O‘zbekiston Respublikasining Qonuni

AXBOROT-KUTUBXONA FAOLIYATI TO‘G‘RISIDA

2011 yil 13 aprel, O‘RQ-280-son

1-bob. Umumiy qoidalar

1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi

Ushbu Qonunning maqsadi axborot-kutubxona faoliyati sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

2-modda. Axborot-kutubxona faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlari

Axborot-kutubxona faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.

Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining axborot-kutubxona faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.

3-modda. Asosiy tushunchalar

Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:

axborot-kutubxona resursi — moddiy ob’ektda matn, ovozli yozuv yoki tasvir tarzida qayd etilgan hamda identifikatsiyalash, saqlash va foydalanishni ta’minlash uchun rekvizitlarga ega bo‘lgan axborot;

axborot-kutubxona faoliyati — axborot-kutubxona muassasalarining axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida axborot-kutubxona fondlarini shakllantirish va axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatishni tashkil etish bo‘yicha faoliyati;

axborot-kutubxona fondi — tizimlashtirilgan axborot-kutubxona resurslarining majmui;

axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatish — foydalanuvchilarning axborot-kutubxona resurslaridan foydalanishini ta’minlash;

yig‘ma elektron katalog — axborot-kutubxona muassasalarining elektron kataloglari majmui;

foydalanuvchi — axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatilishi uchun axborot-kutubxona muassasasida ro‘yxatga olingan shaxs;

elektron katalog — tizimlashtirilgan axborot-kutubxona resurslari ro‘yxatining elektron shakli;

elektron kutubxona — axborot-kutubxona fondining elektron shakli.

4-modda. Axborot-kutubxona faoliyatining asosiy vazifalari

Axborot-kutubxona faoliyatining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

foydalanuvchilarning axborot-kutubxona resurslaridan foydalanishini ta’minlash;

foydalanuvchilarning intellektual, ma’naviy-axloqiy, madaniy va ta’lim olish ehtiyojlarini qanoatlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish;

milliy madaniyatni tiklashga va yanada rivojlantirishga ko‘maklashish, madaniy meros ob’ektlarini saqlash;

axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida axborot-kutubxona resurslaridan o‘zaro foydalanishni ta’minlash.

2-bob. Axborot-kutubxona faoliyati sohasining davlat tomonidan tartibga solinishi

5-modda. Axborot-kutubxona faoliyati sohasidagi davlat boshqaruvi

Axborot-kutubxona faoliyati sohasidagi davlat boshqaruvi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va u axborot-kutubxona faoliyati sohasida maxsus vakolat bergan davlat organi (bundan buyon matnda maxsus vakolatli davlat organi deb yuritiladi) tomonidan amalga oshiriladi.

6-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining axborot-kutubxona faoliyati sohasidagi vakolatlari

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

axborot-kutubxona faoliyati sohasidagi davlat siyosatining amalga oshirilishini ta’minlaydi;

axborot-kutubxona faoliyati sohasidagi davlat dasturlarini tasdiqlaydi;

axborot-kutubxona faoliyati sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qiladi;

axborot-kutubxona muassasalarini tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish tartibini belgilaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

7-modda. Maxsus vakolatli davlat organi

Maxsus vakolatli davlat organi:

axborot-kutubxona faoliyati sohasidagi davlat siyosatining amalga oshirilishida ishtirok etadi;

axborot-kutubxona faoliyati sohasidagi davlat dasturlarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi;

axborot-kutubxona muassasalari faoliyatini muvofiqlashtiradi;

axborot-kutubxona faoliyati sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar va normativ hujjatlarni ishlab chiqadi hamda qabul qiladi;

axborot-kutubxona resurslarini noyob va alohida qimmatli axborot-kutubxona resurslari sirasiga kiritish tartibini, shuningdek ularni saqlash va ulardan foydalanish tartibini belgilaydi;

axborot-kutubxona faoliyati sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etadi;

axborot-kutubxona muassasalarining hisobini yuritadi;

yig‘ma elektron katalogni shakllantirish va yuritish tartibini tasdiqlaydi.

Maxsus vakolatli davlat organi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

8-modda. Axborot-kutubxona muassasalarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash

Axborot-kutubxona muassasalarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash:

ularning moliyaviy va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash;

axborot-kutubxona faoliyatini rivojlantirishga investitsiyalar jalb etish;

axborot-kutubxona faoliyatini amalga oshirishda soliq imtiyozlari va boshqa imtiyozlarni belgilash orqali amalga oshiriladi.

3-bob. Axborot-kutubxona tizimi

9-modda. Axborot-kutubxona tizimi hamda axborot-kutubxona muassasalarining turlari

Axborot-kutubxona tizimi yagona tashkiliy va uslubiy ta’minot asosida faoliyat ko‘rsatuvchi axborot-kutubxona muassasalari majmuidir.

Axborot-kutubxona muassasasi mustaqil muassasa bo‘lishi yoxud korxona, muassasa yoki tashkilotning tarkibiy bo‘linmasi bo‘lishi mumkin.

Axborot-kutubxona muassasalariga quyidagilar kiradi:

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi;

axborot-kutubxona markazlari;

axborot-resurs markazlari;

davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining kutubxonalari;

boshqa kutubxonalar (fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlarining, tijorat tashkilotlarining kutubxonalari).

Axborot-kutubxona muassasalari axborot-kutubxona fondlarining mazmuni va belgilangan maqsadiga ko‘ra universal hamda maxsus axborot-kutubxona muassasalariga bo‘linadi.

Universal axborot-kutubxona muassasalari axborot-kutubxona fondlarini bilimning turli sohalari bo‘yicha shakllantiradi va turli toifadagi foydalanuvchilarning axborotga bo‘lgan ehtiyojlarini qanoatlantiradi.

Maxsus axborot-kutubxona muassasalari axborot-kutubxona fondlarini bilimning bir yoki bir necha turdosh sohalari bo‘yicha shakllantiradi va ayrim toifadagi foydalanuvchilarning axborotga bo‘lgan ehtiyojlarini qanoatlantiradi.

10-modda. O‘zbekiston Milliy kutubxonasi

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi milliy va jahon madaniyatini, fani va ta’limini rivojlantirish manfaatlarini ko‘zlagan holda O‘zbekiston Respublikasida axborot-kutubxona faoliyatini tashkil etuvchi hamda amalga oshiruvchi umumdavlat universal axborot-kutubxona muassasasidir.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi:

axborot-kutubxona faoliyati sohasidagi davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi;

axborot-kutubxona fondini shakllantiradi, uning but saqlanishini ta’minlaydi hamda foydalanuvchilarga milliy va xorijiy nashrlarning eng to‘liq to‘plamini taqdim etadi;

O‘zbekiston Respublikasida chiqariladigan nashrlarning majburiy nusxasini, shuningdek dissertatsiyalarning ko‘chirma nusxasini oladi;

O‘zbekiston Respublikasida chiqariladigan nashrlarning davlat bibliografik hisobini yuritadi;

elektron kutubxona va elektron katalogni shakllantiradi;

kutubxonashunoslik, bibliografiyashunoslik va kitobshunoslik sohasida ilmiy-tadqiqot hamda ilmiy-uslubiy faoliyatni amalga oshiradi va muvofiqlashtiradi;

noyob va alohida qimmatli axborot-kutubxona resurslarini but saqlash, konservatsiyalash va restavratsiya qilish bo‘yicha ishlarni amalga oshiradi;

yig‘ma elektron katalogni shakllantiradi va yuritadi;

axborot-kutubxona resurslaridan o‘zaro foydalanish uchun shart-sharoitlar yaratadi;

boshqa axborot-kutubxona muassasalari bilan hamkorlikni amalga oshiradi.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasining axborot-kutubxona fondi davlat mulkidir.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi to‘g‘risidagi nizom O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.

11-modda. Axborot-kutubxona markazlari

Axborot-kutubxona markazlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida axborot-kutubxona faoliyatini tashkil etuvchi hamda amalga oshiruvchi universal axborot-kutubxona muassasalaridir.

Axborot-kutubxona markazlari:

axborot-kutubxona fondini shakllantiradi va uning but saqlanishini ta’minlaydi;

elektron kutubxona va elektron katalogni shakllantiradi;

tegishli hududda chiqariladigan nashrlarning majburiy nusxasini oladi;

bibliografik, ilmiy-uslubiy va madaniy-ma’rifiy ishlarni bajaradi;

tegishli hududda axborot-kutubxona muassasalari faoliyatini muvofiqlashtiradi va ularni tashkiliy-uslubiy jihatdan ta’minlashni amalga oshiradi;

yig‘ma elektron katalogni shakllantirishda ishtirok etadi;

axborot-kutubxona resurslaridan o‘zaro foydalanish uchun shart-sharoitlar yaratadi;

boshqa axborot-kutubxona muassasalari bilan hamkorlikni amalga oshiradi;

tegishli hududda axborot-kutubxona muassasalarining depozitar saqlanadigan axborot-kutubxona resurslarini to‘plashni amalga oshiradi va ularning hisobini yuritadi.

Axborot-kutubxona markazlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

Axborot-kutubxona markazlarining axborot-kutubxona fondi davlat mulkidir.

Axborot-kutubxona markazi to‘g‘risidagi namunaviy nizom O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.

12-modda. Axborot-resurs markazlari

Axborot-resurs markazlari davlat ta’lim muassasalari huzurida tashkil etilgan, o‘quvchi yoshlarning, shuningdek aholining axborotga bo‘lgan ehtiyojlarini qanoatlantirishga qaratilgan axborot-kutubxona faoliyatini amalga oshiruvchi universal axborot-kutubxona muassasalaridir.

Axborot-resurs markazlari:

ta’lim muassasasining ixtisoslashuviga muvofiq asosan ilmiy-ta’limga oid mazmundagi axborot-kutubxona fondini shakllantiradi va uning but saqlanishini ta’minlaydi;

elektron kutubxona va elektron katalogni shakllantiradi;

o‘zidagi va o‘zidan uzoqdagi axborot resurslaridan foydalanish asosida ma’naviy boy va barkamol shaxsni ijodiy rivojlantirish uchun imkoniyat yaratgan holda, foydalanuvchilarni madaniy meros ob’ektlaridan bahramand etadi;

axborot-kutubxona resurslaridan o‘zaro foydalanishni ta’minlaydi;

boshqa axborot-kutubxona muassasalari bilan hamkorlikni amalga oshiradi;

yig‘ma elektron katalogni shakllantirishda ishtirok etadi;

madaniy, ta’lim, axborot dasturlari va loyihalarini hamda boshqa dasturlar va loyihalarni birgalikda amalga oshirish uchun ta’lim, ilmiy muassasalar va arxivlar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, milliy madaniyat markazlari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikni rivojlantiradi.

Axborot-resurs markazlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

Axborot-resurs markazlarining axborot-kutubxona fondi davlat mulkidir.

Axborot-resurs markazi to‘g‘risidagi namunaviy nizom O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.

13-modda. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining kutubxonalari

Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining kutubxonalari qonun hujjatlarida belgilanadigan tartibda axborot-kutubxona faoliyatini amalga oshiruvchi maxsus axborot-kutubxona muassasalaridir.

Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining kutubxonalari:

axborot-kutubxona fondini shakllantiradi va uning but saqlanishini ta’minlaydi;

elektron kutubxona va elektron katalogni shakllantiradi;

axborot-kutubxona resurslaridan o‘zaro foydalanishni ta’minlaydi;

boshqa axborot-kutubxona muassasalari bilan hamkorlikni amalga oshiradi;

yig‘ma elektron katalogni shakllantirishda ishtirok etadi.

Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari kutubxonalarining axborot-kutubxona fondi davlat mulkidir.

Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining kutubxonalari to‘g‘risidagi nizomlar ushbu organlarning rahbarlari tomonidan tasdiqlanadi.

14-modda. Boshqa kutubxonalar

Boshqa kutubxonalar o‘z muassislari tomonidan belgilanadigan tartibda axborot-kutubxona faoliyatini amalga oshiruvchi universal yoki maxsus axborot-kutubxona muassasalaridir.

Boshqa kutubxonalar:

axborot-kutubxona fondini shakllantiradi va uning but saqlanishini ta’minlaydi;

elektron kutubxona va elektron katalogni shakllantiradi;

axborot-kutubxona resurslaridan o‘zaro foydalanishni ta’minlaydi;

boshqa axborot-kutubxona muassasalari bilan hamkorlikni amalga oshiradi;

yig‘ma elektron katalogni shakllantirishda ishtirok etadi.

Boshqa kutubxonalarning axborot-kutubxona fondi ularning muassislari mulkidir.

Boshqa kutubxonalar to‘g‘risidagi nizomlar ularning muassislari tomonidan tasdiqlanadi.

15-modda. Axborot-kutubxona muassasalarini tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish

Axborot-kutubxona muassasalarini tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

4-bob. Axborot-kutubxona fondi

16-modda. Axborot-kutubxona fondini shakllantirish

Axborot-kutubxona fondini shakllantirish axborot-kutubxona muassasasining maqsadlari va vazifalariga muvofiq uni jamlash, hisobga olish, ishlovdan o‘tkazish, joylashtirish va saqlash orqali amalga oshiriladi.

17-modda. Axborot-kutubxona fondini jamlash

Axborot-kutubxona fondi nashrlarni va boshqa axborot-kutubxona resurslarini sotib olish, ularga obuna bo‘lish, ularni ayirboshlash, tekinga olish, shu jumladan hadyaga olish hisobiga jamlanadi.

18-modda. Axborot-kutubxona fondini hisobga olish, ishlovdan o‘tkazish, joylashtirish, saqlash va undan foydalanish

Axborot-kutubxona fondini hisobga olish, ishlovdan o‘tkazish, joylashtirish, saqlash va undan foydalanish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Axborot-kutubxona fondining nashrlar majburiy nusxasini olish hisobiga jamlanadigan, shuningdek noyob va alohida qimmatli axborot-kutubxona resurslarini o‘z ichiga olgan qismi milliy madaniy boylik bo‘lib, moddiy madaniy meros ob’ekti sifatida saqlanadi.

Axborot-kutubxona muassasalarining moddiy-texnika ta’minoti yomonlashuviga, ularni mehnatni muhofaza qilish talablariga, axborot-kutubxona fondlarini saqlash normalari va shart-sharoitlariga mos kelmaydigan binolarga ko‘chirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

5-bob. Foydalanuvchilarning huquq va majburiyatlari

19-modda. Foydalanuvchilarning huquqlari

Foydalanuvchilar quyidagi huquqlarga ega:

axborot-kutubxona muassasalariga kirish va axborot-kutubxona resurslaridan foydalanish;

o‘z ehtiyojlariga mos tarzda axborotni erkin tanlab olish;

ko‘rsatiladigan xizmatlarning, shu jumladan pulli xizmatlarning ro‘yxati hamda ularni ko‘rsatish shartlari haqida axborot olish;

so‘ralayotgan axborot-kutubxona resurslarining mavjudligi haqida axborot olish.

Foydalanuvchilar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

20-modda. Foydalanuvchilarning majburiyatlari

Foydalanuvchilar:

axborot-kutubxona muassasalarida foydalanish qoidalariga rioya etishi;

axborot-kutubxona resurslariga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishi, ularning yo‘qolishiga yoki buzilishiga yo‘l qo‘ymasligi, zarar yetkazilgan taqdirda esa belgilangan tartibda uning o‘rnini qoplashi;

axborot-kutubxona muassasalari ishining sifatini pasaytirishga qaratilgan xatti-harakatlar qilmasligi shart.

Foydalanuvchilar zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.

21-modda. Jismoniy imkoniyatlari cheklangan foydalanuvchilarga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatish

Jismoniy imkoniyatlari cheklangan foydalanuvchilarga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatish axborot-kutubxona muassasalarida maxsus texnika vositalaridan foydalangan holda axborot yozilgan maxsus jismlarda axborot-kutubxona resurslarini taqdim etish orqali amalga oshiriladi.

6-bob. Axborot-kutubxona muassasalarini moliyalashtirish. Axborot-kutubxona muassasalarining birlashmalari. Xalqaro hamkorlik

22-modda. Axborot-kutubxona muassasalarini moliyalashtirish

Axborot-kutubxona muassasalarini moliyalashtirish quyidagilar hisobidan amalga oshiriladi:

O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablag‘lari;

muassislarning mablag‘lari;

pulli xizmatlar ko‘rsatishdan olinadigan mablag‘lar;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

23-modda. Axborot-kutubxona muassasalarining birlashmalari

Axborot-kutubxona muassasalari axborot-kutubxona faoliyatini muvofiqlashtirish, shuningdek umumiy manfaatlarini ifodalash va himoya qilish maqsadida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda birlashmalar tuzishi mumkin.

Axborot-kutubxona muassasalarining birlashmalari:

axborot-kutubxona faoliyatini rivojlantirishga ko‘maklashadi;

axborot-kutubxona faoliyati sohasidagi davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi;

axborot-kutubxona faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlaydi;

axborot-kutubxona muassasalari kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etishda ishtirok etadi.

Axborot-kutubxona muassasalarining birlashmalari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

24-modda. Axborot-kutubxona faoliyati sohasidagi xalqaro hamkorlik

Axborot-kutubxona faoliyati sohasidagi xalqaro hamkorlik O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari va xalqaro shartnomalariga muvofiq amalga oshiriladi.

7-bob. Yakunlovchi qoidalar

25-modda. Nizolarni hal etish

Axborot-kutubxona faoliyati sohasida yuzaga keladigan nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.

26-modda. Axborot-kutubxona faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik

Axborot-kutubxona faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.

27-modda. Qonun hujjatlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirish

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;

davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.

28-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi

Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,
2011 yil 13 aprel,
O‘RQ-280-son

Manba: Lex.uz

Lex.uz’da oʻqish | PDF shakli