5003482

Sohibqiron ham kitobni yuksak darajada ulug‘lagan

Qadimdan boy kutubxonalarga ega bo‘lgan yurtlarda fan va madaniyat rivojlangan, buyuk zotlar yetishib chiqqan. Mahalliy hukmdorlar orasida sulolaviy kutubxonalar tashkil qilish va kitob xazinasini to‘plash an’ana tusini olgan. Ayniqsa, kitob mutolaasi, kitobxonlik va kutubxonachilik ishi rivojida Sohibqiron Amir Temur va temuriy hukmdorlarning ulkan hissasi bor.

Amir Temur Movarounnahrning ko‘plab shaharlarida bo‘lgani kabi o‘z saroyida ham kutubxona tashkil qiladi. Ushbu kutubxona uchun butun mamlakat bo‘ylab mashhur mualliflarning bejirim bezatilgan kitob nusxalari sotib olinadi. Kutubxonada qo‘lyozma ko‘chirish, kitoblarni bezatish ishlarini milliy kitob san’atining mohir ustalari olib borgan. Samarqand shahrida arab, fors, turk, sanskrit, yunon, lotin, arman tilidagi ko‘plab bebaho qo‘lyozmalar Eron, Turkiya, Hindiston, Iroq, Armaniston kabi davlatlardan, Istanbul, Bruss, Isfaxon, Hamadon, Sheroz, Bag‘dod, Basra, Damashq kabi qadimiy madaniyat o‘chog‘i bo‘lgan shaharlardan olib kelinadi.

Sohibqiron Amir Temur kitobxonlikni benihoya sevgan. Buni uning quyidagi fikrida ham ko‘rish mumkin:

“Kitob (bitig) barcha bunyodkorlik, yaratuvchilik va aql-idrokning, ilmu donishning asosidir, hayotni yaratuvchi murabbiydir”.

U yoshlik davrlaridan kitobga mehr qo‘ygandi. Tarixiy manbalarda Temur yoshligida xat-savod chiqarib, o‘z davrining tibbiyot, riyoziyot, falakiyot, me’morchilik va tarix ilmlarini puxta o‘rgangani aytiladi, u bilan suhbatlashish sharafiga muyassar bo‘lgan arab faylasufi Ibn Xaldun Amir Temur turk, arab, fors xalqlari tarixi, diniy, dunyoviy va falsafiy bilimlarning murakkab jihatlarigacha yaxshi o‘zlashtirganini ta’kidlaydi.

Amir Temur Movarounnahrga o‘zga yurtlardan hunarmandlar, olimlar, ilm-ma’rifat allomalari, san’atkor, muhandislarni jalb qilib, ulardan o‘z marhamatini ayamadi. Natijada Samarqand va Hirotda ko‘plab madrasa, kutubxona, rasadxonalar qurildi. Tibbiyot, handasa, riyoziyot, falakiyot, jo‘g‘rofiya, tarix, adabiyot, falsafaga oid betakror asarlar yaratildi. Tarixchi Ibn Arabshoh yozganidek, “Temur olimlarga mehribon, sayyidu shariflarni o‘ziga yaqin tutar edi. Ulamo va fuzaloga to‘la izzat-hurmat ko‘rsatib, ularni har qanday odamdan tamom muqaddam ko‘rardi. Ularning har birini o‘z martabasiga qo‘yib, izzatu ikromini unga izhor qilardi”.

Shuningdek, Temurning ko‘plab sohalar ravnaqiga yuksak e’tibor bergani haqida fransuz olimi Lyangle shunday yozadi: “Temur olimlarga seriltifot edi. Bilimdonligi bilan bir qatorda sofdilligini ko‘rgan kishilarga ishonch bildirardi. U tarixchilar, faylasuflar, shuningdek, ilm-fan, idora va boshqa ishlarda iste’dodli bo‘lgan barcha kishilar bilan suhbatlashish uchun ko‘pincha taxtdan tushib, ularning yoniga kelardi. Chunki Temur bu sohalarga g‘amxo‘rlik qilishga asosiy e’tiborini berardi”.

Navoiy ta’rifi bilan aytganda esa, u nafaqat buyuk bunyodkor, buyuk hukmdor, balki ilm-fan homiysi, jahon tarixi va adabiyotini mukammal bilgan ulug‘ shaxs edi.

Shu tariqa, Amir Temur o‘z saroyida ulkan kutubxona yaratib, u yerga jahonning turli joylaridan noyob bitiklar, bebaho qo‘lyozmalar va nodir kitoblarni to‘playdi. E’tiborlisi, kutubxonadan faqat saroy ahli emas, balki barcha kitobxonlar foydalangan. O‘z navbatida, o‘sha davrda Samarqandda yashab, faoliyat ko‘rsatgan allomalarning asarlari ham bu kutubxonani boyitgan.

Amir Temur devonida mavlono shayx Muhammad ibn xoja Bandkor Termiziy, Yo‘l Qutlug‘, Amir Muhammad Badriddin, Xoja Abdullo Keshiy kabi ajoyib xattotlar ham faoliyat ko‘rsatishgan. Buyuk sarkarda kitoblar xazinasining ayrimlarini safar va yurish vaqtlarida o‘zi bilan birga olib yurgan, ya’ni ko‘chma kutubxona tashkil etgan. U hukmronligi davrida Samarqand shahridan kitob olib chiqishni qat’iy man etgan, chunki kitoblar tengsiz boylik sifatida qo‘riqlangan.

Tarixiy manbalardan ma’lumki, Temur Kesh madrasasida tahsil olgan yillarida ozarbayjon shoiri Mahmud Shabistariy ijodiga mahliyo bo‘lgan. Oradan ko‘p yillar o‘tib, Ozarbayjonni himoya etish uchun qo‘shin tortib borganida, Shabistar qishlog‘idan o‘tayotib, beixtiyor shoirni eslaydi va uning qabri shu yerda xarob ahvolda ekanini bilib, ziyoratga chog‘lanadi. Ulug‘ sarkarda qishloq ahliga boylik taqdim qilib, Mahmud Shabistariy qabri uzra maqbara ko‘tarish va bu yerni ziyoratgohga aylantirish haqida farmon beradi.

Bilamizki, Amir Temur avlodi ichidan olimu fuzalolar yetishib chiqishini orzu qilgan. Shu maqsadda nabiralarining yetuk shaxs bo‘lib kamol topishiga katta ahamiyat bergan. Xususan, Sohibqiron noyob kutubxonasining bo‘lajak egasi, nabirasi Ulug‘bek chuqur bilim olishi uchun Hirotdan Qozizoda Rumiydek yirik falakshunos olimni Samarqandga olib kelgani tarixdan yaxshi ma’lum. Shuningdek, Ulug‘bek bobosining ko‘plab harbiy yurishlarida qatnashadi. Shunday safarlarda ilmga chanqoq yosh shahzoda ko‘chma kutubxonadan foydalangan. Yana “jonli kutubxona” – tarixchilar, shoirlar, olimlar suhbatidan bahra olardi.

Taxminlarga qaraganda, Mirzo Ulug‘bek to‘plagan kitoblar xazinasi Pergam qo‘lyozmalaridan boshlangan, Amir Temur Pergam shahrini bosib olganida qo‘lyozmalarni ham karvon bilan Samarqandga olib kelgan. Uning kutubxonasi nabirasi Ulug‘bek davrida yanada boyib borgan. Ulug‘bek bu kutubxonada soatlab o‘tirib mutolaa qilardi. Bu dargohda Platon, Gippokrat, Ptolemey, Aristotel singari buyuk zotlarning asarlari to‘planib, yaxshi saqlangandi. Shu bilan birga, kutubxonada Muhammad ibn Muso al-Xorazmiyning algebraga doir mashhur risolasi, Abu Rayhon Beruniyning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” va “Astronomiya kaliti” nomli asarlari, Al-Battoniyning astronomik jadvallari, Abu Ali ibn Sinoning “Tib qonunlari” risolasi bo‘lgan.

Shohrux Mirzoning yana bir o‘g‘li Mirzo Boysung‘ur ham zehnli bo‘lib voyaga yetadi, o‘qish va yozishni juda barvaqt o‘rganadi. Ulug‘bek kabi Boysung‘ur ham ma’rifatparvarligi bilan taniladi. U ham Hirotda ulkan kutubxona tashkil etadi. Ta’kidlash joiz, Mirzo Boysung‘ur kutubxonasida o‘z davrining eng oldi naqqosh, xattot va musavvirlari, xususan, Mavlono Shams Boysung‘uriy, olti nav yozuvini mukammal bilgan yetuk xattot Xalil Haraviy kabi ijodkorlar faoliyat yuritishgan. Aynan Xalil Haraviy chizgan Amir Temur surati bizning davrga qadar yetib kelgan.

Nafaqat ilm-fan homiysi, balki mohir ijodkor sifatida dong taratgan Mirzo Boysung‘ur ko‘plab safdoshlari bilan birga Abulqosim Firdavsiy qalamiga mansub “Shohnoma” asarining turli qo‘lyozma nusxalarini to‘plab, ilk bor to‘liq va mukammal nusxada ko‘chirishadi. Bu qo‘lyozma Ja’far Tabriziy tomonidan 1425–1430 yillari ko‘chirilib, musavvirlar uni yigirma surat bilan bezab tasvirlashadi.

Xulosa o‘rnida aytganda, Temur va temuriylar kutubxonalar ma’naviyat va ma’rifat o‘chog‘i bo‘lgani, ular jamiyat hayotining ajralmas qismi ekani va inson zoti har doim kitoblarga intilib yashaganini chuqur anglashgan. Shu bois ham ilm-fan, adabiyot va boshqa san’at turlariga homiylik qilishgan, ularni asrab-avaylab, boyitib borishgan.

FOYDALI: Audio ertaklar yaxshilikka yetaklar

Manba: saviya.uz

Fikr qoldirish

Email manzilingiz sir tutiladi. * Barcha maydonlarni to‘ldiring.