Mark Tven

Antiqa qurbaqa

Hikoya


 

J

im Smiley garov oʻynashni juda yoqtirardi. It urishtirsa ham, xoʻroz urishtirsa ham darrov garov bogʻlaydi. Devorda ikkita qush koʻrsa ham: «Qaysi biri oldin uchib ketadi?», deb garovlashaveradi.

Bir kuni Jim Smiley qurbaqa tutib oldi va: «Men uni qoʻlga oʻrgataman», dedi. Qurbaqasiga Daniel Vebster deb ot ham qoʻydi. U qurbaqasi bilan faxrlanar, uni kichkina qutichada saqlar, goho qoʻshni qishloqlarga qurbaqa poygalariga olib borardi.

Daniel Vebster uquvli chiqib qoldi. Smiley uni uzunlikka sakrashga oʻrgatdi. Vebster barcha qurbaqalardan uzoqqa sakraydigan boʻldi. Biroq Jim Smiley juda sodda odam edi. Kunlarning birida bir ajnabiy quticha ushlagan Smileyni yoʻlda uchratib:
— Qutichangizda nima bor?—deb soʻradi.
— Qurbaqa,— deb javob qildi Smiley. Ajnabiy Danielni qoʻliga oldi, uni aylantirib tomosha qildi, soʻng ohista soʻradi:
— Ayting-chi, u qanday karomat koʻrsata oladi?
—Hm,— dedi Smiley,— yagona karomati shuki, u bu yaqin-atrofdagi istagan qurbaqangizni uzunlikka sakrashda ortda qoldiradi. Garovga qirq dollar tikib aytamanki, u sakrash boʻyicha chempion boʻladi.
— Men bir musofirman,—deya javob berdi yigit,— koʻrib turibsizki, qurbaqam yoʻq. Qurbaqam boʻlganida siz bilan garov bogʻlashardim.
— E, bu juda oson,— dedi Smiley xursand boʻlib.— Qutichamni ushlab turing, hozir men sizga qurbaqa tutib kelaman.

Ajnabiy yigit qutichani oldi, choʻntagidan qirq dol-lar chiqarib, Smileyning dollariga qoʻshdi va oʻtirib kuta boshladi. Smiley koʻzdan yoʻqolgach, Danielni qu-tichadan oldi-da, ogʻzini sochma oʻqqa toʻldirib, yerga qoʻydi. Bu orada Smiley qurbaqa topib keldi.
— Qani,— dedi ajnabiyga,— qurbaqangizni Da-nielning oldiga qoʻying-chi. Oldi oyoqlari manavi chiziqda tursin. Ha, balli. Uchgacha sanayman: bir, ikki, uch. Olgʻa!

Ular qurbaqalarning orqasiga turtishdi. Yangi tutilgan qurbaqa chiroyli sakradi. Daniel esa faqat yelkasini uchirib qoʻydi, xolos. Ajnabiy yigit pulni olib juftakni rostladi. Smiley xayron edi: «Nega qurbaqam sakramadi-a?» U Danielni boʻynidan ushlab koʻtardiyu qichqirib yubordi:
— Uh, namuncha ogʻir boʻlmasa bu?..

Danielning oyogʻini osmondan qilgandi, ogʻzidan bir hovuch sochma oʻq tushdi. Buni koʻrib Smiley hamma gapga tushundi. Qurbaqani itqitib, yigitning ketidan chopdi. Biroq uning qorasi ham koʻrinmasdi.

 


Bizni kuzating:

Fikr qoldirish

Email manzilingiz sir tutiladi. * Barcha maydonlarni to‘ldiring.