Aziz Nesin

Ayiqning tashakkuri

Hikoya


 

 

 

Tavr togʻi tomonlarda bir dehqon oʻrmonga borib, katta bir daraxtni agʻdaribdi-da, oʻtin tayyorlashga kirishib ketibdi. Shu orada qayerdandir ayiq paydo bo’lib, uning qarshisiga kelib oʻtiribdi-da, harakatlarini zimdan kuzata boshlabdi. U taraflarda nima koʻp, ayiq koʻp. Lekin odamga hujum qilmaydi. Shuni bilgani uchun oʻtinchi dehqon bemalol ishini qilaveribdi.

Bir mahal u toʻnkani yormoqchi bo’lib, pona tiqibdi-da, qoʻlidagi boltaning orqasi bilan uraveribdi. Keyin tushlik qilib olish uchun bir chekkaga borib oʻtiribdi. Uning ketganini koʻrgan ayiq toʻnkaning oldiga kelib, yosh boladay ponani oʻynay boshlabdi. Ponani joyidan qoʻzgʻatmoqchi boʻlib uyoqqa tortqilabdi, buyoqqa tortqilabdi, oxiri pona otilib ketib, toʻnkaning yorigʻiga oyogʻi qisilib qolibdi. Ayiq jon achchigʻida boʻkirib yuboribdi. Dehqon yugurib kelib toʻnkaga kattaroq pona tiqibdi, yoriqning ogʻzini kengaytirib, ayiqning oyogʻini sugʻurib olibdi. U boyoqish choʻloqlanganicha oʻkirib-oʻkirib yoʻliga ravona boʻlibdi.

Shu kuni ishi chala qolgan dehqon ertasiga erta bilan oʻsha joyga kelsa, kechagi toʻnkaning ustida mumkatakda asal turganmish. Shunda u kechagi qilgan yaxshiligi uchun ayiq shu asal bilan minnat-dorchilik bildirmoqchi boʻlganini tushunibdi.

 


Bizni kuzating:

Fikr qoldirish

Email manzilingiz sir tutiladi. * Barcha maydonlarni to‘ldiring.