Foto: AKT.UZ

Talabalar Milliy kutubxonadagi nodir kitoblar bilan tanishdilar

26-fevral kuni Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Axborotlashtirish va kutubxonashunoslik yo‘nalishi 4-bosqich 694-15 guruh talabalari O‘zbekiston Milliy kutubxonasining “Qo‘lyozmalar, nodir va alohida qimmatga ega nashrlar xizmati” faoliyati bilan tanishdilar. Ushbu tashrif Nodir va qo‘lyozma asarlarni saqlash fani doirasida tashkil etildi. Milliy kutubxonaning yuqorida tilga olingan xizmati rahbari Nargiza Zaitova talabalarga bo‘lim faoliyati haqida qiziqarli va foydali ma’lumotlar berdi.

Milliy kutubxonaning Qo‘lyozmalar, nodir va alohida qimmatga ega nashrlar fondida noyob manbalarning 28000 dan ortig‘i saqlanmoqda. Bu yerda XIV-XIX asrlarda Movarounnahr va Xurosonda yaratilgan qo‘lyozma va toshbosma asarlar, XVII-XVIII asrlarda G‘arbiy Yevropada chop etilgan noyob kitoblar bor.

Albatta, bu qadar qimmatli kitoblarni saqlash va ularni kelajak avlodga yetkazish mutaxassislardan mehnat va mashaqqatni talab etadi. Qolaversa, noyob kitoblarni restavratsiya qilish, yan’ni tiklash jarayoni ham murakkab jarayondir. Restavrator bunda ehtiyotkorlik bilan ishlashi lozim.

Qanday kitoblarni noyob kitoblar deymiz?

  • Kitoblarning “yoshi kattaligi”ga ko‘ra;
  • Poligrafik bezagi, ya’ni nashriyotchilik bezaklari jihatidan qadimiy va takrorlanmasligi;
  • Kitobning nusxalar soniga ko‘ra (yagona nusxada saqlanib qolgan kitobning qadri oshadi);
  • Qadimiy nashrda muallifning dastxati yoki so‘zlari o‘z qo‘li bilan bitilgan bo‘lsa;
  • Kitobdagi ma’lumotlarning qimmatligiga ko‘ra.

Talabalar o‘zlari qiziqqan mavzularda savollar berishdi va mutaxassisdan javoblar olishdi.

Talabalar tashrifi haqida Milliy kutubxona saytida o‘qing.

Bitta fikr

Fikr qoldirish

Email manzilingiz sir tutiladi. * Barcha maydonlarni to‘ldiring.