Farid Usmon

Sababi - tirikchilik

hikoya


 

T

o‘dada saf tortib yurish joniga tekkan chumoli oʻzini oqsoqlaganga soldi-da, sekingina chetga chiqdi. Oʻngga burildi, shoh-shabbalar osti bilan sargʻayib toʻkilgan barglarni chetlab doʻmlikka chiqdi. Bu yerdan hov uzoqlar ham kaftdek koʻzga tashlanadi. Unga odam uymalanib yurgan joy qiziqarli tuyuldi. Ha deb uyaga bugʻdoy tashish, somon tashish joniga tekkani uchun bir oz dam olish bahonasida faoliyatini oʻzgartirmoqchi boʻldi. Shuning uchun boshidagi bahmal doʻppisini olib avval qashindi. Keyin fikrini jamlashga tushdi. Nima qilsin. Borsinmi? U yoqlarda nima bor ekan?!

Ishqilib omadi yurishib ketsa yaxshi. Kattaroq oʻljaga ega boʻladi. Yoʻqsa quruq qaytsa... safdoshlari oldida uyalib qolishi hech gap emas.

U endi kattayayotgan qornini qoʻlini yaktagi tagidan tiqib qashladi. Yapoldosh yuzlaridagi xotirjamlik oʻrnini xushyorlikka oʻxshash bir koʻrinish egalladi. U yaktagi ichidan qoʻlini qorniga shappatilab urdi. «Tavakkal. Ajabmas yirikroq bir narsa ilashsa. Boshligʻi oldida yuzi yorugʻ boʻlardi».

Chumoli qaytishi uchun belgilarni aniqlab oldinga qarab gʻimirlab ketdi. Inson oʻtirgan dasturxon oldiga yetib keldi. U dasturxonga chiqdi. Non ushoqlari pishgan kartoshka maydalari, gʻajib tashlangan suyak, toʻmiq qoldiqlari. Shularning yonida bitta chigitak ari va bitta qovoq ari choʻzilib yotibdi. Ikkalasi ham oʻldirilgan.

Chumoli ari goʻshti toʻyimli ham shifobaxshligini yaxshi bilardi. Shuning uchun «kattarogʻini olay» dedi-da, qovoq arining qizgʻimtir tanasiga yopishdi. U tishlab tortib koʻrdi. Tana qimirlab ham qoʻymadi. Mahkamroq tishladi va orqa oyoqlarini pildiratib yana harakat qildi. Ogʻir edi. Yana urindi. Qani endi oʻrnidan qimirlatib boʻlsa. Oʻlja zil-zambil edi. «Yoʻq, buni sudrab ketish qaerli, oʻrnidan siljitish ham amri maholku».

U bir oz dam olgan boʻldi. Oʻlja yonidan aylanib oʻtib, boshqa tarafidan ham tortib koʻrdi. Boʻlmadi. Haligi aytganimiz bahmal doʻppisini qoʻlga olib terlagan boshini yana qashidi. U oʻzi shunaqa. Biror ishga chora topgisi kelsa boshini qashib qoladi. Shu bilan aqlini jamlab oladi goʻyo. Yaxshisi xayollandi u. Anavi sariq tusligini sudrab koʻradi:

Kattasi boʻlmasa kichigi. Qizgʻishi boʻlmasa sargʻishi. Nima qipti. Yemish boʻlsa boʻldi-da. Yaxshilab omborga joylab oladi. Qish ichi bahorgacha bola-chaqa bilan maishat qilib chiqadi. Bu boshqa ovqatlarga qaraganda ham toʻyimli, ham shifobaxsh. Ana huzuru, mana halovat.

Joni sal orom olgandan keyin yana harakatga tushdi. Gʻimirlab borib endi sariq chigitak ari jasadiga yopishdi. Qovoq ari jasadini tishlab tortganday uni ham tishlab torta boshladi. Jasad qimirlardiyu, ammo oʻrnidan jilmasdi. Nimaga bunday. Qimirlamayaptiyu, jilmayapti.

U aylanib yonboshiga oʻtdi. Qanot tomoni dasturxonga yopishib qolgan edi. «E, ha. Gap bu yerda ekanda. Qanot dasturxonning ipiga ilashib qolibdi-da». Qattiq zarb bilan urilganda ari yonboshi bilan dasturxonga uzala tushgandi. Qanotining toʻrlari qaysi yoʻsinda boʻlsa ham dasturxon iplariga ilashgan. Shuning uchun chumoli harchand urinmasin, ari qimirlardiyu oʻrnidan jilmasdi.

U qanotga yaqin bordi. Ha, manavi tarafi ipning tagiga kirib qolibdi. Manavi joyi ipning tepasiga ilashibdi. Buni teparoq joyidan shart qirqib tashlagani ma’qul.

Chumoli arining yonboshidan qanot ostidan narigi tarafga oʻtib qanotni moʻljalga oldi. Xuddi shu yerdan qirqqani ma’qul. Ish oson koʻchadi.

U ogʻzini ochdi. Ombirnikiga oʻxshash egri, oʻtkir tishlarini ishga soldi. Ish oson koʻchaverdi. Bir zumda dasturxon ipiga ilashib qolgan yer rangiga oʻxshash toʻr qanot qirqildi qoldi. Chumoli darhol iziga qaytib hali tishlagan joyiga ogʻiz soldi. Bir tortgan edi ari jasadi oʻrnidan jildi.

U endi sekin sudray boshladi...

Xuddi shu payt. Xuddi shu daqiqa dasturxon yonida oʻtirgan bola birdan dadasiga murojaat qildi:
— Dada! Dada! Qarang chumoli arini sudrab ketayapti.

Ota hali oʻzi urib dasturxonga yopishtirib qoʻygani ari jasadlariga qaradi. Qovoq ari jasadi oʻrnida turibdi. Chigitak arini esa chumoli sudrab borayapti...

Koʻz oldida kinolarda koʻrgani jang maydoni gavdalandi. Yaradorlarni ortqilab sudragan sanitarlarni esladi. Jang toʻxtaganda oʻlganlarni koʻmganlari koʻz oldidan oʻtdi. «Bu chumoli ham ari jasadini olib borib biror chuqurga koʻmsa-ya», xayollandi u. «Qaerda»- dedi yana oʻziga oʻzi. U oʻljasini uyasiga olib ketadi. Olib borib qirqib qirqib tahlab qoʻyadi. Qishi bilan mazza qilib yeb chiqadi. Sababi tirikchilik... Yashashga boʻlgan majburiyat uning uchun shu... Shunday harakat omili bilan yashaydi u. U oʻlikni koʻmish, yaradorga yordam berish tuygʻusidan mahrum. Qonuniyat shunday. Uning hamma harakatlari shu hukumga boʻysundirilgan.

Birdan oʻgʻli yana «Dada! Dada!,- deb qoldi. – Qarang,shuncha joyga sudrab keldi-ya.

Chumoli bir qanoti qirqilgan ari jasadini endi dasturxonning u burchidan sudrab borardi. Endi uning harakatlari tez, avvalgiga qaraganda shiddatli edi

– Qoʻyaver, - dedi ota bolasining mayin sochli boshini silab.

— Sababi tirikchilik.

PDF

 


Bizni kuzating:

Fikr qoldirish

Email manzilingiz sir tutiladi. * Barcha maydonlarni to‘ldiring.