Paulo Koelyo

Alkimyogar

Aziz Said tarjimasi. Parcha


 

T

ong olam bozoriga allaqachon zebu ziynatlarini yoygan, savdo qilish uchun chiqqan do‘kondor – quyosh o‘z o‘rnida edi, Santyago suruvini uning istiqboli tomon boshladi.

«Qo‘ylarga maza-da, - deb o‘yladi u, – biror narsa haqida bosh qotirishlarining hojati yo‘q. Balki shuning uchun menga intilishar, mening atrofimda g‘uj bo‘lib yurishar».

Umuman, ularga hech narsaning keragiyam yo‘q – oyoqlari ostida o‘t-o‘lan bo‘lsa, ichgani suv bo‘lsa kifoya, Santyago toki Andalusiyaning sara yaylovlarini bilar ekan, qo‘ylar uning qadrdon do‘sti bo‘lib qolaveradilar. Kunlari bir zaylda kechaversa ham mayli, tongdan shomgacha bo‘lgan fursatning o‘tishi mangulikday cho‘zilsa ham mayli, qisqagnna umrlari davomida birorta kitob o‘qimagan bo‘lsalar ham mayli, dunyo g‘amu shodliklarini bir-birlariga hikoya qiladigan odamzod tilini bilmasalar ham mayli – suv va o‘t-o‘lan yetarli ekan, ular o‘zlarini baxtiyor his qilaveradilar. Buning evaziga esa o‘z yunglarini, o‘z do‘stliklarini, vaqti-vaqti bilan o‘z go‘shtlarini odamzodga tuhfa etaveradilar.

Mabodo men yovvoyi hayvonga aylanib qo‘ylarni birma-bir bo‘g‘izlay boshlaganimda ham, suruv qariyb qirilib bitgandagina ular nima gap bo‘layotganini anglashlari mumkin, xolos, - deb o‘yladi Santyago. – Qo‘ylarni yegulik topiladigan joylarga boshlab bora olganim tufayli va faqat ana shuning uchun, ular o‘z savqi tabiiylari – sezgilaridan ham ko‘ra menga ko‘proq ishonadilar».

Miyasiga «tashrif buyurayotgan» bunday fikrlardan Santyagoning o‘zi ham hayratda edi. Balki bu kech tunab qolgai joyi – mehrobida tutanjir chirmoviqlari o‘sib yotgan cherkov balo-qazolar makonidir. Avvaliga, ilgari ko‘rgan tushini qayta ko‘rdi, endi esa o‘zining sodiq hamrohlaridan achchiqlanyapti. U kechadan qolgan sharobdan ho‘pladi va kamzuliga yaxshiroq o‘ranib oldi. Bor-yo‘g‘i bir necha soatdan so‘ng quyosh tikkaga kelib shunaqangi jazirama boshlanadiki, qo‘ylarni taqir yaylovdan haydab o‘tish ham amri mahol bo‘lib qoladi, Santyago buni yaxshi bilardi. Hozir butun Ispaniya uyquda. Jazirama kechga tomon hovuridan tushadi, ungacha zil-zambil kamzulni egnida ko‘tarib yurishi lozim. Nimayam qilardi: tong izg‘irinidan ham uni ana shu kamzul asraydi.

«Yaxshisi, ob-havoning kutilmagan sovg‘alariga tayyor turganim ma’qul», - deb o‘yladi Santyago issiq va og‘irgina kamzuliga minnatdorlik tuyg‘usi bilan. Umuman olganda, kamzul ham o‘z qismatiga bitilgan vazifani bajaradi, Santyago ham. Santyagoning qismati – dunyo kezish, mana, ikki yil davomida Andalusiya tog‘liklari va tekisliklarini kezib, uning hamma shaharu qishloqlarida bo‘ldi. Bu safar Santyago movutchining qiziga qanday qilib oddiy cho‘pon xat-savodli bo‘lganini tushuntirish uchun yo‘lga otlangan.

Xullas, savodxonligining sababi shunda ediki, u o‘n olti yoshgacha seminariyada o‘qidi.

Santyagoning ota-onasi uning ruhoniy bo‘lishini orzu qilishardi, bu – oddiy qishloq oilasi uchun faxr edi. Ota-onasi xuddi qo‘ylarga o‘xshab faqat yegulik topish ilinjida og‘ir mehnat qilishardi.

Santyago seminariyada lotin, ispan tillari va ilohiyotdan saboq oldi. Ammo uni bolaligidanok tinch qo‘ymagan – dunyoni bilishga qiziqishi, Xudoni va odamzod qavmining gunohlarini o‘rganishga bo‘lgan intilishlaridan ustun chiqdi. Va bir kuni ota-onasini ko‘rishga kelganda ruhoniy bo‘lishga mayli yo‘qligini aytishga jur’at qildi. Santyago sayohat qilishni xohlardi.

Otasi bu gapni eshitib:

– O‘g‘lim, - dedi, – bizning qishlog‘imizga kimlar kelib ketmagan. Bu yerga butun dunyodan odamlar nimadir yangi narsa topaman deb kelishadi, lekin azaldan qanday yaratilgan bo‘lsalar shundayliklaricha qaytib ketadilar. Ular qadimiy qasrni ko‘rish uchun toqqa ko‘tariladilar va o‘tmish bugundan ko‘ra afzalroq ekanligiga shohid bo‘ladilar. Ular sariq sochli yoki qora tanli bo‘lsalar ham. qishlog‘imizdagilardan hech bir farqlari yo‘q.

– Lekin men ularning yurtida qanaqa qasrlar borligini bilmayman-ku, - deb e’tiroz bildirdi Santyago.

– U odamlar bizning yerlarimizni, bizning ayollarimizni ko‘rishgach, shu joyda umrbod qolishni xohlashlarini aytishadi, - deb davom etdi otasi.

– Men esa boshqa yerlarni, boshqa ayollarni ko‘rishni xohlayman. Ular shunday degani bilan hech qachon qishlog‘imizda qolib ketishmaydi-ku.

– Sayohat uchun katta pul kerak. Bizning qavmimizdan esa faqat cho‘ponlargina uyda o‘tirishmaydi, xolos.

– Na iloj, unda cho‘pon bo‘laman, - dedi Santyago.

Otasi hech narsa deb javob qilmadi. Ertalab Santyagoning qo‘liga bir hamyon tutqazdi, unda uchta eski tilla tanga bor edi.

– Bir kuni daladan topib olgandim. Osmondan tushgan deb hisoblayver. Bunga bir suruv qo‘y sotib ol-da, toki bizning qasrimiz dunyodagi qasrlarning eng asosiysi ekanligini va bizning ayollarimizdan go‘zalroq ayollar hech qayerda yo‘qligini anglaguningcha olamni kezaver.

Otasi fotiha berarkan, Santyago uning ko‘zlariga qarab bir narsani anglab yetdi – yoshi o‘tib qolganiga qaramasdan dunyo kezish ishtiyoqi otasini ham beqiyos bir kuch bilan o‘ziga tortib turardi. Bu ishtiyoqi o‘troq hayotning ne’matlari bo‘lmish boshpana-yu qorin to‘qligi kabi yupanchlar bilan yengishga qanchalar harakat qilmasin, nigohlarida qachonlardir yoqilgan, ammo o‘chmaydigan olov yanglig‘ yashayotgan edi.

 


Bizni kuzating:

Fikr qoldirish

Email manzilingiz sir tutiladi. * Barcha maydonlarni to‘ldiring.