kolding kutubxonasi (21)

Kolding kutubxonasi

Kolding kutubxonasining binosi tashqaridan qaraganda unchalik o’ziga jalb qiladigan bo’lmasligi mumkin, ammo ichkarisiga kirsangiz, kutubxonadan samarali foydalanish uchun naqadar dono o’ylanganining guvohi bo’lasiz. Sokin oq rangli devor va oynalar, shuningdek, katta derazalar, shinam mebel, vazifalarni bajarish uchun qulay bo’lgan kompyuterli stollar, konferensiyalar zali, ichida ko’p kitoblari va o’yinchoqlari bo’lgan bolalar zonasi foydalanuvchilar uchun yaratilgan. Bu yerda kitoblar bilan liq to’lgan stellajlarni ko’rmaysiz. Bu yerda hamma narsa foydalanuvchilar kutubxonada o’zlarini erkin his qilishlari, masalan, xuddi istirohat bog’idagidek his qilishlari uchun sharoitlar yaratilgan. Albatta, yoshlar bilan ishlashga alohida e’tibor berilgan.

Kutubxona koordinatalari:
Manzil: Slotssøvejen, 4, 6000, Kolding, Daniya
Telefon: +45 7979-1100
Sayt: http://www.koldingbib.dk
E-mail: bibliotek@kolding.dk

Yaqinda Kolding kutubxonasi binosida o’zgarishlar bo’ldi. Kutubxona xodimlari turli yo’nalishlarda ishlaydigan ikki guruhga ajratildi. Birinchi guruh ta’limiy loyihalar bilan, ikkinchi guruh esa ko’ngilochar loyihalar bilan shug’ullanadi. Yesper Albertsen ismli kutubxona xodimi ikkinchi yo’nalishda ishlaydi va u yoshlar loyihalari bilan shug’ullanadi.

– Aslini olganda yoshlar bilan ishlash degan aniq loyihalarimiz yo’q. Hozirgi qilayotgan ishimiz bu mendan chiqqan tashabbus bo’lib, hamkasblarim meni qo’llab-quvvatlashdi. Men yoshlar bilan suhbatlashishni yaxshi ko’raman, ularning nimalarga qiziqishi, bizning kutubxonamizda nimalarni ko’rishni istashadi, mana shular menga qiziq. Ularga birgalikni ishlashni va loyihalarni amalhga oshirishni taklif qilaman. Shundan bizning yoshlar bilan ishlash loyihamizning asl maqsadi kelib chiqadi, bizlar yoshlar uchun emas, ular bilan birgalikda ishlaymiz – deydi Yesper janoblari.

Shunday qilib, yarim yil avval bir guruh yoshlar taklifi bilan kutubxona bazasida yosh ijodkorlar tomonidan yaratilgan musiqiy yozuvlari bor disklar, she’r va hikoyalar to’plamlari, kartinalar, komikslar va hokazolarning jamlanmasi shakllantirildi. Bu degani istalgan yosh o’zi yaratgan ijod namunasini olib kelishi va bazaga qo’shishi mumkin, bu esa ularning ijod namunalaridan boshqalar ham xabardor bo’ladi va shaxsiy maqsadlarda foydalanish imkoniga ega bo’ladi deganidir. Bu jamlanmaning nomini “Demokutubxona” deb nomlashgan. Hozir Yesler loyihani rivojlantirish ustida ishlamoqda va maktab, universitetlar va boshqa o’quv muassasalarida targ’ibot ishlari bilan shug’ullanyapti. Talabalar va o’quvchilar o’zlarining ishlari bilan qatnashishi mumkinligini aytib kelmoqda. Ijod namunalariga maxsus talab yo’q, shunchaki ular yaxshi holatda bo’lishi lozim va ko’rinishi ham yaxshi bo’lishi kerak.

Yesper shu bilan to’xtab qolmadi va yoshlar uchun kutubxonada alohida maydoncha tashkil qilishga erishdi. Ularga kutubxona yerto’lasidan kattagina va shinam joy ajratildi. Hozir bu yerda stolda o’ynaladigan futbol, rassomlar uchun maxsus stol, kiyim dizaynerlari uchun stol, proyektor, divanlar va hokazolar bor.

– Avgust oyida biz yoshlar bilan bu yerto’lani ta’mirlamoqchimiz va maydonchani bezatish ishlarini yoshlarning o’ziga qo’yib bermoqchimiz, ular o’zlari istagan dizaynda va rangda ta’mirlashlari mumming. Natijada kelajakda ko’rgazmalar tashkil etsa bo’ladigan ko’p funksiyali xona hosil bo’lishi kerak. Bundan ko’zlangan asosiy maqsad bu joyda yoshlar tengdoshlari orasida  – ota-onalaridan alohida bo’lishadi, hamda o’zlari istagan, o’zlari qiziqqan ish bilan shug’ullanadilar.

Yesperning keyingi g’oyasi birinchisidan kelib chiqadi. U turli yoshlar tashkilotlari va guruhlarini birlashtirishni istaydi, Ularning o’zaro hamkorlikda ishlab, qandaydir yangiliklar yaratishlarini xohlaydi. Masalan, uning zo’r video oladigan yosh tanishlari bor, ulardan boshqa parkurchilar(narsalar ustidan oshib, sakrab yuradigan sport bilan shug’ullanuvchilar) guruhi ham bor. O’zaro hamkorlikda ishlab, o’sha sportchilar guruhi haqida film olishga nima yetsin?

– Yoshlar bir-birlariga o’zlari haqlarida, nimalar bilan shug’ullanishadi, buni qanday qilib amalga oshirishadi va nega bu ish qiziqarliligini aytib berishsa deyman. Shunda biz bir-birimizni yaxshiroq bilib olamiz, kimdir esa aynan shu sohaga qiziqib, ehtimol muvaffaqiyatga erishar, – deydi Yesper.

Ammo yoshlar bilan hamkorlikda ishlashning o’ziga xos manfiy tomonlari ham bor. Yaqinda kutubxonada mo’jazgina musiqa studiyasi ochildi. Bu yerga yoshlar kelishi mumkin va qo’shiq yozib, uni diskka ko’chirishi ham mumkin, bularning hammasi bepul taqdim etiladi. Shuningdek, o’sha studiyada ishlaydigan xodim, yaratilgan shedevrni qayta ishlab berishi ham mumkin.

– Lekin yaqinda biz noxush vaziyatga duch keldik. Studiyani yangi ochgan paytimiz eng faol yoshlarni taklif qildik, ularga qanday zamonaviy va qimmat uskunalar sotib olganimizni aytdik. Bir necha kundan keyin texnikaning bir qismi  o’g’irlanganini ko’rdik. Bu juda qayg’uli. Men ularga bu ishlarning hammasi ular uchun, ularning ishini osonlashtirish uchunligini harchand tushuntirmay, hali buni to’liq anglab yetishmayapti. Endi biz studiyani qulflab qo’ydik, biroq uni yaqinda ochmoqchimiz, chunki qimmat texnikani qanday qilib himoyalashni bilib oldik.

Kolding kutubxonasi ijtimoiy tarmoqlarda ham faol ishlaydi. Kutubxonaning hamma joyida #bibkolding heshtegli rasmlar yopishtirilgan. Yoshlar tarmoqda rasm yoki tvit (twitter.com dagi yozuv) joylashganda shu heshtegni ham yozishlari uchun shunday qilingan.

Matn va foto: rgub.ru

Tarjima: Dilnoza

Fikr qoldirish

Email manzilingiz sir tutiladi. * Barcha maydonlarni to‘ldiring.