Ivan Turgenev

Ablah

Hikoya


 

B

or ekan-da, yoʻq ekan, bir ablah boʻlgan ekan.

U uzoq vaqt xush-xandon, yegani oldida, yemagani ketida yashabdi, biroq, bora-bora uning qulogʻiga miyasi aynib qolib, muttahamlik qilayotgani haqida gap-soʻzlar kela boshlabdi.

Ablah bundan gʻazabga kelibdi va noxush gap-soʻzlarning qanday qilib oldini olish haqida chuqur oʻyga tolgandan tolibdi. Nihoyat, toʻsatdan miyasiga «lip» etib kelib qolgan fikr uning mash’um niyatlarini amalga oshirish uchun yoʻl ochib beradigandek tuyulibdi. U bir zum ham kechiktirib oʻtirmay gʻarazli niyatini roʻyobga chiqarishga oshiqibdi. Yoʻlda ketayotsa, unga bir tanishi uchrab qolibdi va taniqli rassomni maqtay ketibdi.
— Meni ma’zur tutasiz! — deya shangʻillabdi ablah. — Oʻsha rassomingiz allaqachon arxivga surib tashlangan... Siz buni haliyam bilmaysizmi?! Men sizdan buni hech ham kutmagan edim... Siz — qoloq odam ekansiz.

Tanishi qoʻrqib ketibdi va darhol ablahning soʻzlariga qoʻshilibdi.

Men bugun shunday ajoyib bir kitob oʻqidimki, — dedi unga boshqa tanishi uchrab.
— Ma’zur tutasiz! — shangʻillabdi ablah. — Nahotki shunday deyishdan uyalmasangiz. Oʻsha siz oʻqigan kitob bir pulga qimmat-ku, axir! Allaqachon hamma undan qoʻlini yuvib, qoʻltiqqa urgan! Siz shuniyam bilmaysizmi? Siz — qoloq odam ekansiz.

Qarabsizki, uning bu tanishi ham qoʻrqib ketib, ablahning soʻzlariga qoʻshilibdi.
— Mening N. N. degan doʻstim ajoyib inson-da! — dedi uchinchi tanishi ablahga. — Haqiqiy odamoxun inson!
— Ma’zur tutasiz! — deya mingʻirlabdi ablah. — N. N. deganingiz uchiga chiqqan muttaham! Barcha qarindosh-urugʻlarini talab, adoi tamom qildi. Buni kim bilmaydi, deysiz? Siz — qoloq odam ekansiz.

Ablahning uchinchi tanishi ham qoʻrqib ketganidan uning soʻzlariga ishonibdi va oʻsha doʻstidan uzoqlashibdi.

Ablahning huzurida kim boʻlmasin, maqtalsa bas, unda hammasiga bitta ta’na toshi taxt turarkan.

Ba’zan e’tirozli ohangda qoʻshib qoʻyarkan:
— Siz haliyam obroʻ-e’tibor degan narsaga ishonasizmi?

Tanishlari ablah haqida:
— Badjahl! Naq chayonning oʻzi! — deya soʻz boshlasharkan, qoʻshib qoʻyishardi: — Ammo miyasi zoʻr ishlaydi!
— Tilini aytmaysizmi? — deya soʻz qistirib qoʻyisharkan boshqalari. — Ha, u chinakam iste’dod!

Bu voqea shu bilan tugabdiki, bir gazeta noshiri ablahga tanqidiy boʻlimni boshqarishni taklif etibdi.

Shundan keyin desangiz, ablah deganingiz na oʻz xatti-harakatlarini, na tovush ohanglarini tariqcha boʻlsin oʻzgartirmagan holda barcha-barchaga ta’na toshlarini yogʻdira boshlabdi.

Qachonlardir «obroʻ-e’tibor»ga qarshi qichqirgan ablah — oʻzi endi obroʻ-e’tiborga aylanibdi-qolibdi. Yoshlar esa uni koʻklarga koʻtaradigan va undan qoʻrqadigan boʻlishibdi.

Ha, bechora yoshlar nimayam qilishsin, endi? Umuman, aytganda, koʻklarga koʻtarish shart boʻlmasa-da... qani, koʻklarga koʻtarmay koʻr-chi.
— Qoloqlar safiga qoʻshilib qolishing hech gapmas!

Ha: qoʻrqoqlar orasida ablahlar huzur topar ekanlar!

 


Bizni kuzating:

Fikr qoldirish

Email manzilingiz sir tutiladi. * Barcha maydonlarni to‘ldiring.