Ulugʻbek Hamdam

Sabo va Samandar

romandan parcha


 

T

ana bagʻri chok-chokidan soʻkilib uygʻondi. Yana koʻkragida oʻsha tuygʻu, hayotida oʻsha gʻalayon, boshida esa oʻsha isyon bor edi uning. Yana dardiga dunyodagi jamiki malhamlarning kor etmasligini suyak-suyagigacha anglab turardi. Anglaganidan, koʻzlari uyquli boʻlishiga qaramay, qaytib uxlay olmasligini ham bilganidan xobxona eshigini ohista yopib, oshxona tomonga oʻtdi. Musluk murvatini burab, bir piyola muzdek suvni yutoqib-yutoqib ichdi. Zora ichini kuydirib borayotgan olov taftini bir dam boʻlsin, bossa, yuragiga, vujudiga sovush lazzatini baxsh etsa!..

Qayoqda... U uf tortgancha balkonga oʻtdi. Yarim ochiq derazadan bahor hidi shundoq dimogʻiga urildi. Derazani katta qilib ochib yubordi. Endi qushlarning jivir-jiviri qulogʻiga xush keldi. Biroq... biroq bularning hech biri bagʻrini yondirib borayotgan darddan chalgʻita olmas, unga malham oromini bermas, berolmasdi. Umuman, uning hayotida neki sodir boʻlgan va boʻlayotgan esa hamma-hammasi oʻsha... tufayli, oʻsha...ning atrofida aylanayotgandi. Uzoq muddat yuzini koʻklamning yuziga tutgan va koʻzlarini yumgan koʻyi bir baytni yuz martalab takrorladi:

Tushimda koʻrdim seni,

Birga olib ket meni...

Tushimda koʻrdim seni,

Birga olib ket meni...

Tushimda koʻrdim seni,

Birga olib ket meni...

Uh-uh-uh!.. Hatto yozishga ham qiynalasan, kishi. U qoʻshaloq satrni necha yillar, yillar nimasi, necha oʻn yillardan beri takror-takror aytadi. Aytish nimasi, emranadi: «Tushimda koʻrdim seni,»; deydi, soʻng xuddi oʻsha koʻrgan kishisi qarshisida tiz choʻkib turgandek yolboradi: «Birga olib ket meni!..»; Lekin bu faryodu nidolar javobsiz, javobsiz... Ehtimol, javob aynan shu yerda — sukutdadir, muttasil javobsizlikdadir, kim biladi, deysiz...

Shundan keyin oʻsha ikki qoʻshaloq misraning davomi tugʻildi va ushbu emranish, ushbu... bilmadim, nima deb atasa toʻgʻriroq boʻladi, ushbu boʻzlash uning hayotining manifestiga aylandi...

"Tushimda koʻrdim seni,

Birga olib ket, meni..."

Ey afsona ruh — sevgi!

Qismatimni suy endi.

Xudoyimni sogʻindim...

Tushimda koʻrdim seni...

Xayolingga tutildim,

Turmushimni unutdim.

Borar joyim yoʻq endi,

Birga olib ket meni!..

Dunyo dagʻal, qattiqdir,

Sevgan koʻngil ortiqdir.

Nima qilay? — Ayt, gulim,

Sensizlikdir oʻng-soʻlim.

Tushlarimga qochgayman...

Ey afsona ruh — sevgi!

Duo qilgil sen meni!..

Dunyolarim kuysa ham,

Doʻst dushmanim kulsa ham,

Yuragimni tark etma,

Jismim ichra gʻarq etma...

Xudoyimni sogʻindim...

Necha marta unga «bu dunyoda sevgi yoʻq!»; deb aytdilar, iddao qildilar, garov oʻynadilar, dagʻdagʻa qildilar, ustidan kuldilar, oshkora ham pinhona gap qildilar — boʻlmadi. Faylasuflari kelib «Sevgi bu — dunyoni anglash yoʻlidagi ulkan zinapoyaning bitta zinasi»;, desalar, ruhshunoslari shivirlab «Sevgi bu — tiyilgan ehtirosning xayol surishi»; dedilar. Oʻh-hoʻ, bularning aytganlarini sanab adogʻiga yetib boʻlarmidi... Lekin yoʻq, yana yoʻq! Indamay eshitadiyu, boshini sarak-sarak qiladi, biroq bilganidan qolmaydi. Axir qanday qolsin, yurak-bagʻri jizgʻinagi chiqib yonib turgan boʻlsa, kuyib yurgan esa... Ishq, ishq va yana ishq boʻlsa bilgani, his qilgani, oʻylagani, oʻnggi va tushi... Shuning uchun ham u bu dahri dunyoda, bu dagʻal olamda oldingi safdagilardan, birinchilardan boʻlmadi, boʻlolmadi. Esu hushiga na nasihat kirdi, aqlu yodiga na sarvat. Devonai Mashrab boʻldi goʻyo, balki ayni Majnuni davron. Bilmadim, bilmadik... Bilganimiz shuki, u oʻz dardining quli edi. Inchunun, oʻz dardining malhamiga ham ehtiyojmand edi...

 


Bizni kuzating:

Fikr qoldirish

Email manzilingiz sir tutiladi. * Barcha maydonlarni to‘ldiring.