10-Reasons-Why-People-Who-Read-A-Lot-Are-More-Likely-To-Be-Successful

Eng ko‘p sotilayotgan kitob – bu eng yaxshi kitob deganimi?

“Nima o‘qiyotganiga qarab insonning kim ekani haqida ba’zi bir xulosalarni chiqarish mumkin”, degan gapni eshitganman. Shuning uchun bo‘lsa kerak, ba’zan ko‘chadami, ulovdami kimdir kitob o‘qib ketayotganini ko‘rsam, darrov uning qanday kitob o‘qiyotgani bilan qiziqaman.

Bashang kiyingan, bama’niga o‘xshab ko‘ringan odamlarning ko‘pchiligi faqat shunchaki oldi-qochdi kitoblarni berilib o‘qiyotganini ko‘rganda, to‘g‘risi, ba’zan ularga tushunolmayman. Bunday kitoblar pul ketkazib sotib olishga, ko‘z nurini, vaqtni, umrni sarflab o‘qib chiqishga arzirmikan, degan savol xayolimda aylanaveradi.

Kitob do‘konlariga kirganimda bugun qaysi kitoblar eng ko‘p xarid qilinayotganiga qiziqaman. Odamlar nimalarni talashib-tortishib o‘qiyapti ekan, deyman. Ular o‘qiyotgan kitoblardan men ortda qolib ketmadimmikan, deb xavotirga ham tushaman. Qaysi kitobning xaridori ko‘pligini ba’zan sotuvchilardan so‘rab-surishtiraman. Ayrim mualliflarga kitob do‘konlarida butun boshli rasta ajratilganini ko‘rganimda bular juda zo‘r kitob bo‘lsa kerak, degan o‘yga boraman.

Bugun yangi-yangi kitoblar nashr etilayotgani, ularga kitobxonlar talabi ortib borayotgani, kitob tanlashda har kim o‘z ixtiyoriga ega ekani juda xursand bo‘larli holat, albatta. Endi, nazarimda, bugun ko‘plab nusxalarda qayta-qayta chop etilayotgan va kitobxonlar qo‘lidan qo‘ymay o‘qiyotgan ba’zi bir kitoblarga soha mutaxassislari, olimu noshirlarning munosabatiga ham ehtiyoj borday tuyiladi.

Balki sizning ham ko‘zingiz tushgandir, bugun hamma kitob do‘konlarida amerikalik pedagog Deyl Karnegining kitoblari alohida rasta qilib terib qo‘yilgan. Sotuvchilarning aytishicha, bu kitoblarga talab juda katta emish.

Men ham shu kitoblardan ayrimlarini sotib olib o‘qib chiqdim. “Do‘st orttirish va odamlarga ta’sir ko‘rsatish” “Mansab pillapoyalaridan qanday ko‘tarilish mumkin?”, “Bezovtalikdan xalos bo‘lish va yangi hayot boshlash sirlari”, “O‘z-o‘zidan ishonch hosil qilish va omma oldida so‘zlash san’ati”, “Odamlarga yoqishning olti usuli” kabi kitoblarni o‘qib, to‘g‘risi, o‘zim uchun alohida bir yangi dunyo kashf etolganim yo‘q. Bularning bari o‘zimizning allomalarimiz aytgan sara-sara bilimlarning bir uvog‘idek bo‘lib ko‘rindi. Biz asrlar davomida turli fan sohalari bo‘yicha butun dunyoga dars berib kelgan alloma zotlarning zurriyotlarimiz. Nahot, yangi asrga kelib, ota-bobolarimizning ta’lim-tarbiya, ma’naviyat va axloq haqidagi mustahkam qarashlari bizga foyda bermay qo‘ydi? Nahot, ularning pand-nasihat va o‘gitlari bizga o‘z-o‘zimizni idora etish, do‘st tanlash, boshqalar bilan muomala qilishni o‘rgata olmay qoldi? Bugun hatto xitoy, nemis, ingliz yo yaponlar bizning ajdodlarimiz merosini o‘qish uchun tilimizni o‘rganayotgan bir pallada, bu masalaga bizning munosabatimiz qanday? Qachondan beri bizga yetti yot begona bir “ma’naviyat” ming yillardan beri targ‘ib qilib kelinayotgan urf-odat, qadriyat va an’analarimizga zid ravishda pichoqni o‘ng qo‘lda, sanchqini chap qo‘lda ushlab, chap qo‘l bilan ovqatlanishdan ta’lim beradigan bo‘ldi?

Menimcha, bu kabi masalalarda olimlar, soha vakillari, mutaxassislar oddiy o‘quvchiga to‘g‘ri yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib, har bir kitobning asl qiymatini ko‘rsatib berishi zarur.

FOYDALI: Jonli kutubxonaning vazifasi nima, unda kimlar faoliyat ko`rsatadi?

MUALLIF: Abdusattor Zufarov

Fikr qoldirish

Email manzilingiz sir tutiladi. * Barcha maydonlarni to‘ldiring.