Anvar Obidjon

Ayollar va xayollar

Hajviya


 

 

Ehtiros Kamroq Boʻlsin

–Buncha xilvat ekan bu yer?

– Ha! Bunday xilvat joylar savob ish uchun yaratilmagan!

– Voy, nima qilyapsiz? Qoʻlingizni oling. Erim bilib qolsa...

– Tupurdim oʻsha eringizga. Oshqovoq nima-yu, u nima.

– Hamma erkaklar ham oshqovoq. Faqat, poʻsti har xil.

– Bahomni oshirib yubordingiz. Rahmat! Men ahmoq sizni tushlarimda koʻrib yuribman. Kecha tushimda hatto oʻpib oldim. Mana bunday qilib...

– Boʻldi! Bas! – stolni shapillatib qichqirdi rejissyor. – Repetitsiya tamom!

U grimxona sari borayotgan artist yigitning ortidan xoʻmrayib qarab qoʻygach, «engiltak ayol» rolida oʻynayotgan aktrisaga oʻgrilib, doʻngʻilladi:

– Bugun sal kechiksam kerak. Qizchamizni bogʻchadan olib, toʻgʻri uyga joʻna.

Koʻnikib Ham Ketarsiz

– Oʻzi nima gap? Nega yigʻlayapsiz, singlim?

– Anavi uyatsiz chol...

– Xoʻsh, xoʻsh?

– Manavi yerimni...

– Xullas... tuf, – ogʻzidagi nosni purkab, bamaylixotir gap boshladi chol, – oyimtillaning oʻsha joyini siypaladim. Siypalashga haqqim bor.

– Hm-m, bilasizmi... Sirasini aytganda, bizda odat shunaqa, singlim. Anavi ayollar ham dastlabki paytlarda sizga oʻxshab qimtinib yurishardi. Mana endi, siypalash u yoqda tursin, hatto, kiyimingni yech desangiz ham... Qisqasi, sharoitga tezroq koʻnikishga urining...

Direktorning bu gapidan keyin, goʻsht kombinatining tashmachilikka qarshi kurashuvchi qorovuli tantanavor qiyofada soqol silab qoʻydi.

1978



 


Bizni kuzating:

Fikr qoldirish

Email manzilingiz sir tutiladi. * Barcha maydonlarni to‘ldiring.