Joanna Kol, Filip Kol

Ahmoqlar arzandasi

Hikoya


 

K

atta ahmoq va kichik ahmoq birga yashashardi. Ba’zi paytlarda ular turli xil tentakona ishlarga aralashib qolishardi. Chunki ular anchagina ahmoq edilar-da!

Kunlardan bir kun katta ahmoq bilan kichik ahmoq hovlida ishlashayotib, sayr qilib yurgan suv toshbaqasiga ko’zlari tushib qolishdi.
— Buni qara, qanday yoqimtoy jonzot ekan-a! – dedi kichkina ahmoq hayratlanib. – Nima oʻzi bu?
— Bilmayman, - dedi katta ahmoq.
— Kel, biz uni arzanda qilib asrab olamiz, - dedi kichik ahmoq.
— Biz ilgari hech qanday jonzot asrab olmaganmiz-ku, - dedi katta ahmoq, - buni uddalay olarmikanmiz?
— Biz unga qanday gʻamhoʻrlik qilishni kitobdan oʻqiymiz, oʻrganamiz, - deya bilagʻonlik qildi kichik ahmoq.
— Shunday qilib, ikki ahmoq toshbaqani ushlashib, kutubxonaga yoʻl olishdi.
— Xonaki hayvonlarni parvarish qilishga oid biror bir kitobingiz bormi, - deb soʻradi katta ahmoq kutubxona xodimidan.

Kutubxonachi ahmoqlarga uy hayvonlari to’g’risidagi kitoblar joylashgan javonni ko’rsatdi.  Katta ahmoq kitoblardan birni olib ko’z yugurtirdi. «Itlar – bizning do’stimiz « deb nomlanardi bu kitob.
«Itlarning toʻrtta oyogʻi boʻladi», - deya kitobni oʻqiy boshladi, - katta ahmoq.
— Bir, ikki, uch, toʻrt, - deya sanadi kichik ahmoq. Bizning arzandamizing ham toʻrtta oyogʻi bor ekan. Demak, u - it!
— «Itlarning oʻz dumlarini silkitishlari ularning baxtiyorligini ifodalaydi», – deb oʻqidi katta ahmoq yana.
— Bizning itimizning ham dumi bor , biroq u hozir dumini likillatmayapti. U xafa boʻlsa kerak, - dedi kichik ahmoq.

Katta ahmoq oʻqishda davom etdi:
— «Itlarda kemirish uchun ilikli suyak, taqish uchun boʻyinbogʻ boʻlishi kerak».
— Itimizning bunchalar gʻamgin ekanligining boisini topdim, - deya qichqirib yubordi kichik ahmoq, axir bizning itimizda bu narsalar yoʻq-da! Shunday ekan, u qanaqasiga xursand boʻlsin!
— Kel, bu narsalarni unga biz topib beramiz, dedi katta ahmoq kichigiga.
— Boʻpti, ketdik, - rozi boʻldi kichik ahmoq.
— Biroq yon atrofda «itlari»ning dumini likillatishi uchun xursand qiluvchi na bir suyak va na bir boʻyinbogʻ bor edi. Ahmoqlar tashvish tortib qolishdi, chunki ularning arzandalari xursand emas edi-da! Ular nima qilishlarini bilmay hovlida timirskilanib yurishardi.
 Ular hovlidagi hovuzcha yonidan o’tishayotganda to’satdan «it»lari  qo’llaridan sapchib, hovuzchaga  tushib ketib qoldi. Toshbaqa suvda suzib borar ekan, suvda uning yoyilgan dumi va oyoqlari yaqqol ko’zga tashlanar edi.

Qara, uning dumiga qara! – deya qichqiribdi katta ahmoq. Demak, u suvda suzganida ham xursand boʻlar ekan-da!
— U suv iti boʻlsa kerak, - dedi kichik ahmoq, - shuning uchun suvga tushganidan xursand.

Shunday qilib, ikki ahmoq «it»larini kunora choʻmiltirishadigan boʻlishdi. Havo iliq kunlari hovlidagi hovuzchada, sovuq va yomgʻirli kunlarda esa uy ichida – uy hammomida choʻmiltirishardi.
— Qara, biz bu xususda koʻp ishni oʻrganib , uddalay oldik-a? – deb qoldi bir kuni katta ahmoq kichik ahmoqqa gʻururlangancha.
— Albatta. Kitoblar bizga hamma ishni ham oʻrgatavermas ekan. Hayotda koʻp narsani oʻzimiz topishimiz kerak ekan, - deya oʻz tajribasidan iftixor tuygʻusini tuyib, boshini viqor-la koʻtarib javob berdi, - kichik ahmoq.

Ikki ahmoq ogʻir tin olishdi…

 


Bizni kuzating:

Fikr qoldirish

Email manzilingiz sir tutiladi. * Barcha maydonlarni to‘ldiring.