Erkin Vohidov

Muhabbat

She'rlar to‘plamidan parcha, 1981 yil


 

Kamtarlik haqida

Garchi shuncha mag‘rur tursa ham Piyolaga egilar choynak. Shunday ekan, manmanlik nechun, Kibru havo nimaga kerak?

Kamtarin bo‘l, hatto bir qadam O‘tma g‘urur ostonasidan. Piyolani inson shuning-chun O‘par doim peshonasidan.

1956


Asal oyi

Asal oyi qisqagina dam, Bir oygina etadi davom. Bizda esa yillar o‘tsa ham Asal oyi bo‘lmaydi tamom.

Bizning hayot oshiq ahlining Tillarida g‘azal bo‘ladi. Sevgi bilan qurilgan umr So‘ngigacha asal bo‘ladi.

1964


Sevgi

Sevgi shunday navbahorki, U tikandin gul qilur, Toshga jonu til bag‘ishlab, Zog‘ni ham bulbul qilur.

Sevgi shunday dard erurki, Barcha bo‘lg‘ay mubtalo, Mubtaloni neki qilsa Telba bu ko‘ngul qilur.

Sevgi shunday tangridirki, Unga tengdur shoh, gado, Qulni aylab shohu sulton, Shohni bo‘lsa qul qilur.

Sevgi shunday bir olovki, Jonga undan yo‘q omon, Gulxanida o‘rtab-o‘rtab, Bir kun oxir kul qilur.

Sevginingdur hukmi mutlaq, Istasa shaydolarin Chashmi giryonidan ummon, Ohidan dovul qilur.

Sevgiga she’r bitding, Erkin, Besabab ermaski, ishq — Aylagach ko‘ngulni ishg‘ol, She’r ila mashg‘ul qilur.

1968


Do‘st bilan obod uying

Do‘st bilan obod uying, Gar bo‘lsa u vayrona ham, Do‘st qadam qo‘ymas esa, Vayronadir koshona ham.

Intizor har uy qadrdon Dilkusholar bazmiga, Gar oyoq qo‘ysa qabohat Yig‘lagay ostona ham.

Yaxshi do‘stlar davrasida Ochilursan har zamon, Ko‘rkni shoda ichra topgay Marvarid durdona ham.

So‘rma mendan, kim diloro, Do‘stmi yo jonona deb, Do‘st mening ko‘nglimdadir, Jonimdadir jonona ham.

Qochma rostgo‘y do‘stlarning Kohishu ozoridan, Qaddi rost shamning tilidan O‘rtanur parvona ham.

Do‘st qidir, do‘st top jahonda, Do‘st yuz ming bo‘lsa oz, Ko‘p erur bisyor dushman Bo‘lsa u bir dona ham.

Kim senga hamroz emasdir, Bog‘araz deb o‘ylama, Gohi dushmaklik qilurlar Qo‘l siqib do‘stona ham.

Do‘sti sodiq yo‘q ekan deb O‘rtanib kuyma va lek, Mehr uyin keng ochsang Erkin, Do‘st bo‘lur begona ham.

1967


She’r haqida she’r
(Hazil)

She’rim, mana bitding nihoyat, Tunim uyg‘oq o‘tdi qoshingda. Bitding dedim, sevinma faqat, Qancha ish bor hali boshingda.

Hali seni tirnab-tirmashlab, Yuz martalab o‘chirmog‘im bor. Qayta-qayta g‘ijimlab tashlab, Takror-takror ko‘chirmog‘im bor.

Axir bir kun mavsuming yetib, Kirganida g‘o‘za shonaga, Asta sening qo‘lingdan tutib Yetaklayman gazetxonaga.

Ilhom dilga bog‘lagan qanot, Unda-bunda tashlaymiz odim. Bizga aylab «shirin» iltifot, Qarshi olar adabiy xodim.

Seni asta yonimdan olib, Qo‘rqa-pisa tutaman unga. She’rmi, deya u qovoq solib Ko‘zoynagin qo‘yar burunga.

O‘qib chiqar, tortmaga tashlar, O‘z ishini ettirar davom. Endi, she’rim, shu kundan boshlab, Sen meniki emassan tamom.

Hech kim seni she’r demas endi, Hech kim demas qo‘shiq yo g‘azal. Sen kuy, ilhom, shavq emas endi, Bunda sening noming «material»

Urinmagin endi behuda, Uchmoq uchun bog‘lama qanot. Orom olib shirin uyquda Muharrirning tortmasida yot.

Yoz haqida bitilgan bo‘lsang, Shoshma, hali qish kelguncha tur. Baxting kulib yil o‘tgach arang Yarming chiqsa shunga ham shukur.

Hali seni, she’rim, necha bor G‘urbatlarga yetaklar taqdir. Bunda qancha... muxlislaring bor, Hali seni qilurlar tahrir.

O‘zgaradi qancha kaloming, O‘zgaradi qanchalar lavhang. Yozilganda «Tong» bo‘lsa noming, «Oqshom» bo‘lar balki sarlavhang.

So‘ng olamga yoygali qanot, Elni o‘zga qilgali «shaydo» Quyosh yanglig‘ bir kuni — hayhot! — Gazetada bo‘lursan paydo.

O‘z nomimdan taniyman arang, Lol turaman sening qoshingda. Navbat bilan tanqidchi akang Yong‘oq chaqar endi boshingda.

Tahlil aylab tersu o‘ngingdan, Ikkimizni qiladi behol. Xo‘p do‘pposlab tanqid so‘ngida Ijodimga tilaydi kamol.

1961

 


Bizni kuzating:

Bitta fikr

Fikr qoldirish

Email manzilingiz sir tutiladi. * Barcha maydonlarni to‘ldiring.