼanalari hamda mualliflarini qamrab oladi. Mukofot ushbu joʻgʻrofiya adabiyotini ingliz tilida soʻzlashuvchi kitobxonlar ommasiga tanishtirish maqsadini ham koʻzlaydi.
“Jinlar bazmi” atoqli oʻzbek adibi, Stalin qatagʻonlari qurboni Abdulla Qodiriy va uning yozilmagan asari haqida hikoya qiladi. Unda Qodiriyning qismatdoshlari — Choʻlpon, Fitrat, Usmon Nosir hamda boshqa oʻzbek munavvarlarining obrazlari ham bor.

FOYDALI: Nig‘matilla Yo‘ldoshev tavsiya qilgan 10 kitob

Yozuvchi asarda shuningdek, 19-asr Markaziy Osiyosi, xususan, Qoʻqon xonligida kechgan ziddiyatli voqealar, gʻarbda “Katta oʻyin” nomi bilan bilingan mustamlakachilik urushlaridagi raqobatga doir alohida sahna va epizodlarni qalamga oladi. Muallifning oʻzi asarni “yozilmagan roman haqidagi roman” deb ataydi.
Ilk bor 2016 -yilda Oʻzbekistonda “Jinlar bazmi yohud katta oʻyin” nomi bilan chop etilgan (“Akademnashr”) romanni ingliz tiliga Donald Reyfild oʻgirgan, undagi sheʼrlar tarjimasi Jon Farndon qalamiga mansub. Kitob Londondagi Tilted Axis Press nashriyoti tomonidan chop etilgan. Ingliz munaqqidlardan biri “Jinlar bazmi”ni “Oʻzbek madaniyati ensiklopediyasi” deb taʼrifladi. Kitobni Ziyouz kutubxonasidan olib, oʻqish mumkin.
“Jinlar bazmi” Abdulhamid Ismoilning ingliz tilida chop etilgan oltinchi romani boʻlgan.
Muallifning rus tilida yozilgan ilk yirik nasriy asari “Temir yoʻl” romani 2006 yilda ingliz tiliga oʻgirilgandi (tarjimon Robert Chandler). Abdulhamid Ismoil oʻzbek, rus, ingliz, fransuz va nemis tillaridagi oʻnlab sheʼriy va nasriy kitoblar muallifi. U asarlari xorijiy tillarga eng koʻp oʻgirilgan oʻzbek yozuvchisi boʻlishiga qaramay, Oʻzbekistondagi oʻquvchilar ommasiga unchalik yaxshi tanish emas.
Hamid Ismoil 1992-yilda professional faoliyati tufayli Oʻzbekistonni tark etishga majbur boʻlgan va shundan buyon Londonda yashab, ijod qiladi. U 2010-2014-yillarda Londondagi BBC Jahon Xizmatining faxriy yozuvchisi (Writer in Residence) boʻlgan.

FOYDALI: Endilikda banklar nafaqat kredit, balki kitoblar ulashmoqda

Manba: ziyouz.uz

Fikr qoldirish

Email manzilingiz sir tutiladi. * Barcha maydonlarni to‘ldiring.