Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi. Ikkinchi qism

IV bo‘lim. Intellektual mulk

59-bob. Umumiy qoidalar

1031-modda. Intellektual mulk ob’ektlari

Intellektual mulk ob’ektlari jumlasiga quyidagilar kiradi:

1) intellektual faoliyat natijalari:

fan, adabiyot va san’at asarlari;

ijrolar, fonogrammalar, efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotlarning ko‘rsatuvlari yoki eshittirishlari;

elektron hisoblash mashinalari (bundan buyon matnda EHM deb yuritiladi) uchun dasturlar va ma’lumotlar bazalari;

ixtirolar, foydali modellar, sanoat namunalari;

seleksiya yutuqlari;

oshkor etilmagan axborot, shu jumladan ishlab chiqarish sirlari (nou-xau);

2) fuqarolik muomalasi ishtirokchilarining, tovarlar, ishlar va xizmatlarning xususiy alomatlarini aks ettiruvchi vositalar:

firma nomlari;

tovar belgilari (xizmat ko‘rsatish belgilari);

tovarlar chiqarilgan joy nomi;

3) ushbu Kodeksda yoki boshqa qonunlarda nazarda tutilgan hollarda intellektual faoliyatning boshqa natijalari hamda fuqarolik muomalasi ishtirokchilarining, tovarlar va xizmatlarning xususiy alomatlarini aks ettiruvchi vositalar.

1032-modda. Intellektual mulk ob’ektlarini huquqiy muhofaza qilish

Intellektual mulk ob’ektlarini huquqiy muhofaza qilish ularning yaratilganligi tufayli yoxud ushbu Kodeksda yoki boshqa qonunlarda nazarda tutilgan hollarda va tartibda vakolat berilgan davlat organi tomonidan huquqiy muhofaza berilishi natijasida yuzaga keladi.

Oshkor etilmagan axborotga huquqiy muhofaza berish shartlari qonun bilan belgilanadi.

1033-modda. Intellektual mulk ob’ektlariga shaxsiy nomulkiy va mulkiy huquqlar

Intellektual faoliyat natijalarining mualliflari ana shu natijalarga nisbatan shaxsiy nomulkiy va mulkiy huquqlarga ega bo‘ladilar.

Shaxsiy nomulkiy huquqlar muallifga uning mulkiy huquqlaridan qat’i nazar, tegishli bo‘ladi va uning intellektual faoliyat natijalariga bo‘lgan mulkiy huquqlari boshqa shaxsga o‘tgan taqdirda uning o‘zida saqlanib qoladi.

Fuqarolik muomalasi ishtirokchilarining, tovarlar, ishlar yoki xizmatlarning xususiy alomatlarini aks ettiruvchi vositalar (bundan buyon matnda — xususiy alomatlarni aks ettiruvchi vositalar)ga nisbatan huquq egalariga bu vositalar borasida mulkiy huquqlar tegishli bo‘ladi.

Mualliflik huquqi (intellektual faoliyat natijasining muallifi deb e’tirof etilish huquqi) shaxsiy nomulkiy huquq hisoblanadi va ijodiy mehnati bilan intellektual faoliyat natijasini yaratgan shaxsgagina tegishli bo‘ladi.

Mualliflik huquqi boshqa shaxsga o‘tkazilmaydi va berilmaydi.

Agar natija ikki yoki undan ortiq shaxsning birgalikdagi ijodiy mehnati bilan yaratilgan bo‘lsa, ular hammualliflar hisoblanadilar. Intellektual mulkning ayrim ob’ektlariga nisbatan qonunda asarning to‘laligicha hammualliflari deb hisoblanadigan shaxslar doirasi cheklab qo‘yilishi mumkin.

1034-modda. Intellektual mulk ob’ektlariga nisbatan mutlaq huquqlar

Intellektual faoliyat natijasiga yoki xususiy alomatlarni aks ettiruvchi vositaga nisbatan mulkiy huquqlar egasiga ana shu intellektual mulk ob’ektidan o‘z xohishiga ko‘ra har qanday shaklda va har qanday usulda mutlaq qonuniy foydalanish huquqi tegishli bo‘ladi.

Huquq egasiga mutlaq huquq asosida tegishli bo‘lgan intellektual mulk ob’ektlaridan boshqa shaxslarning foydalanishiga faqat huquq egasining ruxsati bilan yo‘l qo‘yiladi.

Intellektual mulk ob’ektiga nisbatan mutlaq huquq egasi bu huquqni boshqa shaxsga to‘liq yoki qisman o‘tkazishga, intellektual mulk ob’ektidan boshqa shaxs foydalanishiga ruxsat berishga haqli va, agar bu ushbu Kodeks va boshqa qonunlarning qoidalariga zid bo‘lmasa, ularni boshqacha tarzda tasarruf etishga haqli.

Mutlaq huquqlarni cheklashga, shu jumladan intellektual mulk ob’ektidan boshqa shaxslar foydalanishiga imkoniyat berish yo‘li bilan cheklashga, bu huquqlarni haqiqiy emas deb topishga va ularni tugatishga (bekor qilishga) ushbu Kodeksda va boshqa qonunlarda belgilangan hollarda, doiralarda va tartibda yo‘l qo‘yiladi.

Mutlaq huquqlarni cheklash bunday cheklash intellektual mulk ob’ektidan normal foydalanilishiga o‘rinsiz ziyon yetkazmagan va huquq egalarining qonuniy manfaatlarini asossiz kamsitmagan taqdirdagina tatbiq etiladi.

1035-modda. Mutlaq huquqlarning boshqa shaxsga o‘tishi

Intellektual mulk ob’ektiga nisbatan mutlaq huquqlar egasiga tegishli mulkiy huquqlar, agar ushbu Kodeksda yoki boshqa qonunda boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, huquq egasi tomonidan shartnoma bo‘yicha boshqa shaxsga to‘liq yoki qisman o‘tkazilishi mumkin, shuningdek bu mutlaq huquqlar meros bo‘lib va yuridik shaxs — huquq egasi qayta tashkil etilganda huquqiy vorislik tartibida o‘tadi.

Mulkiy huquqlarning shartnoma bo‘yicha o‘tkazilishi yoxud ularning universal huquqiy vorislik tartibida o‘tishi mualliflik huquqining va boshqa begonalashtirilmaydigan hamda o‘zgaga o‘tkazilmaydigan mutlaq huquqlarning o‘tkazilishiga yoki cheklanishiga sabab bo‘lmaydi. Bunday huquqlarning o‘tkazilishi yoki cheklanishi to‘g‘risidagi shartnoma shartlari o‘z-o‘zidan haqiqiy emas.

Shartnoma bo‘yicha o‘tkaziladigan mutlaq huquqlar unda aniqlab qo‘yilishi lozim. Shartnomada boshqa shaxsga o‘tkaziladigan huquq sifatida ko‘rsatilmagan huquqlar, agar boshqacha hol isbotlanmagan bo‘lsa, o‘tkazilmagan deb hisoblanadi.

Mutlaq huquqni uning amal qilish davrida cheklangan vaqtga boshqa shaxsga berishni nazarda tutuvchi shartnomaga nisbatan litsenziya shartnomasi to‘g‘risidagi qoidalar qo‘llaniladi.

1036-modda. Litsenziya shartnomasi

Litsenziya shartnomasi bo‘yicha intellektual faoliyat natijasiga yoki xususiy alomatlarni aks ettiruvchi vositaga nisbatan mutlaq huquqqa ega bo‘lgan taraf (litsenziar) boshqa tarafga (litsenziatga) tegishli intellektual mulk ob’ektidan foydalanishga ruxsatnoma beradi.

Litsenziya shartnomasi beriladigan huquqlarni, foydalanish chegaralari va muddatlarini aniqlashi lozim.

Litsenziya shartnomasi pullik hisoblanadi.

Litsenziya shartnomasi litsenziatga quyidagilarni berishni nazarda tutishi mumkin:

intellektual mulk ob’ektidan, litsenziarning undan foydalanish huquqi va boshqa shaxslarga litsenziya berish huquqi saqlanib qolgan holda (oddiy nomutlaq litsenziya) foydalanish huquqini;

intellektual mulk ob’ektidan, litsenziarning undan foydalanish huquqi saqlanib qolgan holda, biroq boshqa shaxslarga litsenziyani berish huquqisiz (mutlaq litsenziya) foydalanish huquqini;

qonunda yo‘l qo‘yiladigan boshqa turdagi litsenziyalarni.

Agar litsenziya shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, litsenziya oddiy (nomutlaq) deb hisoblanadi.

Litsenziyani oluvchi tomonidan intellektual mulk ob’ektidan foydalanish huquqini boshqa shaxsga berish to‘g‘risidagi shartnoma sublitsenziya shartnomasi hisoblanadi. Litsenziyani oluvchi faqat litsenziya shartnomasida nazarda tutilgan hollarda sublitsenziya shartnomasi tuzishga haqli.

Qo‘shimcha litsenziatning harakatlari uchun, agar litsenziya shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, litsenziar oldida litsenziat javobgar bo‘ladi.

1037-modda. Intellektual faoliyat natijalarini yaratish va ulardan foydalanish to‘g‘risidagi shartnoma

Muallif intellektual faoliyat natijalarini yaratish va ulardan foydalanish to‘g‘risidagi shartnoma bo‘yicha kelgusida asar, ixtiro yoki boshqa intellektual faoliyat natijasini yaratish va o‘zining ish beruvchisi bo‘lmagan buyurtmachiga bu natijadan foydalanish uchun mutlaq huquqlar berish majburiyatini o‘z zimmasiga olishi mumkin.

Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan shartnoma yaratilishi lozim bo‘lgan intellektual faoliyat natijasining xususiyatini, shuningdek undan foydalanish maqsadlari yoxud usullarini belgilashi lozim.

Muallif zimmasiga ushbu muallif kelgusida yaratadigan har qanday intellektual faoliyat natijalaridan foydalanish uchun mutlaq huquqlarni birorta shaxsga berish majburiyatini yuklaydigan shartnoma o‘z-o‘zidan haqiqiy emas.

Intellektual faoliyat natijalarini yaratish va ulardan foydalanish to‘g‘risidagi shartnomaning muallifning kelgusida muayyan turdagi yoxud muayyan sohadagi intellektual faoliyat natijalarini yaratishini cheklaydigan shartlari o‘z-o‘zidan haqiqiy emas.

1038-modda. Mutlaq huquq va mulk huquqi

Intellektual faoliyat natijasiga yoki xususiy alomatlarni aks ettiruvchi vositaga nisbatan mutlaq huquq bunday natija yoki xususiy alomatlarni aks ettiruvchi vosita ifodalangan moddiy ob’ektga nisbatan mulk huquqidan qat’i nazar mavjud bo‘ladi.

1039-modda. Intellektual mulk ob’ektlariga nisbatan mutlaq huquqning amal qilish muddati

Intellektual mulk ob’ektlariga nisbatan mutlaq huquq ushbu Kodeksda yoki boshqa qonunlarda nazarda tutilgan muddat mobaynida amal qiladi.

Intellektual mulk ob’ektlariga nisbatan shaxsiy nomulkiy huquqlar muddatsiz amal qiladi.

Qonunda nazarda tutilgan hollarda intellektual mulk ob’ektlariga nisbatan mutlaq huquqning amal qilishi undan muayyan vaqt mobaynida foydalanilmasligi oqibatida bekor qilinishi mumkin.

1040-modda. Intellektual mulk ob’ektlariga nisbatan mutlaq huquqlarni himoya qilish usullari

Intellektual mulk ob’ektlariga nisbatan mutlaq huquqlarni himoya qilish ushbu Kodeksning 11-moddasida nazarda tutilgan usullar bilan amalga oshiriladi. Mutlaq huquqlarni himoya qilish shuningdek:

mutlaq huquqlar qaysi moddiy ob’ektlar yordamida buzilgan bo‘lsa, o‘sha moddiy ob’ektlarni hamda bunday buzish natijasida yaratilgan moddiy ob’ektlarni olib qo‘yish orqali;

yo‘l qo‘yilgan buzish haqidagi ma’lumotni majburiy suratda e’lon qilib, unga buzilgan huquq kimga tegishliligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni kiritish orqali;

qonunda nazarda tutilgan boshqa usullarda amalga oshirilishi mumkin.

Intellektual faoliyat natijalarini va xususiy alomatlarni aks ettiruvchi vositalarni yaratish hamda ulardan foydalanish to‘g‘risidagi shartnoma buzilganda majburiyatlarni buzganlik uchun javobgarlik to‘g‘risidagi umumiy qoidalar qo‘llaniladi.

60-bob. Mualliflik huquqi

1041-modda. Mualliflik huquqi ob’ekti

Mualliflik huquqi ijodiy faoliyat natijasi bo‘lmish fan, adabiyot va san’at asarlariga nisbatan, ularning maqsadi va qadr-qimmati, shuningdek ifodalanish usulidan qat’i nazar, tatbiq etiladi.

Mualliflik huquqi quyidagi biron-bir ob’ektiv shaklda bo‘lgan oshkor qilingan asarlarga ham, oshkor qilinmagan asarlarga ham tatbiq etiladi:

yozma (qo‘lyozma, mashinkalangan yozuv, notali yozuv va hokazo);

og‘zaki (omma oldida so‘zlash, omma oldida ijro etish va hokazo);

ovozli yoki video yozuv (mexanik, magnitli, raqamli, optik va hokazo);

tasvir (rasm, eskiz, manzara, tarh, chizma, kino-, tele-, video- yoki fotokadr va hokazo);

hajmli-fazoviy (haykal, model, maket, inshoot va hokazo);

boshqa shakllardagi.

Mualliflik huquqi g‘oyalar, prinsiplar, uslublar, jarayonlar, tizimlar, usullar yoki konsepsiyalarga emas, balki ifoda shakliga nisbatan tatbiq etiladi.

1042-modda. Mualliflik huquqi ob’ektlarining turlari

Mualliflik huquqi ob’ektlari jumlasiga quyidagilar kiradi:

adabiy asarlar (adabiy-badiiy, ilmiy, o‘quv, publitsistik va boshqa asarlar);

dramatik va ssenariy asarlar;

matnli va matnsiz musiqa asarlari;

musiqali-dramatik asarlar;

xoreografiya asarlari va pantomimalar;

audiovizual asarlar;

rangtasvir, haykaltaroshlik, grafika, dizayn asarlari va boshqa tasviriy san’at asarlari;

manzarali-amaliy va sahna bezagi san’ati asarlari;

arxitektura, shaharsozlik va bog‘-park barpo etish san’ati asarlari;

fotografiya asarlari va fotografiyaga o‘xshash usullarda yaratilgan asarlar;

jo‘g‘rofiya, geologiya xaritalari va boshqa xaritalar, jo‘g‘rofiya, topografiya va boshqa fanlarga taalluqli tarhlar, eskizlar va asarlar;

barcha turdagi elektron-hisoblash mashinalari (EHM) uchun dasturlar, shu jumladan amaliy dasturlar va operatsiya tizimlari;

ushbu Kodeksning 1041-moddasida belgilab qo‘yilgan talablarga javob beruvchi boshqa asarlar.

1043-modda. Mualliflik huquqi ob’ektlari hisoblanuvchi asarning qismlari, hosila va jamlama asarlar

Ushbu Kodeksning 1041-moddasida belgilangan talablarga javob beradigan:

asarning mustaqil ravishda foydalanilishi mumkin bo‘lgan qismlari (shu jumladan uning nomi);

hosila asarlar (tarjimalar, ishlanma asarlar, annotatsiyalar, referatlar, muxtasar xulosalar, sharhlar, inssenirovkalar, aranjirovkalar, soddalashtirishlar hamda fan, adabiyot va san’at asarlarining boshqa qayta ishlanmalari);

to‘plamlar (ensiklopediyalar, antologiyalar, ma’lumotlar bazalari) va materiallarning tanlanganligi yoki joylashtirilganligiga ko‘ra ijodiy mehnat natijasi bo‘lgan boshqa jamlama asarlar mualliflik huquqi ob’ektlari hisoblanadi.

Hosila va jamlama asarlar, ularning yaratilishi uchun asos bo‘lgan yoki ularning tarkibiga kirgan asarlar mualliflik huquqi ob’ektlari bo‘lishi yoki bo‘lmasligidan qat’i nazar, mualliflik huquqi bilan muhofaza qilinadi.

1044-modda. Mualliflik huquqi ob’ektlari hisoblanmaydigan materiallar

Quyidagilar mualliflik huquqi ob’ektlari hisoblanmaydi:

rasmiy hujjatlar (qonunlar, qarorlar va shu kabilar), shuningdek ularning rasmiy tarjimalari;

rasmiy ramzlar va belgilar (bayroqlar, gerblar, ordenlar, pul belgilari va shu kabilar);

xalq ijodiyoti asarlari;

oddiy matbuot axboroti tusidagi kundalik yangiliklarga doir yoki joriy voqealar haqidagi xabarlar;

insonning bevosita individual asar yaratishga qaratilgan ijodiy faoliyati amalga oshirilmasdan, muayyan turdagi ishlab chiqarish uchun mo‘ljallangan texnika vositalari yordamida olingan natijalar.

1045-modda. Rasmiy hujjatlar, ramzlar va belgilarning loyihalariga bo‘lgan huquqlar

Rasmiy hujjat, ramz yoki belgining loyihasiga bo‘lgan mualliflik huquqi loyihani yaratgan (ishlab chiqqan) shaxsga tegishlidir.

Rasmiy hujjatlar, ramzlar va belgilarning loyihalarini ishlab chiqqan shaxslar, basharti bunday loyihani ishlab chiqish to‘g‘risida topshiriq bergan organ tomonidan taqiqlanmagan bo‘lsa, o‘zlari yaratgan loyihalarni e’lon qilishga haqlidirlar. Loyihani e’lon qilishda uni ishlab chiqqan shaxslar o‘z ismlarini ko‘rsatishga haqlidirlar.

Vakolatli organ rasmiy hujjat tayyorlash uchun loyihadan, basharti loyiha uni ishlab chiqqan shaxs tomonidan e’lon qilingan yoki tegishli organga yuborilgan bo‘lsa, mazkur shaxsning roziligisiz foydalanishi mumkin.

Loyiha asosida rasmiy hujjatlar, ramzlar va belgilar tayyorlash chog‘ida rasmiy hujjat, ramz yoki belgi tayyorlayotgan organning xohishiga ko‘ra loyihaga qo‘shimchalar va o‘zgartishlar kiritilishi mumkin.

Vakolatli organ loyihani ma’qullaganidan keyin loyihadan uni ishlab chiqqan shaxsning ismi-sharifini ko‘rsatmagan holda foydalanish mumkin.

1046-modda. Asar muallifi. Mualliflik huquqining yuzaga kelishi. Mualliflik prezumpsiyasi

Asar kimning ijodiy mehnati bilan yaratilgan bo‘lsa, ana shu fuqaro asar muallifi deb e’tirof etiladi.

Fan, adabiyot va san’at asariga mualliflik huquqi uni yaratish fakti bo‘yicha yuzaga keladi. Mualliflik huquqining yuzaga kelishi va amalga oshirilishi uchun asarni ro‘yxatdan o‘tkazish yoki biron-bir boshqa rasmiyatchilikka rioya etish talab qilinmaydi.

Asarning asl nusxasida yoki nusxasida muallif sifatida ko‘rsatilgan shaxs, agar boshqacha hol isbotlanmagan bo‘lsa, asar muallifi hisoblanadi.

Asar imzosiz yoki taxallus ostida chop etilgan taqdirda (muallifning taxallusi uning kim ekanligiga shubha qoldirmaydigan hollar bundan mustasno), asarni chop etgan, asarda ismi yoki nomi ko‘rsatilgan noshir, agar boshqa dalillar bo‘lmasa, muallifning vakili hisoblanadi hamda muallifning huquqlarini himoya qilish va ularning amalga oshirilishini ta’minlash huquqiga egadir. Bu qoida bunday asar muallifi o‘z shaxsini oshkor etguniga va o‘zining muallif ekanligini ma’lum qilguniga qadar amalda bo‘ladi.

1047-modda. Hammualliflik

Ikki yoki undan ortiq fuqaroning birgalikdagi ijodiy mehnati natijasida yaratilgan asarga bo‘lgan mualliflik huquqi, mazkur asar bo‘linmas bir butun yoki har biri ham mustaqil mazmunga ega qismlardan iborat ekanligidan qat’i nazar, hammualliflarga birgalikda tegishli bo‘ladi.

Basharti asarning muayyan qismidan uning boshqa qismlariga bog‘liq bo‘lmagan holda foydalanish mumkin bo‘lsa, bu mustaqil mazmunga ega bo‘lgan qism deb e’tirof etiladi.

Hammualliflarning har biri, basharti ularning o‘rtasidagi kelishuvda o‘zgacha hol nazarda tutilgan bo‘lmasa, asarning o‘zi yaratgan, mustaqil mazmunga ega bo‘lgan qismidan o‘z xohishiga ko‘ra foydalanishga haqlidir.

Hammualliflar o‘rtasidagi munosabatlar, qoida tariqasida, kelishuv asosida belgilanadi. Bunday kelishuv bo‘lmagan taqdirda asarga bo‘lgan mualliflik huquqi barcha mualliflar tomonidan birgalikda amalga oshiriladi, mualliflik haqi esa ular o‘rtasida teng taqsimlanadi.

Basharti hammualliflarning asari bo‘linmas bir butunni tashkil etsa, asardan foydalanishni yetarli asoslar bo‘lmay turib taqiqlab qo‘yishga hammualliflardan hech biri haqli emas.

1048-modda. Hosila asarga bo‘lgan mualliflik huquqi

Hosila asar muallifiga fan, adabiyot va san’at asarining mazkur muallif tomonidan amalga oshirilgan qayta ishlanmasiga bo‘lgan mualliflik huquqi tegishlidir.

Hosila asar muallifi qayta ishlangan asar muallifi huquqlariga rioya etgan taqdirda, o‘zi yaratgan asarga mualliflik huquqidan foydalanadi.

Hosila asar muallifining mualliflik huquqi qayta ishlashga asos bo‘lgan asarni boshqa shaxslar ham o‘zlari qayta ishlashlariga to‘sqinlik qilmaydi.

1049-modda. Asarlar yaratilishini tashkil etuvchi shaxslarning huquqlari

Asarlar yaratilishini tashkil etuvchi shaxslar (audiovizual asarlarni tayyorlovchilar, ensiklopediyalar noshirlari, prodyuserlar va boshqa shu kabilar) tegishli asarlarning mualliflari deb e’tirof etilmaydi. Biroq ushbu Kodeksda yoki boshqa qonunlarda nazarda tutilgan hollarda, bunday shaxslar ana shu asarlardan foydalanishda mutlaq huquqlarga ega bo‘ladilar.

Audiovizual asarni tayyorlovchi bu asardan foydalanilganda o‘z ismi yoki nomini ko‘rsatishga yoxud ismi yoki nomi ko‘rsatilishini talab qilishga haqlidir.

Ensiklopediyalar, ensiklopedik lug‘atlardan, ilmiy ishlarning davriy va davomli to‘plamlaridan, gazetalar, jurnallar hamda boshqa davriy nashrlardan foydalanishga bo‘lgan mutlaq huquqlar ularning noshiriga tegishlidir. Bunday nashrlardan har qanday tarzda foydalanilganda noshir o‘z ismi yoki nomini ko‘rsatishga yoxud ismi yoki nomi ko‘rsatilishini talab qilishga haqlidir. Bunday nashrlarga kiritilgan asarlarning mualliflari, agar mualliflik shartnomasida boshqacha hol nazarda tutilgan bo‘lmasa, umuman nashrdan qat’i nazar, o‘z asarlaridan foydalanishga bo‘lgan mutlaq huquqlarini saqlab qoladilar.

1050-modda. Mualliflik huquqining himoya belgilari

Alohida mualliflik huquqining egasi o‘z huquqlaridan xabardor etish uchun asarning har bir nusxasida aks ettiriladigan va quyidagi uch unsurdan iborat mualliflik huquqining himoya belgisidan foydalanishi mumkin:

aylana ichiga olingan lotincha «S» harfi;

alohida mualliflik huquqlari egasining ismi (nomi);

asar birinchi marta e’lon qilingan yil.

Mualliflik huquqining himoya belgisida ko‘rsatilgan shaxs, basharti boshqa hol isbotlanmagan bo‘lsa, huquq egasi hisoblanadi.

1051-modda. Muallifning shaxsiy nomulkiy huquqlari

Asar muallifiga quyidagi shaxsiy nomulkiy huquqlar tegishlidir:

asar muallifi deb e’tirof etilish huquqi (mualliflik huquqi);

asardan muallifning haqiqiy ismi, taxallusini ko‘rsatgan holda yoxud ismini ko‘rsatmasdan, ya’ni imzosiz foydalanish yoki foydalanishga ruxsat berish huquqi (mualliflik ismiga bo‘lgan huquq);

asarni har qanday shaklda oshkor qilish yoki oshkor qilishga ruxsat berish huquqi (oshkor qilishga bo‘lgan huquq), shu jumladan chaqirib olish huquqi;

asarni, shu jumladan uning nomini muallifning sha’ni va qadr-qimmatiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan har qanday tarzda buzib ko‘rsatilishidan yoki har qanday boshqacha tarzda tajovuz etilishidan himoya qilish huquqi (muallif obro‘sini himoya qilish huquqi).

Muallif asarni oshkor qilish to‘g‘risida ilgari qabul qilgan qaroridan, asardan foydalanish huquqini olgan shaxslarga ular shunday qaror tufayli ko‘rgan zararlarning, shu jumladan boy berilgan foydaning o‘rnini qoplash sharti bilan, voz kechish huquqiga (asarni chaqirib olish huquqiga) egadir. Agar asar oshkor qilingan bo‘lsa, muallif uni chaqirib olganligi to‘g‘risida ommaga ma’lum qilishi shart. Bunda u asarning avval tayyorlangan nusxalarini o‘z hisobidan muomaladan olib qo‘yishga haqlidir. Bu qoidalar, agar muallif bilan tuzilgan shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, xizmat asarlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Asarni nashr qilish, omma oldida ijro etish yoki undan boshqacha tarzda foydalanishda asarning o‘ziga, nomiga va muallifning ismi ko‘rsatilishiga biron-bir o‘zgartish kiritishga faqat muallifning roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi.

Muallifning roziligisiz uning asarini bezaklar, so‘zboshi, xotima, sharhlar yoki biron-bir tushuntirishlar bilan nashr etish taqiqlanadi.

Muallifning shaxsiy nomulkiy huquqlari uning mulkiy huquqlaridan qat’i nazar, unga tegishli bo‘lib, asardan foydalanishga bo‘lgan mutlaq huquqlar boshqa shaxsga o‘tkazilgan taqdirda ham uning o‘zida saqlanib qoladi.

Muallifning o‘z shaxsiy nomulkiy huquqlarini amalga oshirishdan voz kechish to‘g‘risida biron-bir shaxs bilan kelishuvi va bu haqdagi arizasi o‘z-o‘zidan haqiqiy emas.

1056-modda. Muallifning mulkiy huquqlari

Muallifga asardan har qanday shaklda va har qanday usulda foydalanishda mutlaq huquqlar tegishlidir.

Yuridik va jismoniy shaxslar, ushbu Kodeksda va boshqa qonunlarda ko‘rsatilganidan tashqari hollarda, asardan faqat huquq egasi yoki boshqa vakolatli shaxs bilan tuzilgan shartnomaga binoan, shu jumladan mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotlar bilan tuzilgan shartnomaga binoan yoxud ular bo‘lmagan taqdirda, bu tashkilotlarning vazifalari va majburiyatlarini bajaruvchi tashkilot bilan tuzilgan shartnomaga binoan foydalanishlari mumkin.

Muallifning asardan foydalanishga bo‘lgan mutlaq huquqlari quyidagi harakatlarni amalga oshirish yoki bunday harakatlarga ruxsat berish huquqini anglatadi:

asarni takrorlash (takrorlash huquqi);

asarning asl nusxasini yoki nusxalarini sotish yoki mulk huquqini o‘zgacha tarzda boshqa shaxsga o‘tkazish yo‘li bilan tarqatish (tarqatish huquqi);

asarni barchaning e’tiboriga yetkazish (barchaning e’tiboriga yetkazish huquqi);

asarning asl nusxasini yoki nusxalarini prokatga berish (prokatga berish huquqi);

tarqatish maqsadida asarning nusxalarini, shu jumladan mutlaq mualliflik huquqlari egasining ruxsati bilan tayyorlangan nusxalarini import qilish (import qilish huquqi);

asarni sim (kabel) orqali yoki boshqa shu kabi vositalar yordamida uzatish yo‘li bilan barchaning e’tibori uchun yuborish (kabel orqali yuborish huquqi);

asarga tuzatishlar kiritish, uni aranjirovka qilish yoki boshqacha tarzda qayta ishlash (qayta ishlash huquqi);

asarni omma oldida namoyish etish (omma oldida namoyish etish huquqi);

asarni omma oldida ijro etish (omma oldida ijro etish huquqi);

asarni simsiz vositalar yordamida uzatish yo‘li bilan barchaning e’tibori uchun yuborish (efirga uzatish huquqi);

asarni tarjima qilish (tarjima qilish huquqi);

asarni barchaning e’tiboriga takroran yuborish, agar bunday yuborish dastlabki yuborishni amalga oshirgan tashkilotdan boshqa tashkilot tomonidan amalga oshirilsa (barchaning e’tiboriga takroran yuborish huquqi).

Muallif o‘z asaridan foydalanishning har bir turi uchun haq olish huquqiga (haq olish huquqiga) ega.

Agar chop etilgan asarning nusxalari ularni sotish yoki mulk huquqini o‘zgacha tarzda boshqa shaxsga o‘tkazish vositasida fuqarolik muomalasiga qonuniy kiritilgan bo‘lsa, ularning bundan buyongi tarqatilishiga muallifning roziligisiz va unga haq to‘lanmagan holda yo‘l qo‘yiladi, qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Asardan daromad olish maqsadida foydalanilganligi yoki undan foydalanish bunday maqsadga qaratilmaganligidan qat’i nazar, asardan foydalanilgan deb hisoblanadi.

Asarning mazmunini tashkil etuvchi qoidalarni (ixtirolarni, boshqa texnikaviy, iqtisodiy, tashkiliy va shu kabi yechimlarni) amaliy qo‘llash asardan mualliflik huquqi ma’nosida foydalanganlik deb hisoblanmaydi.

1058-modda. Mualliflik huquqlarining cheklanishi

Muallif va boshqa shaxslarning asardan foydalanish borasidagi mutlaq huquqlarini cheklashga ushbu Kodeksning 1059—1062-moddalarida yoki boshqa qonunlarda nazarda tutilgan hollardagina yo‘l qo‘yiladi. Mazkur cheklashlar asardan normal foydalanilishiga o‘rinsiz ziyon yetkazmagan va muallifning qonuniy manfaatlarini asossiz kamsitmagan taqdirdagina tatbiq etiladi.

1059-modda. Asarlarni muallifning roziligisiz va haq to‘lanmagan holda shaxsiy maqsadlarda takrorlash

Oshkor qilingan asarni shaxsiy maqsadlarda muallifning yoki boshqa huquq egasining roziligisiz va haq to‘lanmagan holda takrorlashga yo‘l qo‘yiladi, qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Ushbu modda birinchi qismining qoidalari:

binolar va inshootlar shaklidagi arxitektura asarlarini takrorlashga;

ma’lumotlar bazalarini yoki ularning muhim qismlarini takrorlashga;

qonunda nazarda tutilgan hollarni istisno qilganda, EHM uchun dasturlarni takrorlashga;

kitoblarni (to‘laligicha) va notali matnlarni reprografik takrorlashga nisbatan tatbiq etilmaydi.

1060-modda. Asarlarni omma oldida erkin ijro etish

Chop etilgan musiqa asarlarini rasmiy, diniy va dafn marosimlarida bunday marosimlarning xususiyatiga mos hajmda muallifning yoki boshqa huquq egasining roziligisiz hamda haq to‘lanmagan holda omma oldida ijro etishga yo‘l qo‘yiladi.

1061-modda. Asarlardan surishtiruv, dastlabki tergov, ma’muriy va sudlov ishlarini yuritish maqsadlari uchun foydalanish

Asarlardan surishtiruv, dastlabki tergov, ma’muriy va sudlov ishlarini yuritish maqsadlarini ko‘zlab, foydalanish maqsadiga mos hajmda muallifning yoki boshqa huquq egasining roziligisiz hamda haq to‘lanmagan holda foydalanishga yo‘l qo‘yiladi.

1062-modda. Xizmat asariga bo‘lgan mualliflik huquqi

Xizmat vazifalarini yoki xizmat topshirig‘ini bajarish tartibida yaratilgan asarga (xizmat asariga) bo‘lgan muallifning shaxsiy nomulkiy huquqlari asar muallifida saqlanib qoladi.

Xizmat asaridan foydalanishga bo‘lgan mutlaq huquqlar, agar muallif bilan ish beruvchi o‘rtasidagi shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, ish beruvchiga tegishlidir.

Xizmat asaridan foydalanishning har bir turi uchun haq miqdori va uni to‘lash tartibi muallif bilan ish beruvchi o‘rtasidagi shartnomada belgilanadi. Ish beruvchi bilan tuzilgan shartnomadan qat’i nazar, muallif asar oshkor qilingan vaqtdan e’tiboran o‘n yil o‘tganidan keyin, ish beruvchining roziligi bilan esa undan ham oldinroq asardan foydalanish va haq olish huquqini to‘liq hajmda qo‘lga kiritadi.

Muallifning xizmat asaridan topshiriq maqsadi taqozo etmaydigan usulda foydalanish huquqi cheklanmaydi.

Ish beruvchi xizmat asaridan har qanday tarzda foydalanishda o‘z nomini ko‘rsatishga yoxud uni ko‘rsatishni talab qilishga haqlidir.

Xizmat vazifalarini yoki ish beruvchining xizmat topshiriqlarini bajarish yo‘sinida ushbu Kodeks 1049-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan ensiklopediyalar, ensiklopedik lug‘atlar, davriy va davomli ilmiy ishlar to‘plamlari, gazetalar, jurnallar hamda boshqa davriy nashrlarning yaratilishiga ushbu moddaning qoidalari tatbiq etilmaydi.

1063-modda. Mualliflik huquqining amal qilish sohasi

Ushbu Kodeksga muvofiq mualliflik huquqi:

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bo‘lgan yoki O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy turar joyiga ega bo‘lgan mualliflarning yoki mualliflik huquqining boshqa dastlabki egalik qiluvchilarining asarlariga;

mualliflarning fuqaroligi va doimiy turar joyidan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasida birinchi marta chop etilgan asarlarga;

O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasida muhofaza qilinadigan asarlarga tatbiq etiladi.

Agar asar O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida birinchi marta chop etilgan sanadan so‘ng o‘ttiz kun ichida O‘zbekiston Respublikasi hududida chop etilgan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasida ham birinchi marta chop etilgan deb hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq asarga O‘zbekiston Respublikasi hududida muhofaza berilgan taqdirda, asar muallifi mualliflik huquqini olish uchun asos bo‘lib xizmat qilgan yuridik fakt qaysi davlatning hududida sodir bo‘lgan bo‘lsa, o‘sha davlatning qonuni bilan aniqlanadi.

1065-modda. Mualliflik huquqining amal qilish muddati

Mualliflik huquqi muallifning butun hayoti davomida va uning vafotidan keyin ellik yil davomida amal qiladi, ushbu moddada va boshqa qonunlarda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Hammualliflikda yaratilgan asarga bo‘lgan mualliflik huquqi hammualliflarning butun hayoti davomida va hammualliflar orasida eng uzoq umr ko‘rgan oxirgi shaxs vafot etganidan keyin ellik yil davomida amal qiladi.

Taxallus ostida yoki imzosiz qonuniy oshkor qilingan asarga bo‘lgan mualliflik huquqi asar oshkor qilinganidan keyin ellik yil davomida amal qiladi. Agar ko‘rsatilgan muddat ichida taxallus ostidagi yoki imzosiz asar muallifi o‘z shaxsini ma’lum qilsa yoki bundan buyon uning shaxsi shubhaga o‘rin qoldirmasa, ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan muddatlar qo‘llaniladi.

Muallifning vafotidan keyin birinchi marta e’lon qilingan asarga bo‘lgan mualliflik huquqi asar e’lon qilinganidan keyin ellik yil davomida amal qiladi.

Mualliflik huquqi, mualliflik ismiga bo‘lgan huquq va muallif obro‘sini himoya qilish huquqi muddatsiz muhofaza qilinadi.

Asarga O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq muhofaza berilgan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasi hududida mualliflik huquqining amal qilish muddati ushbu moddaga binoan belgilanadi. Lekin bu muddat asar kelib chiqqan mamlakatda belgilangan mualliflik huquqining amal qilish muddatidan oshib ketmasligi kerak.

Ushbu moddada nazarda tutilgan muddatlarni hisoblash muddatning o‘ta boshlashi uchun asos bo‘ladigan yuridik fakt yuz bergan yildan keyingi yilning birinchi yanvaridan e’tiboran boshlanadi.

1066-modda. Asarning ijtimoiy mulkka aylanishi

Asarlarga bo‘lgan mualliflik huquqining amal qilish muddatini tugashi ularning ijtimoiy mulkka aylanishini bildiradi.

Ijtimoiy mulk bo‘lgan asarlardan har qanday shaxs haq to‘lamagan holda erkin foydalanishi mumkin. Bunda muallifning shaxsiy nomulkiy huquqlariga rioya etilishi kerak.

1067-modda. Mualliflik shartnomasi

Ushbu Kodeks 1056-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan mulkiy huquqlar faqat mualliflik shartnomasini tuzish yo‘li bilan huquq egasi tomonidan boshqa shaxsga o‘tkazilishi mumkin, ushbu Kodeksda va boshqa qonunlarda belgilangan hollar bundan mustasno.

Muallifning mulkiy huquqlarini boshqa shaxsga o‘tkazish mutlaq huquqlarni boshqa shaxsga o‘tkazish to‘g‘risidagi mualliflik shartnomasi asosida yoki mutlaq bo‘lmagan huquqlarni boshqa shaxsga o‘tkazish to‘g‘risidagi mualliflik shartnomasi asosida amalga oshirilishi mumkin.

Mutlaq huquqlarni boshqa shaxsga o‘tkazish to‘g‘risidagi mualliflik shartnomasi faqat ushbu huquqlar o‘tkazilayotgan shaxs asardan muayyan usulda va shartnomada belgilangan doirada foydalanishiga ruxsat beradi.

Mutlaq bo‘lmagan huquqlarni boshqa shaxsga o‘tkazish to‘g‘risidagi mualliflik shartnomasi foydalanuvchiga asardan shunday huquqlarni boshqa shaxsga o‘tkazgan mutlaq huquqlar egasi va (yoki) bu asardan ayni shunday usulda foydalanish uchun ruxsat olgan boshqa shaxslar bilan teng ravishda foydalanishga ijozat beradi.

Mualliflik shartnomasi bo‘yicha boshqa shaxsga o‘tkaziladigan huquqlar, agar shartnomada bevosita boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, mutlaq bo‘lmagan huquqlar hisoblanadi.

Asarga bo‘lgan mualliflik huquqi asar aks ettirilgan moddiy ob’ektga bo‘lgan mulk huquqi bilan bog‘liq emas.

Moddiy ob’ektga bo‘lgan mulk huquqini yoki moddiy ob’ektga egalik qilish huquqini boshqa shaxsga o‘tkazish shu ob’ektda aks ettirilgan asarga bo‘lgan biron-bir mualliflik huquqining o‘z-o‘zidan boshqa shaxsga o‘tkazilishiga sabab bo‘lmaydi.

1068-modda. Mualliflik shartnomasining shartlari

Mualliflik shartnomasida quyidagilar nazarda tutilishi kerak:

asardan foydalanish usullari (mazkur shartnoma asosida o‘tkaziladigan aniq huquqlar);

asardan foydalanishning har bir usuli uchun to‘lanadigan haq miqdori va (yoki) to‘lanadigan haq miqdorini belgilash tartibi, uni to‘lash tartibi hamda muddatlari.

Mualliflik shartnomasi taraflar zarur deb topgan boshqa shartlarni ham nazarda tutishi mumkin.

Mualliflik shartnomasida asardan foydalanish huquqi qancha muddatga o‘tkazilishi to‘g‘risida shart bo‘lmagan taqdirda, shartnoma tuzilgan sanadan boshlab besh yil o‘tganidan keyin, agar foydalanuvchi shartnoma bekor qilinguniga qadar kamida olti oy oldin bu haqda yozma ravishda ogohlantirilgan bo‘lsa, shartnoma muallif tomonidan bekor qilinishi mumkin.

Mualliflik shartnomasida asardan foydalanish huquqi amal qiladigan hudud doirasi to‘g‘risida shart bo‘lmagan taqdirda, shartnomaga binoan boshqa shaxsga o‘tkazilayotgan huquqning amal qilishi O‘zbekiston Respublikasi hududi bilan cheklanadi.

Boshqa shaxsga o‘tkazilishi mualliflik shartnomasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazarda tutilmagan asardan foydalanish huquqlari boshqa shaxsga o‘tkazilmagan deb hisoblanadi.

Shartnoma tuzilgan paytda asardan foydalanish haqida hali ma’lum bo‘lmagan huquqlar mualliflik shartnomasi predmeti bo‘lishi mumkin emas.

To‘lanadigan haq mualliflik shartnomasida asardan foydalanishning tegishli usuli uchun olinadigan daromaddan foiz tarzida belgilanadi yoki agar buni asarning xususiyati yoki undan foydalanishning o‘ziga xos jihatlari bilan bog‘liq holda amalga oshirish mumkin bo‘lmasa, shartnomada qayd etilgan summa tarzida yoxud boshqacha tarzda belgilanadi. Mazkur haqning eng kam miqdorlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Agar asarni nashr etish yoki undan boshqacha tarzda foydalanish haqidagi mualliflik shartnomasida haq to‘lash qat’iy summa tarzida belgilansa, shartnomada asarning eng ko‘p adadi belgilab qo‘yilishi shart.

Mualliflik shartnomasi bo‘yicha o‘tkazilgan huquqlar bunday shartnomada to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazarda tutilgan taqdirdagina boshqa shaxslarga to‘liq yoki qisman o‘tkazilishi mumkin.

Mualliflik shartnomasining muallifni kelgusida mazkur mavzuda yoki mazkur sohada asarlar yaratishini cheklaydigan sharti o‘z-o‘zidan haqiqiy bo‘lmaydi.

Mualliflik shartnomasining ushbu Kodeks yoki boshqa qonunlar talablariga zid bo‘lgan shartlari haqiqiy emas.

1069-modda. Mualliflik shartnomasining shakli

Mualliflik shartnomasi yozma shaklda tuzilishi lozim, qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

1070-modda. Mualliflik shartnomasi bo‘yicha javobgarlik

Mualliflik shartnomasi bo‘yicha majburiyatlarni umuman yoki tegishli darajada bajarmagan taraf boshqa tarafga yetkazilgan zararning o‘rnini, shu jumladan boy berilgan foydani qoplashi shart.

1073-modda. Mualliflik munosabatlarini huquqiy jihatdan tartibga solish

Mualliflik munosabatlari ushbu Kodeks va boshqa qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.

61-bob. Turdosh huquqlar

1074-modda. Turdosh huquqlar ob’ektlari

Turdosh huquqlar ob’ektlari jumlasiga ijrolar, fonogrammalar, efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning ko‘rsatuvlari yoki eshittirishlari kiradi.

1075-modda. Turdosh huquqlar sub’ektlari

Ijrochilar, fonogrammalarni tayyorlovchilar, efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotlar turdosh huquqlar sub’ektlaridir.

Turdosh huquqlarning yuzaga kelishi va amalga oshirilishi uchun turdosh huquqlar ob’ektini ro‘yxatdan o‘tkazish yoki biron-bir boshqa rasmiyatchilikka rioya etish talab qilinmaydi.

Yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan ko‘rsatuv yoki eshittirishni efirga uzatish va kabel orqali yuborishni (retranslyatsiya ham shunga kiradi) amalga oshiruvchi yuridik va jismoniy shaxslar, ushbu Kodeksda va boshqa qonunlarda nazarda tutilgan hollardan tashqari, asardan, ijrodan, fonogrammadan yoxud efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning ko‘rsatuv yoki eshittirishidan faqat huquq egasi yoki boshqa vakolatli shaxs bilan tuzilgan shartnomaga binoan foydalanishlari mumkin. Retranslyatsiya mualliflar, ijrochilar, fonogrammalarni tayyorlovchilar va boshqa huquq egalarining efirga uzatish, kabel orqali yuborish, barchaning e’tiboriga yetkazishga bo‘lgan huquqlariga rioya qilingan holda amalga oshirilishi kerak.

1076-modda. Turdosh huquqlarning muhofaza belgilari

Fonogrammaga va (yoki) bunday fonogrammaga yozilgan ijroga bo‘lgan mutlaq huquqlar egalari o‘z huquqlaridan xabardor qilish uchun turdosh huquqlarning muhofaza belgisidan foydalanishlari mumkin bo‘lib, bu belgi fonogrammaning har bir nusxasida va (yoki) u saqlanadigan har bir g‘ilofda aks ettiriladi hamda quyidagi uch unsurdan iborat bo‘ladi:

aylana ichidagi lotincha «R» harfi;

mutlaq turdosh huquqlar egasining ismi (nomi);

fonogramma birinchi marta chop etilgan yil.

Nomi yoki ismi ushbu fonogrammada va (yoki) u saqlanadigan g‘ilofda odatiy tarzda ko‘rsatilgan yuridik yoki jismoniy shaxs, agar boshqacha hol isbotlanmagan bo‘lsa, fonogrammani tayyorlovchi deb e’tirof etiladi.

1077-modda. Ijrochining huquqlari

Ijrochiga quyidagi huquqlar tegishlidir:

ismiga bo‘lgan huquq;

ijroni ijrochining sha’ni va qadr-qimmatiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan har qanday tarzda buzib ko‘rsatilishidan yoki har qanday boshqacha tarzda tajovuz etilishidan himoya qilish huquqi;

ijrodan har qanday shaklda foydalanishga bo‘lgan mutlaq huquqlar, shu jumladan ijrochining ijrosidan foydalanishning har bir turi uchun haq olishga bo‘lgan huquq.

Ijrochining ijrodan foydalanishga bo‘lgan mutlaq huquqlari quyidagi harakatlarni amalga oshirish yoki bunday harakatlarga ruxsat berish huquqini anglatadi:

ijro yozuvini takrorlash (takrorlash huquqi);

ijro yozuvining asl nusxasi yoki nusxalarini sotish yoki mulk huquqini o‘zgacha tarzda boshqa shaxsga o‘tkazish yo‘li bilan tarqatish (tarqatish huquqi);

ijro yozuvini barchaning e’tiboriga yetkazish (barchaning e’tiboriga yetkazish huquqi);

ijro yozuvining asl nusxasi yoki nusxalarini, hatto ular ijrochining roziligi bilan tarqatilganidan keyin hamda asl nusxaga va nusxalarga bo‘lgan mulk huquqidan qat’i nazar, prokatga berish (prokatga berish huquqi);

ilgari yozilmagan ijrolarni yozib olish (yozib olish huquqi);

ijroni efirga uzatish yoki kabel orqali yuborish, agar bunday eshittirish yoki ko‘rsatuv uchun foydalaniladigan ijro ilgari efirga uzatilmagan bo‘lsa yoki yozuvdan foydalanilgan holda amalga oshirilmasa (yozib olinmagan ijroni efirga uzatish yoki kabel orqali yuborish huquqi);

ijro yozuvini efirga uzatish yoki kabel orqali yuborish, agar dastlab bu yozuv notijorat maqsadlar uchun tayyorlangan bo‘lsa (ijro yozuvini efirga uzatish yoki kabel orqali yuborish huquqi).

Agar ijro yozuvining nusxalari ularni sotish yoki mulk huquqini o‘zgacha tarzda boshqa shaxsga o‘tkazish vositasida fuqarolik muomalasiga qonuniy kiritilgan bo‘lsa, ularning bundan buyongi tarqatilishiga ijrochining roziligisiz va unga haq to‘lanmagan holda yo‘l qo‘yiladi.

Xizmat vazifalarini yoki ish beruvchining xizmat topshirig‘ini bajarish tartibida amalga oshirilgan ijrolarga nisbatan tegishincha ushbu Kodeksning 1062-moddasi qoidalari qo‘llaniladi.

Ijrochilar o‘z huquqlarini ijro etiladigan asarlar mualliflarining huquqlariga rioya etgan holda amalga oshirishlari kerak.

Ijro yozuvidan daromad olish maqsadida foydalanilganligi yoki undan foydalanish bunday maqsadga qaratilmaganligidan qat’i nazar, ijro yozuvidan foydalanilgan deb hisoblanadi.

1078-modda. Fonogrammani tayyorlovchining huquqlari

Fonogrammani tayyorlovchiga ushbu Kodeksga va boshqa qonunlarga muvofiq mazkur fonogrammadan foydalanishda mutlaq huquqlar tegishlidir.

Fonogrammani tayyorlovchining fonogrammadan foydalanishga bo‘lgan mutlaq huquqlari quyidagi harakatlarni amalga oshirish yoki bunday harakatlarga ruxsat berish huquqini anglatadi:

fonogrammani takrorlash (takrorlash huquqi);

fonogrammaning asl nusxasi yoki nusxalarini sotish yoki mulk huquqini o‘zgacha tarzda boshqa shaxsga o‘tkazish yo‘li bilan tarqatish (tarqatish huquqi);

fonogrammani barchaning e’tiboriga yetkazish (barchaning e’tiboriga yetkazish huquqi);

fonogrammaning asl nusxasi yoki nusxalarini, hatto ular fonogrammani tayyorlovchi tomonidan yoki uning roziligi bilan tarqatilganidan keyin hamda uning asl nusxasi yoki nusxalariga bo‘lgan mulk huquqidan qat’i nazar, prokatga berish (prokatga berish huquqi);

fonogrammaning asl nusxasi yoki nusxalarini, shu jumladan fonogrammaga bo‘lgan mutlaq huquqlar egasining roziligi bilan tayyorlangan nusxalarini tarqatish maqsadida import qilish (import qilish huquqi);

fonogrammani efirga uzatish yoki kabel orqali yuborish (efirga uzatish yoki kabel orqali yuborish huquqi);

fonogrammaga tuzatishlar kiritish yoki uni boshqacha usulda qayta ishlash (qayta ishlash huquqi).

Fonogrammani tayyorlovchi o‘z fonogrammasidan foydalanishning har bir turi uchun haq olish huquqiga ega.

Agar chop etilgan fonogramma nusxalari ularni sotish yoki mulk huquqini o‘zgacha tarzda boshqa shaxsga o‘tkazish vositasida fuqarolik muomalasiga qonuniy kiritilgan bo‘lsa, ularning bundan buyongi tarqatilishiga fonogrammani tayyorlovchining roziligisiz va unga haq to‘lanmagan holda yo‘l qo‘yiladi.

Fonogrammani tayyorlovchining ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan mutlaq huquqlari shartnoma bo‘yicha boshqa shaxslarga o‘tkazilishi mumkin. Bunday shartnomaga nisbatan tegishincha ushbu Kodeksning 1067, 1068 va 1069-moddalari qoidalari qo‘llaniladi.

Fonogrammalarni tayyorlovchilar o‘z huquqlarini foydalanilayotgan asarlar va ijrolar mualliflari hamda ijrochilarining huquqlariga rioya etgan holda amalga oshirishlari kerak.

Fonogrammadan daromad olish maqsadida foydalanilganligi yoki undan foydalanish bunday maqsadga qaratilmaganligidan qat’i nazar, fonogrammadan foydalanilgan deb hisoblanadi.

1079-modda. Efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning huquqlari

Efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotga o‘z ko‘rsatuvi yoki eshittirishidan foydalanishda ushbu Kodeksga va boshqa qonunlarga muvofiq mutlaq huquqlar tegishlidir.

Efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning o‘z ko‘rsatuvi yoki eshittirishidan foydalanishga bo‘lgan mutlaq huquqlari quyidagi harakatlarni amalga oshirish yoki bunday harakatlarga ruxsat berish huquqini anglatadi:

ko‘rsatuv yoki eshittirish yozuvini takrorlash (takrorlash huquqi);

ko‘rsatuv yoki eshittirish yozuvining asl nusxasi yoxud nusxalarini sotish yoki mulk huquqini o‘zgacha tarzda boshqa shaxsga o‘tkazish yo‘li bilan tarqatish (tarqatish huquqi);

ko‘rsatuv yoki eshittirish yozuvini barchaning e’tiboriga yetkazish (barchaning e’tiboriga yetkazish huquqi);

ko‘rsatuv yoki eshittirishni yozib olish (yozib olish huquqi);

kirish pulli joylarda ko‘rsatuv yoki eshittirishni barchaning e’tibori uchun yuborish (kirish pulli joylarda barchaning e’tibori uchun yuborish huquqi);

ko‘rsatuv yoki eshittirishni retranslyatsiya qilish (retranslyatsiya huquqi);

ko‘rsatuv yoki eshittirishni kabel orqali barchaning e’tibori uchun yuborish yoxud ko‘rsatuv yoki eshittirishni efirga uzatish (ko‘rsatuv yoki eshittirishni kabel orqali yuborish yoki efirga uzatish huquqi).

Efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilot o‘z ko‘rsatuvi yoki eshittirishidan foydalanishning har bir turi uchun haq olish huquqiga ega.

Efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan mutlaq huquqlari shartnoma bo‘yicha boshqa shaxslarga o‘tkazilishi mumkin. Bunday shartnomaga nisbatan tegishincha ushbu Kodeksning 1067, 1068 va 1069-moddalari qoidalari qo‘llaniladi.

Efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotlar o‘z huquqlarini foydalaniladigan asarlarning mualliflari hamda ijrolarning ijrochilari huquqlariga, tegishli hollarda esa fonogrammalarni tayyorlovchilar hamda efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotlar huquqlariga rioya etgan holda amalga oshirishlari kerak.

Efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning ko‘rsatuvi yoki eshittirishidan daromad olish maqsadida foydalanilganligidan yoki undan foydalanish bunday maqsadga qaratilmaganligidan qat’i nazar, ko‘rsatuv yoki eshittirishdan foydalanilgan deb hisoblanadi.

62-bob. Sanoat mulkiga bo‘lgan huquq (ixtiro, foydali model, sanoat namunasiga bo‘lgan huquq)

1082-modda. Ixtiro, foydali model, sanoat namunasini huquqiy jihatdan muhofaza qilish

Ixtiro, foydali model va sanoat namunasiga bo‘lgan huquq patent berilgan taqdirdagina muhofaza qilinadi.

Ixtiro, foydali model, sanoat namunasiga nisbatan qo‘yiladigan, patent olish huquqini vujudga keltiradigan talablar hamda O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining bunday hujjat berish tartibi qonun bilan belgilab qo‘yiladi.

1083-modda. Ixtiro, foydali model, sanoat namunasidan foydalanish huquqi

Patent bilan muhofazalangan ixtiro, foydali model, sanoat namunasidan o‘z xohishicha foydalanishdagi alohida huquq, shu jumladan muhofazalangan yechimlarni qo‘llangan holda mahsulot ishlab chiqarish, patent bilan muhofazalangan texnologik jarayonlarni o‘z ishlab chiqarishida qo‘llash, muhofazalangan yechimga ega bo‘lgan mahsulotlarni sotish yoki sotishga taklif etish, tegishli mahsulotlarni chetdan keltirish huquqi patent egasiga tegishlidir.

Patent egasidan boshqa shaxslar uning ruxsatisiz ixtiro, foydali model, sanoat namunasidan foydalanishga haqli emas, bunday foydalanish ushbu Kodeks yoki boshqa qonunga muvofiq patent egasining huquqlarini buzish hisoblanmaydigan hollar bundan mustasno.

Patentlangan ixtironi, foydali model yoki sanoat namunasini qo‘llangan holda mahsulotni ruxsatsiz tayyorlash, qo‘llanish, chetdan olib kelish, sotishga taklif etish, sotish, fuqarolik muomalasiga boshqa yo‘sinda kiritish yoki shu maqsadda saqlash, shuningdek ixtiro patenti bilan muhofaza qilinayotgan usulni qo‘llanish yoxud ixtiro patenti bilan muhofaza qilinayotgan usul vositasidagina tayyorlangan mahsulotni fuqarolik muomalasiga kiritish yoki shu maqsadda saqlash patent egasi alohida huquqining buzilishi hisoblanadi.

Boshqacha holat isbotlangunga qadar mahsulot patentlangan usul bilan tayyorlangan hisoblanadi.

1084-modda. Patentga bo‘lgan huquqni tasarruf etish

Patent olish huquqi, talabnomani ro‘yxatdan o‘tkazishdan kelib chiqadigan huquqlar, patentga egalik huquqi va patentdan kelib chiqadigan huquqlar boshqa shaxsga to‘liq yoki qisman berilishi mumkin.

1085-modda. Mualliflik huquqi

Ixtiro, foydali model, sanoat namunasiga mualliflik huquqi va maxsus nom berish huquqi ixtiro, foydali model, sanoat namunasining muallifiga tegishlidir.

Ixtiro, foydali model, sanoat namunasiga bo‘lgan mualliflik huquqi va boshqa shaxsiy huquqlar patentga asoslangan huquqlar yuzaga kelgan paytdan e’tiboran vujudga keladi.

Ixtiro, foydali model, sanoat namunasi muallifini qonun maxsus huquqlar, imtiyozlar va ijtimoiy tusdagi afzalliklar bilan ta’min etishi mumkin.

Talabnomada muallif tariqasida ko‘rsatilgan shaxs boshqacha holat isbotlangunga qadar muallif hisoblanadi. Huquq yuzaga kelishidan avval mavjud bo‘lgan faktlar va holatlargina dalil tariqasida jalb etilishi mumkin.

1086-modda. Ixtiro, foydali model, sanoat namunasining hammualliflari

Ixtiro, foydali model, sanoat namunasi hammualliflarining o‘zaro munosabatlari ular o‘rtasidagi kelishuv bilan belgilab qo‘yiladi.

Ixtiro, foydali model, sanoat namunasini yaratishga noijodiy yordam berish (texnikaviy, tashkiliy yoki matematik yordam, huquqlarni rasmiylashtirishga ko‘maklashish va hokazolar) hammualliflikka sabab bo‘lmaydi.

1087-modda. Xizmat ixtirolari, foydali modellari, sanoat namunalari

Xodim o‘z xizmat majburiyatlarini yoki ish beruvchidan olgan aniq topshiriqni bajarish vaqtida yaratgan ixtiro, foydali model, sanoat namunasiga (xizmat ixtirosiga) patent olish huquqi, basharti bu ular o‘rtasidagi shartnomada nazarda tutilgan bo‘lsa, ish beruvchiga tegishli bo‘ladi.

Xizmat ixtirosi, foydali modeli, sanoat namunasi uchun muallifga to‘lanadigan mukofot puli miqdori, to‘lov sharti va tartibi u bilan ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuv bilan belgilab qo‘yiladi. Kelishuvga erishilmagan taqdirda qarorni sud chiqaradi. Basharti muallif va ish beruvchining xizmat ixtirosi, foydali modeli yoki sanoat namunasini yaratishga qo‘shgan hissasini aniq belgilashning iloji bo‘lmasa, ish beruvchi olgan yoki oladigan foydaning yarmisiga bo‘lgan huquq muallifniki deb e’tirof etiladi.

1088-modda. Patentga bo‘lgan huquqni boshqa shaxsga o‘tkazish to‘g‘risidagi shartnomaning shakli

Patentga bo‘lgan huquqni boshqa shaxsga o‘tkazish to‘g‘risidagi (patentni berish to‘g‘risidagi) shartnoma yozma shaklda tuzilishi va O‘zbekiston Respublikasining Intellektual mulk agentligida ro‘yxatdan o‘tkazilishi lozim. Uni yozma shaklda tuzishga yoki ro‘yxatdan o‘tkazish talabiga rioya etmaslik shartnomaning haqiqiy emas deb topilishiga sabab bo‘ladi.

1089-modda. Ixtiro, foydali model, sanoat namunasidan foydalanish ruxsatnomasining (litsenziya- sining) shakli

Litsenziya shartnomasi va qo‘shimcha litsenziya shartnomasi yozma shaklda tuziladi va O‘zbekiston Respublikasining Intellektual mulk agentligida ro‘yxatdan o‘tkazilishi lozim. Uni yozma shaklda tuzishga yoki ro‘yxatdan o‘tkazish talabiga rioya etmaslik shartnomaning haqiqiy emas deb topilishiga sabab bo‘ladi.

1090-modda. Patentni buzganlik uchun javobgarlik

Patentni buzish patent egasining talabi bilan to‘xtatilishi, qoidabuzar esa patent egasiga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplashi shart. Patent egasi ko‘rilgan zarar o‘rniga qoidabuzardan qoidabuzarlik oqibatida olgan daromadlarini undirib olishga haqlidir.

63-bob. O‘simliklarning yangi navlari va hayvonlarning yangi zotlariga bo‘lgan huquq

1091-modda. O‘simliklarning yangi navlari va hayvonlarning yangi zotlariga bo‘lgan huquqlarni muhofaza qilish

O‘simliklarning yangi navlari va hayvonlarning yangi zotlariga (seleksiya yutuqlariga) bo‘lgan huquqlar patent berilgan taqdirdagina muhofaza qilinadi.

Seleksiya yutug‘iga patent olish huquqini vujudga keltiradigan talablar hamda bunday patentni berish tartibi qonun bilan belgilab qo‘yiladi.

Seleksiya yutuqlariga bo‘lgan huquqlar hamda bu huquqlarni muhofaza qilish bilan bog‘liq munosabatlarga nisbatan, basharti ushbu bobning qoidalari va qonunda o‘zgacha hol nazarda tutilgan bo‘lmasa, ushbu Kodeksning tegishincha 1084 –– 1090-moddalari qoidalari tadbiq etiladi.

1092-modda. Seleksiya yutug‘i muallifining haq olish huquqi

Seleksiya yutug‘ining patent egasi bo‘lmagan muallifi seleksiya yutug‘idan foydalanganlik uchun patentning amal qilish muddati davomida patent egasidan haq olish huquqiga ega.

Seleksiya yutug‘i muallifiga to‘lanadigan haq miqdori va to‘lov shartlari u bilan patent egasi o‘rtasida tuziladigan shartnomada belgilab qo‘yiladi.

1093-modda. Patent egasining huquqi

Seleksiya yutug‘i patentining egasi seleksiya yutug‘idan qonunda belgilab qo‘yilgan doirada foydalanish bo‘yicha alohida huquqqa egadir.

1094-modda. Patent egasining majburiyati

Seleksiya yutug‘i patentining egasi o‘simlikning tegishli navi yoki hayvonlarning tegishli zotini patentning amal qilish muddati davomida ularni ro‘yxatga olish vaqtida tuzilgan nav yoki zot tavsifida aytib o‘tilgan belgilar saqlab qolinadigan tarzda asrashi shart.

64-bob. Oshkor etilmagan axborotni noqonuniy foydalanishdan muhofaza qilish

1095-modda. Oshkor etilmagan axborotni muhofaza qilish huquqi

Uchinchi shaxslarga ma’lum bo‘lmagan texnikaviy, tashkiliy yoki tijorat axborotiga, shu jumladan ishlab chiqarish sirlariga (nou-xau) qonunan ega bo‘lib turgan shaxs uni (oshkor etilmagan axborotni), basharti ushbu Kodeksning 98-moddasida belgilab qo‘yilgan shartlarga rioya etilgan bo‘lsa, noqonuniy foydalanishdan muhofaza qilish huquqiga ega.

Oshkor etilmagan axborotni noqonuniy foydalanishdan muhofaza qilish huquqi bu axborotga nisbatan biron-bir rasmiyatchilikni bajarishdan (uni ro‘yxatdan o‘tkazish, guvohnoma olish va hokazodan) qat’i nazar vujudga keladi.

Oshkor etilmagan axborotni muhofaza qilish qoidasi qonunga muvofiq xizmat yoki tijorat siri bo‘la olmaydigan ma’lumotlarga (yuridik shaxslar to‘g‘risidagi, mol-mulkka bo‘lgan huquqlar va mol-mulk xususida tuzilib, davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladigan kelishuvlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarga, davlat statistika hisoboti tariqasida taqdim etiladigan ma’lumotlar va hokazolarga) nisbatan tatbiq etilmaydi.

Oshkor etilmagan axborotni muhofaza qilish huquqi ushbu Kodeksning 98-moddasida nazarda tutilgan shartlar saqlanib turgan paytga qadar amal qiladi.

1096-modda. Oshkor etilmagan axborotdan noqonuniy foydalanganlik uchun javobgarlik

Oshkor etilmagan axborotni qonuniy asosi bo‘lmay turib olgan yoki tarqatgan yoxud undan foydalanayotgan shaxs bu axborotga qonunan ega bo‘lib turgan shaxsga axborotdan noqonuniy foydalanganlik natijasida yetkazilgan zararni to‘lashi shart.

Oshkor etilmagan axborotdan noqonuniy foydalanayotgan shaxs bu axborotni uni tarqatishga huquqi bo‘lmagan shaxsdan olgan bo‘lsa, axborotni qo‘lga kirituvchi shaxs bundan bexabar bo‘lsa va buni bilmasligi kerak bo‘lsa (axborotni insofli egallovchi), oshkor etilmagan axborotning qonuniy egasi axborotni insofli egallovchi axborotdan foydalanayotganligi noqonuniy ekanligini bilib qolganidan so‘ng oshkor etilmagan axborotdan foydalanganlik natijasida yetkazilgan zararlarni qoplashni undan talab qilishga haqlidir.

Oshkor etilmagan axborotga qonunan ega bo‘lib turgan shaxs bu axborotdan noqonuniy foydalanayotgan shaxsdan axborotdan foydalanishni darhol to‘xtatishni talab qilishga haqlidir. Biroq sud oshkor etilmagan axborotni insofli egallovchi undan foydalanganda sarflagan mablag‘larini inobatga olib, bu axborotdan haq to‘lab olinadigan alohida litsenziya asosida bundan buyon ham foydalanishiga ruxsat etishi mumkin.

Oshkor etilmagan axborot mazmunini tashkil etuvchi ma’lumotlarni mustaqil tarzda va qonunan olgan shaxs bu ma’lumotlardan, tegishli oshkor etilmagan axborot egasining huquqlaridan qat’i nazar, foydalanishga haqli va bunday foydalanish uchun uning oldida javob bermaydi.

1097-modda. Oshkor etilmagan axborotni noqonuniy foydalanishdan muhofaza qilish huquqining boshqa shaxsga o‘tishi

Oshkor etilmagan axborotga ega bo‘lgan shaxs bu axborot mazmunini tashkil etuvchi ma’lumotlarning hammasini yoki bir qismini litsenziya shartnomasi asosida boshqa shaxsga berishi mumkin.

Litsenziat shartnoma bo‘yicha olgan axborotlarning maxfiyligini muhofaza qilishga doir kerakli choralarni ko‘rishi shart va uni uchinchi shaxslarning noqonuniy foydalanishidan muhofaza qilishda litsenziarniki singari huquqlarga ega. Shartnomada o‘zgacha hol nazarda tutilgan bo‘lmasa, axborotlarning maxfiyligini saqlash majburiyati, basharti tegishli ma’lumotlar oshkor etilmagan axborot tariqasida qolaversa, litsenziya shartnomasi bekor bo‘lganidan keyin ham litsenziatning zimmasida bo‘ladi.

65-bob. Fuqarolik muomalasi qatnashchilari, tovarlar, ishlar va xizmatlarni shaxsiylashtirish vositalari

1-§. Firma nomi

1098-modda. Firma nomiga bo‘lgan huquq

Yuridik shaxs tovarlarda, ularning idishi va o‘rovida, reklamada, peshlavhalarda, bosma ma’lumotnomalarda, hisobvaraqlarda, bosma nashrlarda, rasmiy blankalarda va o‘zining faoliyati bilan bog‘liq boshqa hujjatlarda, shuningdek mahsulotlarni O‘zbekiston Respublikasi hududida o‘tkazilayotgan ko‘rgazma va yarmarkalarda namoyish etish vaqtida firma nomidan foydalanishda alohida huquqqa ega.

Yuridik shaxsning firma nomi uning ta’sis hujjatlarida ko‘rsatiladi. Firma nomiga bo‘lgan huquq yuridik shaxs davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan vaqtdan e’tiboran yuzaga keladi.

Yuridik shaxsning firma nomi tegishli yuridik shaxslarni aynan bir deb hisoblashga olib kelishi mumkin bo‘lgan darajada avval ro‘yxatdan o‘tkazilgan nomga o‘xshab ketadigan bo‘lsa, u ro‘yxatga olinishi mumkin emas.

1099-modda. Yuridik shaxsning firma nomidan tovar belgisida foydalanish

Yuridik shaxsning firma nomidan unga tegishli tovar belgisida foydalanilishi mumkin.

1100-modda. Firma nomiga bo‘lgan huquqning amal qilishi

Yuridik shaxsning belgisi tariqasida O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatga olingan nomga bo‘lgan alohida huquq O‘zbekiston Respublikasi hududida amal qiladi.

Chet davlatda ro‘yxatga olingan yoki umum e’tirof etgan nomga O‘zbekiston Respublikasi hududida alohida huquq qonunda nazarda tutilgan hollardagina amal qiladi.

Firma nomiga bo‘lgan huquqning amal qilishi yuridik shaxs tugatilishi bilan yoki uning firma nomi o‘zgarishi bilan bekor bo‘ladi.

1101-modda. Firma nomiga bo‘lgan huquqni boshqa shaxsga berish

Yuridik shaxsning firma nomiga bo‘lgan huquqni boshqa shaxsga berish va o‘tkazishga faqat yuridik shaxs qayta tashkil etilgan hamda umuman korxona boshqa shaxsga berilgan hollardagina yo‘l qo‘yiladi.

Firma nomiga bo‘lgan huquq egasi boshqa shaxsga o‘zining bu nomidan foydalanishga ruxsat etishi (litsenziya berishi) mumkin. Biroq bunda litsenziya shartnomasida iste’molchini chalg‘itib qo‘yishni istisno etuvchi choralar shart qilib qo‘yilishi lozim.

2-§. Tovar belgisi (xizmat ko‘rsatish belgisi)

1102-modda. Tovar belgisini huquqiy jihatdan muhofaza qilish

Tovar belgisi (xizmat ko‘rsatish belgisi) uni ro‘yxatdan o‘tkazish asosida huquqiy jihatdan muhofaza qilinadi.

Tovar belgisiga bo‘lgan huquq tovar belgisi (xizmat ko‘rsatish belgisi) ro‘yxatga olinganligi to‘g‘risidagi guvohnoma bilan tasdiqlanadi.

1103-modda. Tovar belgisidan foydalanish va uning daxlsizligi huquqi

Tovar belgisiga bo‘lgan huquq egasi o‘ziga tegishli belgidan foydalanishda va uni tasarruf etishda alohida huquqqa ega. Tovar belgisiga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritishdan iborat alohida huquq ham tovar belgisiga bo‘lgan huquq egasiga tegishlidir.

Tovar belgisini Qonunda belgilangan tartibda har qanday tarzda muomalaga kiritish undan foydalanish deb hisoblanadi.

Tovar belgisini nashr etganda, uni ko‘pchilik oldida ijro etganda yoki undan o‘zgacha tarzda foydalanganda tovar belgisining o‘ziga ham, uning belgilariga ham biror-bir o‘zgartishlar kiritishga faqat unga bo‘lgan huquq egasining roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi.

Tovar belgisining daxlsizligiga bo‘lgan huquq tovar belgisiga bo‘lgan huquq egasiga tegishlidir.

1104-modda. Tovar belgisidan foydalanmaganlik oqibatlari

Tovar belgisidan oxirgi besh yil davomida uzrli sababsiz uzluksiz foydalanilmagan taqdirda, uning ro‘yxatdan o‘tkazilganligi istalgan manfaatdor shaxsning talabi bo‘yicha bekor qilinishi mumkin.

Tovar belgisidan foydalanish uchun litsenziya berilishi undan foydalanish deb hisoblanadi.

1105-modda. Tovar belgisiga bo‘lgan huquqning boshqa shaxsga o‘tishi

Guvohnomada ko‘rsatilgan tovarlar, ishlar va xizmatlarning barcha guruhlariga yoki bir qismiga nisbatan tovar belgisiga bo‘lgan huquqni uning egasi shartnoma asosida boshqa shaxsga berishi mumkin.

Tovar belgisiga bo‘lgan huquqni, basharti u tovar yoki uning tayyorlovchisi haqida chalg‘ishga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lsa, boshqa shaxsga berishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Tovar belgisiga bo‘lgan huquqning boshqa shaxsga o‘tishi, shu jumladan uni shartnoma asosida yoki huquqiy vorislik tartibida boshqa shaxsga berish O‘zbekiston Respublikasining Intellektual mulk agentligida ro‘yxatdan o‘tkazilmog‘i lozim.

1106-modda. Tovar belgisiga bo‘lgan huquqni boshqa shaxsga berish to‘g‘risidagi shartnomaning shakli

Tovar belgisiga bo‘lgan huquqni boshqa shaxsga berish to‘g‘risidagi yoki litsenziya berish haqidagi shartnoma yozma shaklda tuzilishi va O‘zbekiston Respublikasining Intellektual mulk agentligida ro‘yxatdan o‘tkazilishi lozim.

Yozma shaklga va ro‘yxatdan o‘tkazish talabiga rioya etmaslik shartnomaning haqiqiy emas deb topilishiga sabab bo‘ladi.

1107-modda. Tovar belgisiga bo‘lgan huquqni buzganlik uchun javobgarlik

Tovar belgisidan qonunga xilof ravishda foydalanayotgan shaxs qoidabuzarlikni to‘xtatishi va tovar belgisining egasiga yetkazilgan zararni to‘lashi shart.

Tovar belgisidan qonunga xilof ravishda foydalanayotgan shaxs tayyorlab qo‘yilgan tovar belgisi tasvirlarini yo‘q qilishi, qonunga xilof ravishda foydalanayotgan tovar belgisini yoki almashtirib yuborish darajasida unga o‘xshash bo‘lgan belgini tovardan yoki uning idishi va o‘rovidan yo‘qotishi shart.

Ushbu moddaning ikkinchi qismida belgilab qo‘yilgan talablarni bajarishning iloji bo‘lmagan taqdirda, tegishli tovar yo‘q qilib tashlanishi lozim.

11071-modda. Tovar belgisiga doir mutlaq huquqning tugashi

Bevosita tovar belgisining egasi tomonidan yoki uning roziligi bilan fuqarolik muomalasiga qonuniy tarzda kiritilgan tovarlarga nisbatan tovar belgisidan boshqa shaxslarning foydalanishi mazkur tovar belgisiga doir mutlaq huquqning buzilishi bo‘lmaydi.

3-§. Tovar chiqarilgan joy nomi

1108-modda. Tovar chiqarilgan joy nomini huquqiy jihatdan muhofaza qilish

Tovar chiqarilgan joy nomi uni ro‘yxatga olish asosida huquqiy jihatdan muhofaza qilinadi.

Mamlakat, aholi punkti, joy yoki boshqa jo‘g‘rofiy ob’ektning tovarni belgilash uchun ishlatiladigan nomi alohida xususiyatlari tamomila yoki asosan ana shu jo‘g‘rofiy ob’ektga xos tabiiy sharoitlar yoki boshqa omillar yoxud tabiiy sharoitlar va bu omillarning o‘zaro birikmasi bilan belgilanadigan tovar chiqarilgan joy nomi (kelib chiqish ko‘rsatkichi) deb e’tirof etiladi.

Jo‘g‘rofiy ob’ektning tarixiy nomi tovar chiqarilgan joyning nomi bo‘lishi mumkin.

Garchi jo‘g‘rofiy ob’ektning nomi bo‘lsa-da yoki shu nomni o‘z tarkibiga olgan bo‘lsa-da, ammo O‘zbekiston Respublikasida muayyan turdagi tovarning u tayyorlangan joy bilan bog‘liq bo‘lmagan belgisi sifatida umumiy iste’molga kirib ketgan belgi tovar chiqarilgan joy nomi deb e’tirof etilmaydi va ushbu paragraf qoidalariga muvofiq huquqiy muhofaza maqsadlarida ro‘yxatdan o‘tkazilmaydi. Biroq bu hol bunday nomdan insofsizlik bilan foydalanish natijasida huquqi buzilgan shaxsni o‘z huquqlarini qonunda nazarda tutilgan boshqacha usullar bilan muhofaza qilish imkoniyatidan mahrum etmaydi.

Tovar chiqarilgan joy nomini O‘zbekiston Respublikasining Intellektual mulk agentligi ro‘yxatdan o‘tkazadi.

Ro‘yxatga olish asosida tovar chiqarilgan joy nomidan foydalanish huquqi to‘g‘risida guvohnoma beriladi.

Ro‘yxatga olish, guvohnoma berish, ro‘yxatga olishni haqiqiy emas deb topish hamda ro‘yxatga olish va guvohnomaning amal qilishini to‘xtatish tartibi va shartlari qonun bilan belgilab qo‘yiladi.

1109-modda. Tovar chiqarilgan joy nomidan foydalanish huquqi

Tovar chiqarilgan joy nomidan foydalanish huquqiga ega bo‘lgan shaxs bu nomni tovarda, idish va o‘rovda, reklamada, bosma ma’lumotnomalarda, hisobvaraqlarda ishlatish hamda ushbu tovarning fuqarolik muomalasiga kiritilishi munosabati bilan joy nomidan boshqacha tarzda foydalanishga haqlidir.

Tovar chiqarilgan joyning nomi ushbu Kodeks 1108-moddasining birinchi, ikkinchi va uchinchi qismlarida aytib o‘tilgan talablarga javob beradigan tovarni belgilash uchun bir necha shaxs tomonidan ham birgalikda, ham bir-biridan mustaqil tarzda ro‘yxatdan o‘tkazilishi mumkin. Tovar chiqarilgan joy nomidan foydalanish huquqi ana shu shaxslarning har biriga tegishlidir.

Tovar chiqarilgan joy nomidan foydalanish huquqini boshqa shaxsga berishga, uni boshqa shaxsga o‘tkazish haqidagi boshqa bitimlarga va uni litsenziya asosida foydalanish uchun berishga yo‘l qo‘yilmaydi.

1110-modda. Tovar chiqarilgan joy nomini huquqiy jihatdan muhofaza etishning amal qilish sohasi

O‘zbekiston Respublikasida uning hududidagi tovarlar chiqarilgan joylarning nomlari huquqiy jihatdan muhofaza qilinadi.

Boshqa davlatdagi tovar chiqarilgan joy nomi, basharti bu nom tovar chiqarilgan mamlakatda, shuningdek ushbu Kodeksga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining Intellektual mulk agentligida ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasida huquqiy jihatdan muhofaza qilinadi.

1111-modda. Tovar chiqarilgan joy nomidan qonunga xilof foydalanganlik uchun javobgarlik

Tovar chiqarilgan joy nomidan foydalanish huquqiga ega bo‘lgan shaxs, shuningdek iste’molchilar huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar bu nomdan qonunga xilof foydalanayotgan shaxsdan nomdan foydalanishni to‘xtatish, tovardan, uning idishi va o‘rovidan, blankalar va boshqa hujjatlardan qonunga xilof foydalanilayotgan nomni yoki nom bilan adashtiradigan tarzda juda o‘xshash belgini yo‘qotishni, tayyorlab qo‘yilgan nom tasvirlarini va nom bilan adashtiradigan tarzda o‘xshash belgilarni yo‘q qilib tashlashni, basharti buning iloji bo‘lmasa tovarni va (yoki) idish va o‘rovni olib qo‘yish hamda yo‘q qilib tashlashni talab qilishga haqlidir.

Tovar chiqarilgan joy nomidan foydalanish huquqiga ega bo‘lgan shaxs bu huquqni buzuvchidan o‘ziga yetkazilgan zararning qoplanishini talab qilishga haqlidir.

Kuchga kirish sanasi 01.03.1997

Manba: Lex.uz | Lex.uz’da toʻliq hujjatni oʻqish