Choi Xi Su

Sajdagohimsiz, otam

hikoya


 

B

irinchi farzandim oʻlik tugʻilgan oʻsha daqiqalardan buyon men uchun hayot ma’nosini yoʻqotdi. Buning ustiga erimning achchiq va alamli yigʻisi yuragimga oʻqdek qadaldi. Oʻgʻlim bir soniya boʻlsa-da, bu olam yorugʻligini koʻrolmasdan, ota-ona mehriga toʻyolmasdan meni tashlab ketdi.

Bolam uchun sotib olgan jajji kiyimchalarga tikilib, koʻzlarimda yosh qalqiydi. Har doim nimalarnidir xayol suradigan, parishonxotir boʻlib qoldim. Ich-ichimdan zil ketib, oxir-oqibat toʻshakka mixlanib qoldim. Kechasi tushlarimga nuqul oʻtgan yili olamdan oʻtgan onam, kechagina ayrilganim farzandim kirib, alaxsirab chiqdim. Koʻzimni ochsam, tepamda erim oʻtiribdi.

-Nima boʻldi?- dedi erim ma’yus nigoh tashlab. Keyin ichimdagini uqdi, shekilli, qoʻshib qoʻydi:

— Koʻp oʻzingni siqaverma.

Razm solib qarasam, otam ham kelibdi. U eshik yaqinidagi qiyshiq stulchada bazoʻr oʻtiribdi. Meni oʻylab, qalban qiynalayotgani, yordam berishga ojizligidan nima qilishni bilmay xayronligi yuzidan sezilib turardi.
— Oʻzingni qoʻlga ol,- dedi u bir nuqtaga tikilgancha. Lekin gap menga tegishli ekanligini sezdim...

Kechga yaqin bosh koʻtara olmaydigan darajada yotib qoldim... Bolam yuklagan qaygʻu meni adoyi tamom qilayozgan edi. Otam qoʻlida allaqanday dori bilan kirib keldi. Rangsizlanib qolgan piyolada iliq suv va dori tutdi:
— Mana shuni ichib ol, bolam.

Oʻlgan farzandimni yuragimga koʻmgan, shuning uchun negadir boʻgʻzimga yigʻi tiqilaverar edi. Jonxolatda dori va piyolani irgʻitib yubordim:

-Ichmayman!!! Ichmayman!!! Ichmayman!!!

Yoshligimdan mening erkaliklarimga koʻnikib qolgan otam indamay qoʻya qolar edi. Bu safar negadir qahrli oʻtkir nigoh bilan qaradi.
— Oʻgʻlingning orqasidan ketmoqchimisan!!!- dedi baqirib. Men otamni bunaqa holatda umuman koʻrmagandim. - Nima men oʻylamayapmanmi oʻgʻlingni... Senga oʻgʻling kerak, bilaman... Lekin sen ham mening farzandimsan. Mengayam sen keraksan, tushundingmi? Sen meni ham oʻyla... Oʻrningga meni qoʻyib koʻr...

Bir soʻz demay oʻzimni otamning bagʻriga otdim. Bolaligimda otam meni koʻtarganda dimogʻimga kuygan yogʻ hidi urilar edi. Hozir ham «qadrdon hid»ni tuydim.
— Meni oʻyla, bolam... Sening qiynalayotganingni koʻrib, tomoshabin boʻlib turolmayman,- bu safar otam yumshadi. - Siqilma. Hali bagʻring bolalarga toʻlib ketadi. Bolalaringga oʻzim buvalik qilaman...

Koʻnglim buzilib ketdi. Otamning yelkasiga bosh qoʻyib, yum-yum yigʻladim.
— Otajon!!!

Shu kundan boshlab, tushlarimda otamning oʻsha qahrli qiyofasi namoyon boʻladigan, meni koʻnglimni koʻtaradigan boʻldi.

 


Bizni kuzating:

Fikr qoldirish

Email manzilingiz sir tutiladi. * Barcha maydonlarni to‘ldiring.