Odil Yoqubov

Aptartet

Etyud


 

Toʻgʻri aytasiz, xudo hazilga tushunmaydigan toʻporilardan saqlasin, uka. Men ham bir safar shunaqa toʻporiga yoʻliqib qolib, onamni Uchqoʻrgʻonda koʻrayozganman!

Xoʻjalikda brigadirman. Bir payt: «Oʻrtoq Miltiqboev degan yangi ijroqoʻm keldilar, hamma raislaru brigadirlar bilan shaxsan tanishmoqchilar» — degan xabar eshitdik.

Bordik. Ijroqoʻmning katta zali odamga toʻlgan. Xudo Miltiqboevga gap desa gap, salobat desa salobatdan bergan ekan, yigʻilishni oʻzlari ochib, oʻzlari sayrab ketdilar.

Ish koʻp, sulayib yurgan chogʻlarimiz, koʻzim ilinib ketgan ekan, bir mahal oʻrtoq Miltiqboev nomimni aytib chaqirganlari qulogʻimga kirganday boʻldi. Sapchib turib:
— Shoʻttamiz, oʻrtoq Toʻpponchaev! — deb yuboribman.

«Gurr» kulgi koʻtarildiyu, yana suv sepganday jim boʻldi-qoldi. Qarasam, oʻrtoq Miltiqboev, rangi devor, qoqqan qoziqday qotib qolibdilar.

Darhol hamma gapga tushunib:
— Avf etasiz, oʻrtoq... Miltiqboev, bilmay qolibman, — dedim.

Gapimga tushunsalar-chi! «Hali sen ijroqoʻm raisining aptartetini toʻkmoqchimisan?» deb stolni doʻpposlab qoldilar... E, qoʻying oʻrtoq Miltiqboev, bir ogʻiz soʻzga yopishmang, deyman. Toʻpponchaev desam nima boʻpti, toʻpponcha miltiqdan yomon boʻptimi, deyman.. Qaytaga miltiqdan toʻpponcha yaxshi emasmi, soʻloqmonday qilib koʻtarib yurmaysiz, choʻntagingizga solib qoʻyasizu kerak paytda olib paqillataverasiz, deyman. Yoʻq, qoʻymaydilar, battar avjiga chiqib nuqul «Aptartet»dan oladilar!.. Axiyri brigadirlikni topshirib zoʻrgʻa qutuldim. Menga nima? Brigadir boʻlsam ham qiladigan ishim shu, ketmonchi boʻlsam ham. Qaytaga u kishiga qiyin boʻldi. Nega desangiz, oʻsha gapdan keyin «Toʻpponchaev» u yoqda qolib, laqablari «Aptortet» boʻlib ketdi.

 


Bizni kuzating:

Fikr qoldirish

Email manzilingiz sir tutiladi. * Barcha maydonlarni to‘ldiring.