pe109s

Park-Ekstenshn ommaviy kutubxonasi

Monreal kutubxonalar tarmog’iga kiruvchi Park-Ekstenshn kutubxonasi 2003-yil fevral oyida ochilgan. Bu kutubxona bir qancha madaniyatlar kesishgan nuqtada – Park-Ekstenshn hududida joylashgan bo’lib, 32 mingdan ortiq aholisi bor. Hudud aholisi ingliz va fransuz tillarini hisobga olmaganda 40 dan ortiq tilda gapiradi.

Kutubxona koordinatalari:
Manzil: 421 Rue Saint-Roch, Montréal, QC H3N 1K2, Kanada
Telefon: 514 872-6071 (Adultes et  jeunes)
Web-sayti: bibliomontreal.com

Monrealning bu hududiga o’n yillar davomida immigrantlar ko’chib kela boshlashgan. Masalan, o’tgan asrning 60- va 70-yillarida Gretsiya, Hindiston, Pokiston, Shri-Lanka, Bangladesh va Gaitidan odamlar ko’chib kelishgan. Bu kishilar uchun Park-Ekstenshn hayotiy reallik bilan duch kelgan joy hisoblanadi. Bu yerga ko’chib kelganlarning 40%i Monrealning boshqa joylariga ko’chib ketishgan. Chunki bu yerda ishsizlik darajasi Monrealning boshqa hududlariga qaraganda ancha yuqori. Aholining o’rtacha uchdan bir qismi hatto maktabning 9 sinfini ham to’liq bitirmaydilar. Umuman olganda, Monrealning bu hududi nisbatan yosh hisoblanadi – aholining yarmi 35 yoshdan kichikdir.

Kutubxonaning hozirgi ko’rinishga va resurslarining hozirgi kundagidek bo’lishiga milliy va madaniy faktorlar ta’sir qilgan. Shunday qilib, kutubxona xizmatlari hudud aholisining ijtimoiy salohiyatini yaxshilash uchun, ularning Monrealga moslashishlari, Kvebek provinsiyasi aholisi gapiradigan fransuz tilini oson o’zlashtirishlari uchun mo’ljallangan. Bu yerda yashovchi odamlar kutubxonada ishlab turgan lingafon xonalaridan o’z til salohiyatlarini oshirishlari uchun foydalanishlari mumkin.

Kutubxona fondida 100 mingdan ortiq nomdagi kitoblar saqlanmoqda, til o’rganish kurslari va materiallari bor. Bular hududga ko’chib kelgan odamlarga ish topishda qiynalmasliklari uchun va notanish maishiy hayotga oson ko’nikishlari uchun yordam beradi. Fransuz tilidan tashqari yunon, gujarat, tamil, bengal, panjob, urdu, hind, kreol, ispan va italyan tillaridagi materiallarga ham alohida e’tibor beriladi. Park-Ekstenshn hududining etnik xilma-xilligini ta’minlashda bu materiallarning ahamiyati katta.

Kundan-kunga fransuz tilida gapiruvchi yosh oilalar Park-Ekstenshn hududiga ko’chib kelishmoqda va kutubxona xizmatlaridan faol foydalanishmoqda. Ular hududda yashash uchun yoki uning madaniy xilma-xilligiga qiziqib kelishmoqda. Yerlik aholi, shuningdek, shaharning boshqa aholisi Monreal kutubxonasi a’zoligiga o’tib, kutubxona xizmatlaridan har kuni, bepul foydalanishlari mumkin.

Kutubxona ish faoliyatini boshlagandan beri undan foydalanuvchilar soni ortmoqda. 2007-yilda foydalanuvchilar soni 169 mingni tashkil qilgan, ular 197 ming nashrlardan foydalanishmoqda. Kutubxonaning barcha resurslari – 100 minglik fond foydalanuvchilar uchun butunlay ochiq. Foydalanuvchilarning 65%ini esa bolalar tashkil etadi.

Axborot-ma’lumotnoma xizmati, kitoblar va boshqa hujjatlarga bron qilish (oldindan band qilish), kutubxonalararo abonement va internet resurslariga simsiz kirish imkoniyati kabi oddiy xizmatlardan tashqari kutubxona turli yoshdagi foydalanuvchilarga ko’ngilochar dasturlarni ham taklif qiladi. Bu dasturlarni maxsus saralab olingan uch kutubxonachi yaratadi. Kattalar va bolalar uchun har xil ko’ngilochar dasturlar ishlab chiqiladi. Bu haqda kutubxona saytidan ma’lumot olish mumkin. Aholi bilan aloqani ta’minlash maqsadida kutubxona mahalliy ijtimoiy tashkilotlar bilan hamkorlikda ish olib boradi.  Hamkorlik natijasida turli loyihalar hayotga tatbiq etiladi.

Bir so’z bilan aytganda, Park-Ekstenshn ommaviy kutubxonasi hudud ijtimoiy hayotida muhim rol o’ynaydi. Sababi kutubxona ularning har kunlik hayotlaring ajralmas qismidir.

O‘QING: Latviya Milliy kutubxonasi yangi binosi – “Dunyo saroyi”

Fikr qoldirish

Email manzilingiz sir tutiladi. * Barcha maydonlarni to‘ldiring.