Orif Tolib

Onam

She'rlar


 

Onam

Mendan olislarda, mendan uzoqda,
Tonglardan yiroqda, kundan yiroqda.
O‘g‘lisiz huvillab qolgan qishloqda
Yo‘limga intizor onam bor mening.

Daryo ko‘ngli nedan yaralgan ekan,
Bunchalar teran u, bunchalar ulkan.
Xafa bo‘lishniyam eplolmaydigan
Sodda va beozor onam bor mening.

Qaniydi, shu baxtga yeta olsaydim,
Shu katta sinovdan o‘ta olsaydim –
Onam koʻnglini shod eta olsaydim,
O‘g‘lidan umidvor onam bor mening.

Balki tushlarida meni ko‘rgandir,
Kelar deb nonga sut izlab yurgandir,
Yo‘l boshida ilhaq kutib turgandir…
Yo‘limga intizor onam bor mening.

2013

* * *

Pushaymon

Sen o‘zganing qo‘lin tutib ketgan kun,
Bo‘g‘zimga tiqilib qolganda ovoz
Bir kun to‘yib-to‘yib afsuslar cheksin,
Kuyib-o‘rtansin deb o‘ylaganim rost.

Ko‘zyoshday yumalab o‘tdi-ku yillar,
Seni olib ketdi yiroq va yiroq.
Kecha seni tuyqus uchratgan palla
Yuragimni tirnab, yayradi firoq.

Qani u ko‘zlari kulib turgan qiz,
Qani u to‘rt fasl yashnagan dunyo?!
Qanday g‘amdan cho‘kding, ey yorug‘ yulduz,
Seni mahzun etdi qanday muammo?!

Shunda to‘yib-to‘yib yedim pushaymon,
Senga dard-alamni tilagan menmi?
Ko‘ksimga musht urib, mast bo‘lib, shodon
Yana muhabbatdan kuylagan menmi?

Chorasiz holimni anglatay qanday,
Bo‘g‘zimga tiqilib qolyapti ovoz.
Guvoh bo‘l! Hech narsa yuz bermaganday
Har qanday alamdan voz kechaman, voz!

Yuragimdan yulib olingan ey gul,
Quyoshday porlasin, kulsin yuzlaring.
Yo‘ling yorug‘ bo‘lsin, mudom baxtli bo‘l,
G‘am ko‘rmasin sira qora ko‘zlaring.

2013

Manba: oriftolib.uz

 


Bizni kuzating:

Fikr qoldirish

Email manzilingiz sir tutiladi. * Barcha maydonlarni to‘ldiring.