289113

Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romani ingliz tilida nashr etildi

Karimov Fondi tomonidan monumental loyiha – atoqli oʻzbek adibi Abdulla Qodiriy qalamiga mansub “Oʻtkan kunlar” romanining ingliz tiliga tarjimasi nashr etilganligi ma’lum qilindi.

Manbada oʻzbek milliy romanchiligi maktabining ilk namunasi sanalgan ushbu asar Karimov Fondi koʻmagida tarjima qilindi hamda Fransiyadagi nomdor Nouveau Monde Editions nashriyotida chop etilganligi aytilmoqda.

Ma’lumotlarga ko’ra, roman tarjimasi 30dan ziyod badiiy asarlarni tarjima qilgan britaniyalik adabiyotshunos Kerol Yermakova tomonidan amalga oshirilgan hamda tarjima tahririni Juli Uikenden bajargan.

Ushbu nashr badiiy bezak suratlari taniqli oʻzbek rassomi Bobur Ismoilov tomonidan ishlandi. Abdulla Qodiriyning ijodiy merosi haqida, afsuski, horijiy kitobxonlar yetarlicha xabar topmagan. Shu nuqtai nazardan, Karimov Fondi “Oʻtkan kunlar” romanini ingliz tiliga tarjima qilib chop etishga ahd qildi hamda oʻzbekistonlik yoshlarga mos ravishda asarning sovgʻabop nashrini lotin alifbosida ham nashr etdi.

Ma’lumot o’rnida aytish kerakki, Abdulla Qodiriy 1894-yilda Toshkentda tavallud topib, qisqa boʻlsa-da, yorqin hayot kechirdi. Uning “Oʻtkan kunlar” nomli ilk romani haqli ravishda XX asr oʻzbek adabiyoti durdonasi deya eʼtirof etiladi hamda oʻzbek kitobxonlari bir necha avlodlarining sevimli asarlaridan boʻlib kelmoqda.

Atoqli yozuvchi, oʻzbek maʼrifatparvarlarining yorqin vakili boʻlmish Qodiriy Sovet Ittifoqi qatagʻonlarining qurboni boʻlib, 1938 yilda qatl etilgan. Muallif oʻlimidan soʻng roman uzoq yillar davomida taqiq ostiga olindi. Uyida “Oʻtkan kunlar” asari topilgan insonlar soʻrovga olinib qamalganligi haqida dalillar mavjud. Oʻlimidan 20 yil oʻtib, Abdulla Qodiriy oqlanib, uning asarlari qayta nashr etila boshlandi.

Toshkentdagi Shahidlar xotirasi majmuasi va muzeyida Abdulla Qodiriy hayoti va ijodiga bagʻishlangan koʻplab maʼlumotlar toʻplangan.
“Oʻtkan kunlar” romanining ingliz tilida chop etilishi jahon kitobxonlarini oʻzbek xalqining boy badiiy madaniyati hamda uning yorqin namoyandalari bilan tanishtirishda muhim qadam boʻladi, deya umid qilamiz.

FOYDALI: Kreativ inson bo’lishni xohlaydigan, lekin boshlashdan qo’rqadiganlar uchun 5 ta kitob!

Fikr qoldirish

Email manzilingiz sir tutiladi. * Barcha maydonlarni to‘ldiring.