silhouette-1632912_1280-1280x640

Jonli kutubxonaning vazifasi nima, unda kimlar faoliyat ko‘rsatadi?

Mutolaa insonga ma`naviy ozuqa beruvchi nafas olish kabi zaruriy ehtiyojlardan biri sanaladi. Kitoblar go`yoki kemalardek bizni turli manzillar tomon eltadi. Kitoblarni o`qish davomida qahramonlar, kitobda bo`layotgan hodisalar birma-bir ko`z oldimizda gavdalanadi. Hech o`ylab ko`rganmisiz, agar kitoblar ham jonli bo`lib, o`z hikoyalarini o`zlari so`zlab berishsa qanday bo`ladi?

“Jonli kutubxona” (ing. human library) aynan shunday imkoniyatni beruvchi noodatiy kutubxonalardan biri hisoblanadi.  Bu kutubxonalarning boshqalaridan yagona farqi shundaki, unda siz kitoblar o`rniga jonli insonlarni tanlaysiz, mutolaa esa tanlangan insonlarni tinglash hamda ularning hikoyalari bo`yicha turli savol-javoblar o`tkazishdan iborat bo`ladi. “Jonli kutubxona” ni tashkil etish fikri  2000-yil Daniyaning Kopengagen shahrida Ronni Abbergel va uning jamoasi tomonidan 4 kun davomida yoshlar o`rtasida zo`ravonlikni kamaytirish maqsadida o`tkazilgan festivaldan so`ng paydo bo`ladi. Ijobiy natijalarga boy ushbu festival birozdan so`ng “Jonli kutubxona” uyushmasini tashkil etishga turtki bo`ldi. Dastlab Daniyada muvaffaqiyatga erishgan bu turdagi kutubxonalar tashabbuskorlar va Yevropa kengashi kabi jamoat kutubxonalari institutlari tomonidan qo`llab quvvatlanishi natijasida dunyo bo`ylab keng miqyosda tarqalmoqda. Bugungi kunda 70 dan ortiq davlatlarda “Jonli kutubxona” kutubxonalari tashkil etilgan bo`lib, bu harakatlar butun dunyoning  ijtimoiy hayotiga sezilarli darajada ta`sir etmoqda. Dastlab o`quv dargohlari, san`at ko`rgazmalari hamda yoshlar kongresslarida inson huquqlariga bag`ishlangan festival sifatida tashkil etilgan bu tadbir, keyinchalik alohida kutubxona sifatida faoliyat qilishni boshladi. 2006-yilda esa , Avstraliyaning Lismore shahrida birinchi doimiy faoliyat ko`rsatish uchun jonli kutubxona binosi qurib foydalanishga topshirilgan.

“Jonli kutubxona” kutubxonalarda tadbirlar ikki turdagi guruhlar o`rtasida o`tkaziladi: birinchi guruh ko`proq kitobxonlardan tashkil topgan bo`lib, unda 100 dan ortiq kitobxonlar 3-4 kun davomida 20-30 ta kitobni o`qish imkoniyatiga ega bo`lishadi, ikkinchi guruh esa nisbatan kichikroq ya`ni, 40 ta o`quvchi va 10 ta kitobdan iborat bo`ladi. “Jonli kutubxona” kutubxonalarida kutubxonachilar ko`ngilli ravishda ishlab, ularning asosiy vazifasi jonli kitoblarni kitobxonlarning qiziqishlari ko`ra tanlashga ko`maklashish, ularga yo`l-yo`riq ko`rsatish, yangi kitobxonlarga bu kutubxona haqida ma`lumotlar berishdan iboratdir. Kitob bo`lib xizmat qiluvchi insonlar ham ko`ngilli sifatida o`z hayot tajribalari bilan o`rtoqlashadi, kitobxonlarning savollariga ochiq-oydin javob berishadi. Kutubxonada quyidagi turdagi jonli kitoblar mavjud: autizm kasaliga uchragan, turar joyi yo`q, ko`r-soqov va og`ir vaznga ega va shu kabi kamchiliklar hamda nuqsonlarga ega insonlar bo`lib, ular o`zlari uchun mos bo`lgan nom tanlashadi. Kutubxonaga tashrif buyurganingizda sizga aynan shu nomlar va ularning so`zlaydigan hikoyalari haqida qisqacha 3-4 ta jumladan iborat sharh beradilar. Ushbu sharh yoki nomlar orqali siz ulardan birini ma`lum bir vaqtga olib turishingiz mumkin bo`ladi. Bu kabi kutubxonalarni tashkil etishdan asosiy maqsad tobora insonlar o`rtasida kamayib borayotgan jonli muloqatlarni oshirish, jamiyatda bag`rikenglik va ijtimoiy bardamlikni ta`minlashga ko`maklashishdan iboratdir.

1-rasm

Yaqinda o`tkazilgan tadqiqot natijalari oliy o`quv yurtlari talabalari uchun ushbu kutubxonalarning yaratilishi ijobiy ta`sir o`tkazib, ulardagi notog`ri tushunchalarning kamayishi, o`qish, real aloqalarni rivojlantirish, insonlarga ko`maklashish kabi insoniy fazilatlarni ortib borayotganini ko`rsatdi.

Xulosa o`rnida aytish joizki, bugungi kunda zamonaviy texnologiyalar rivoji hayotimizni tubdan o`zgartirdi, telefon, kompyuter va ijtimoiy tarmoqlarning paydo bo`lishi insonlarni real hayotdan virtual olam tomon yetaklab borayotgani ayni haqiqat. Buning natijasida insonlar o`rtasida yuzma-yuz muloqat keskin kamayib, o`zimiz yaratgan aqqli gajetlar go`yoki bizlarni boshqaruvchi kuchga aylandi. Insonlar endi bilimlarni kitobdan emas balki turli qidiruv tizmlari yoki boshqa internet saytlaridan izlashmoqda. Bu esa, kitob o`qish madaniyatiga ta`sir etibgina qolmay, kitoblarga bo`lgan talabni kamayishiga olib keldi. Kitob mutolaasiga talab qanchalik pasaygani sari, kutubxonalardan kitobxonlarni jalb etishni yanada yangi yo`llarini topishni taqazo etadi. “Jonli kutubxona” lar yuqorida keltirilgan muammolarga yechim bo`lsa ajab emas.

FOYDALI: Xo‘sh, so‘z boyligingizni oshirishga tayyormisiz!

TAYYORLADI: Abduqahhorova Muazzam

 

 

 

 

Fikr qoldirish

Email manzilingiz sir tutiladi. * Barcha maydonlarni to‘ldiring.