Toshkentda RFID texnologiyalari asosida avtomatlashtirilgan namunaviy kutubxona ochildi

29 oktabr kuni Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Bosh ilmiy-metodik markaz, Ta’lim muassasalarida elektron ta’limni joriy etish markazi, TATU, ELINE Press hamda Rossiyaning IDlogic kompaniyasi bilan hamkorlikda “INFOLIB 2019” axborot-kutubxona haftaligi doirasida tashkil etilgan RFID texnologiyalari asosidagi avtomatlashtirilgan namunaviy kutubxonaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. 

Mazkur tadbirda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi vakillari, Bosh ilmiy-metodik markaz rahbariyati hamda respublikadagi 30 dan ortiq Oliy ta’lim muassasalaridan mutaxassislar ishtirok etdilar.

Foto: bimm.uz

Tadbirda oliy ta’lim muassasalarining ARM rahbarlari va yetakchi mutaxassislari uchun IDlogic kompaniyasi bosh direktori Sergey Nikulin (Rossiya) ishtirokida “Axborot-kutubxona muassasalarini kompleks avtomatlashtirish istiqbollari” mavzusida seminar tashkil qilindi hamda kutubxonalar faoliyatini avtomatlashtirish sohasidagi zamonaviy texnologiyalar, ularning imkoniyat darajalari haqida ma’lumotlar berildi.

Foto: bimm.uz

RFID texnologiyalaridan foydalangan holda kutubxona xizmatlari samaradorligini oshirishning yangi texnik va dasturiy vositalari taqdimotiga bag‘ishlangan mazkur tadbirda kutubxonalarda RFID tizimlarini joriy qilishning quyidagi imkoniyatlariga alohida to‘xtalib o‘tildi:

  • fondlar bilan ishlashda inson omilining ta’sirini kamaytirish va noto‘g‘ri identifikatsiyalashning oldini olish;
  • kutubxona ishining samaradorligini oshirish va o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish qurilmalarini joriy qilish asosida kutubxona foydalanuvchilariga xizmat ko‘rsatish tezligini oshirish;
  • inventarizatsiya vaqtini qisqartirish;
  • ochiq fondda kitoblar xavfsizligi ta’minlash va ruxsatsiz olib chiqilishining oldini olish;
  • kitob fondining unumli saqlanishini ta’minlash;
  • kutubxonada kitob aylanishini nazorat qilish va o‘z vaqtida statistik hisobotlarni olishni avtomatlashtirish.
Foto: bimm.uz

Tadbir davomida kutubxona mutaxassislari uchun RFID texnologiyalarini yurtimiz kutubxonalarida tadbiq etish maqsadida IDlogic kompaniyasi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani ta’kidlandi.

Kutubxona mutaxassislari idlogic.uz saytiga tashrif buyurib, batafsil ma’lumot olishlari va xarid qilish bilan bog‘liq savollar bilan murojaat qilishlari mumkin.

Fikr qoldirish

Email manzilingiz sir tutiladi. * Barcha maydonlarni to‘ldiring.